Toshkent Davlat sharqshunoslik universitetida Qatar Sivilizatsiyalar alyansi qoʻmitasi va Qatar universiteti hamkorligida “Oʻzbekistonda islom madaniy merosi va uning jahon ilm-fanida tutgan oʻrni” mavzuida xalqaro anjuman boʻlib oʻtmoqda.

Forum Oʻzbekiston bilan Qatar oʻrtasidagi ilmiy-madaniy aloqalarni rivojlantirish, yurtimizda shakllangan islom madaniyati va mutafakkirlar ilmiy merosini chuqur oʻrganish va xalqaro miqyosda keng targʻib etish masalalariga bagʻishlab tashkil etildi. Unda xorijdan nufuzli ilm odamlari, oʻzbekistonlik olimlar, professor-oʻqituvchilar, xalqaro ekspertlar ishtirok etmoqda.


Anjumanda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov maʼruza qilib, Yangi Oʻzbekistonda boy maʼnaviy va ilmiy-madaniy merosni tiklash va asrab-avaylash borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarga alohida toʻxtaldi. Xususan, foydalanishga topshirilgan va yirik maʼrifiy maskanga aylangan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati, shuningdek, tubdan qayta barpo etilgan Imom Buxoriy majmuasi va uning atrofidagi zamonaviy infratuzilma haqida atroflicha maʼlumot berdi.

Markaz direktori anjuman ishtirokchilarini mazkur muhtasham majmualar hamda ilmiy-tadqiqotlar uchun yaratilgan yangi imkoniyatlar bilan yaqindan tanishishga, shuningdek, oʻzaro manfaatli qoʻshma loyihalarni amalga oshirishda faol hamkorlik qilishga chaqirdi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





