Hozirgi kunda baʼzi salafiy daʼvatchilar Jabroil alayhissalomning Rasululloh sollallohu alayhi imon, islom va ehson haqida soʻragani toʻgʻrisidagi hadisni dalil qilib: “Mana shu hadis imonning ziyoda va kam boʻlishiga dalildir. Muhsinning (Allohni koʻrib turgandek ibodat qiluvchi va shu tamoyil asosida hayot kechiruvchi inson) imoni moʻminnikidan (Allohga imon mutlaq keltirgan kishi) ziyoda, moʻminning imoni muslimnikidan (islomni qabul qilgan kishi) ziyodadir. Aksini aytganda, muslimning imoni moʻminnikidan past, moʻminning imoni muhsinnikidan pastdir. Har qanday muhsin moʻmin va muslim boʻladi. Lekin har qanday moʻmin va muslim muhsin boʻlmaydi. Oyat va hadislar ochiq dalilki, imon martabalarga boʻlinadi. Yaʼni, ziyoda va noqis boʻladi” deb daʼvo qilmoqda.
Yuqorida aytilganidek, imon bandaning tasdigʻidir. Tasdiq esa ziyoda yo kam boʻlmaydi. Bu imonning toatlar bilan ziyoda boʻlmasligiga va gunohlar bilan kamaymasligiga dalolatdir. Chunki tasdiq ikki holatda ham bir xil boʻladi. Yaʼni, toat qilgan moʻmin va gunoh qilgan moʻmin tasdiqda bir-biri bilan teng hisoblanadi. Faqat amallarida farq bor, xolos.
Imon borasida Alloh taoloning
﴿زَادَتْهُمْ إِيمَانًا﴾
“Imonlarini ziyoda qilguvchi”[1] degan soʻzlardagi ziyodalik – imonning misli yangilanishi nuqtayi nazaridandir. Imonning davomiyligi faqatgina shu yoʻl bilan tasavvur qilinadi. Chunki imon arazdir[2]. Araz esa ikki vaqtda davomli ravishda boʻlib qolmaydi. Imonning davomiyligi ham boshqa arazlar kabi misli yangilanib turishi bilan sodir boʻladi.
Yoki oyatdagi ziyodalikdan murod – imonning samarasi, nurining yogʻdusi va solih amallar sababli uning qalblardagi safosi ziyoda boʻlishi nuqtayi nazaridandir. Chunki imonda nur va ziyo bor. Alloh taolo
﴿أَفَمَنْ شَرَحَ اللَّهُ صَدْرَهُ لِلْإِسْلَامِ فَهُوَ عَلَى نُورٍ مِنْ رَبِّهِ﴾
“Alloh koʻksini islomga keng qilib ochib qoʻygan shaxs oʻz Rabbidan keladigan nur uzra emasmi?!”[3] degan. Yaʼni, solih amallar qilgan kishida imonining nuri ziyoda boʻladi.
Abu Hanifa rahimahulloh “Al-Olim val mutaʼallim”da bayon qilganidek, bizning imonimiz farishtalar va paygʻambarlarning imoniga oʻxshaydi. Chunki biz xuddi nabiy va rasullar tasdiq etgani kabi Allohning vahdoniyati (yagonaligi), rububiyati (Rabbimiz ekani) va qudratini tasdiq etganmiz.
Demak, imonning asl mohiyatini teran anglaydigan boʻlsak, u koʻpaymaydi ham, kamaymaydi ham. Chunki imon tasdiqdir. Tasdiq esa barchada barobar boʻladi. Yaʼni, yo “ha”, yo “yoʻq” shaklida. Tasdiq yarimta yo bir yarimta ham boʻlmaydi. Yaʼni, koʻpaymaydi ham, kamaymaydi ham.
Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, adashgan toifalar daʼvo qilganidek, imon martabalarga boʻlinib, ziyoda yoki kam boʻlmaydi. Yaʼni, moʻminning imoni muslimning imonidan ziyoda boʻlmaydi. Muhsinning ham, moʻmin va muslimning ham imoni bir xildir. Adashganlar oyat va hadislarning zohiriga ergashib (yuzaki qabul qilib), asl haqiqatdan yiroqlashib ketgan, xolos. Yaʼni, matnning asl mazmun-mohiyatini tushunmagani, chuqur tahlilga ilmiy salohiyati yetmagani tufayli oʻzining noqis aqli toʻgʻri deb bilgan va nafsiga maʼqul kelgan narsaga mahkam yopishib olgan.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





