Millatning oʻzligini anglashi faqat oʻz tarixini bilishdan boshlanmaydi. Aslida, tarixga qanday munosabatda boʻlish millatning buguni va ertasini belgilaydi. Uni chuqur oʻrganish, undagi ilmiy tafakkurni anglash va bu merosni yangi avlod taraqqiyotiga xizmat qiladigan kuchga aylantirish muhim vazifa. Buyuk allomalarimiz maʼnaviy merosi haqida gap ketar ekan, ularni faqat oʻtmishdagi eng ulugʻ nomlar sirasida eslashning oʻzi bilan kifoyalanmasligimiz lozim. Maʼnaviy meros faqat u haqda gapirilgandagina tirik boʻlib qolmaydi. U oʻrganilganda, tadqiq etilganda, tarjima qilinganda, qayta nashr etilganda va yangi avlodning ilmiy izlanishlariga turtki berganda oʻzining haqiqiy kuchini namoyon qiladi.
Shu bois qoʻlyozma merosini oʻrganish masalasi bugungi kunda alohida ahamiyat kasb etmoqda. Chunki hali ilmiy muomalaga toʻliq kiritilmagan, yangi tadqiqotlarini kutayotgan manbalarimiz talaygina. Bu borada Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilning yanvar—avgust oylarida markazimiz fondi 9 ta qoʻlyozma va 42 ta toshbosma kitob, jami 51 ta yangi manba bilan boyitildi. Fondda saqlanayotgan 63 ta qoʻlyozma asarning annotatsiyasi elektron shaklda jamoatchilikka taqdim etildi. Shu bilan birga, 8 ta qoʻlyozma kitob konservatsiya qilinib, 220 varaqli yana bir qoʻlyozma asar restavratsiya qilindi.
Movarounnahrlik buyuk alloma va mutafakkirlar qalamiga mansub 317 ta qoʻlyozma asarning elektron nusxalari ham toʻplandi. Bunda Imom Buxoriy merosi alohida oʻrin tutadi. Joriy yilning sakkiz oyida Imom Buxoriyning «at-Tarixul avsat» asarining ikki jildi hamda «at-Tarixul kabir» asarining yettinchi va sakkizinchi jildlari qatorida jami 6 ta noyob asar oʻzbek tiliga tarjima qilindi. Hadisshunoslik haqida gap ketarkan Imom Termiziyning ilmiy merosi ham oʻziga xos oʻringa ega. Termiz zaminida shakllangan ilmiy muhit, allomaning asarlari va hadis ilmi rivojiga qoʻshgan hissasi bugun yangi tadqiqotlar uchun muhim manba boʻlib xizmat qilmoqda.
Imom Moturidiy merosida esa aql va naql uygʻunligi, eʼtiqod masalalariga ilmiy yondashuv, inson tafakkuriga ishonch kabi gʻoyalar alohida ahamiyatga ega. Uning qarashlari bugun ham diniy tafakkurning moʻtadil va ilmiy asoslarini anglashda muhim manba boʻlib qolmoqda.
Demak, ajdodlar merosini oʻrganish faqat tarix haqida gapirish emas. U bugungi taʼlim, maʼnaviyat, ilmiy tafakkur va yosh avlod tarbiyasi bilan bevosita bogʻliq jarayondir.
Shu nuqtai nazardan, mustaqillik yillarida ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatining kengayishi ham muhim ahamiyatga ega. Ilmiy merosni tizimli oʻrganish, qoʻlyozma manbalarni tadqiq etish, allomalar asarlarini nashrga tayyorlash, xorijiy ilmiy markazlar bilan hamkorlik qilish va yangi tadqiqotchilarni ushbu yoʻnalishga jalb etish uchun yangi ilmiy muhit shakllanmoqda. Buni ilmiy natijalarning oʻzi ham koʻrsatib turibdi.
Ilm yolgʻizlikda ham yaratiladi, ammo u muhokama, bahs va fikrlar almashinuvida yanada rivojlanadi. Shuning uchun ham xalqaro hamkorlik bugungi ilmiy taraqqiyotning muhim shartlaridan biriga aylanmoqda. Bir mamlakat arxivida saqlanayotgan qoʻlyozma boshqa yurtdagi tadqiqotchining izlanishiga javob berishi mumkin. Bir olimning topilmasi boshqa bir olimning yangi ilmiy xulosasiga asos boʻladi.
Joriy yilda bu yoʻnalishda ham muayyan natijalarga erishildi. Markazda 20 ta tashrif, 9 ta davra suhbati, 6 ta uchrashuv, 17 ta ilmiy seminar oʻtkazilib, 3 ta memorandum imzolandi. Xodimlar 19 ta xorijiy konferensiyada ishtirok etib, 8 ta seminar-trening va 8 ta xalqaro safarda qatnashdi.
Eng eʼtiborli jihatlardan biri Buyuk Britaniya, Kanada, Malayziya, Indoneziya, Turkiya va Misrdan 8 nafar tadqiqotchining Imom Buxoriy xalqaro stipendiyasi sovrindorlari sifatida markazda amaliyot oʻtayotganidir.
Bu holat ajdodlarimizning merosi faqat bizning milliy boyligimiz boʻlib qolmayotganini anglatadi. U xalqaro ilmiy muloqotning ham muhim mavzusiga aylanmoqda. Bugun Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi allomalar merosini oʻrganish faqat ular tugʻilib oʻsgan zamin bilan cheklanib qolmaydi. Ushbu meros turli mamlakatlar olimlarini ham bir ilmiy maydonga chorlamoqda.
Bugun bizga faqat ajdodlarimiz bilan faxrlanish emas, ularga munosib avlod boʻlish vazifasi turibdi. Buning uchun koʻp izlanish, dalil qidirish va yangilik yaratish kerak. Eng muhimi, ilmni faqat shaxsiy yutuq emas, jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiladigan qadriyat, deb bilish zarur.
Shu maʼnoda, mustaqillik bizga tariximizni qayta anglash imkonini bergan boʻlsa, bugungi ilmiy izlanishlar ana shu tarixni kelajak bilan bogʻlash vazifasini bajarmoqda. Endi gap merosning qanchaligi haqida emas, undan qanday foydalanayotganimiz haqida bormoqda.
Bugun qoʻlyozmalar oʻrganilmoqda, asarlar tarjima qilinmoqda va nashr etilmoqda, yangi tadqiqotlar amalga oshirilmoqda, ilmiy muloqotlar kengaymoqda, yosh olimlar shakllanmoqda. Eng muhimi, tarixiy meros endi faqat kechaning xotirasi sifatida emas, bugungi ilmiy izlanishlar va ertangi taraqqiyot uchun manba sifatida qaralmoqda.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





