Home / FOTO LAVHALAR / Indoneziya haj va umra vaziri – Markaz mehmoni

Indoneziya haj va umra vaziri – Markaz mehmoni

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Indoneziya Respublikasi haj va umra vaziri Muhammad Irfon Yusuf boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.

Tashrif davomida mehmonlar Markaz muzeyi ekspozitsiyalari, manbalar fondi va bu yerda ilmiy-tadqiqot sohasida amalga oshirilayotgan xayrli ishlar bilan yaqindan tanishdi. Muloqot chogʻida ilmiy-maʼrifiy aloqalarni yanada rivojlantirish va manbashunoslik sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Tashrifning eng yorqin va esda qolarli lahzalaridan biri – Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi huzuridagi Xattotlik maktabi rahbari, Musʼhafi sharifni bir necha bor oʻz qoʻli bilan koʻchirgan va dunyo miqyosida tan olingan mohir xattot Habibulloh Solih ishtirokidagi koʻrgazmali suhbat boʻldi. Yuqori martabali mehmonlar ustozning arab yozuvida xattotlik sanʼati boʻyicha mahorat sabogʻi va kitobatning noyob namunalarini yaratish jarayonini katta qiziqish va yashirib boʻlmas hayrat bilan kuzatdi.

Indoneziya delegatsiyasi aʼzolari Markazda islom dini sofligini asrash, allomalarimizning boy maʼnaviy merosini tadqiq etish va keng targʻib qilish borasida olib borilayotgan tizimli ishlarga yuqori baho berdi.

Mehmonlarga Indoneziyaning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Siti Ruhayni Juhayatin xonim hamrohlik qildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Dala tadqiqotlari davom ettirilmoqda

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Yaponiyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda yurtimizdagi tarixiy va …