Home / FOTO LAVHALAR / Tafsir, “Magna Gandul” va “Barhayot hadis”

Tafsir, “Magna Gandul” va “Barhayot hadis”

Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya dasturi sovrindorlari – Indoneziyaning Jakarta Qurʼon ilmlari universiteti tadqiqotchilari Ahmad Havoshiy va Shams al-Iyodiy  Markazda olib borgan ilmiy izlanishlari yakuniga doir taqdimot oʻtkazdi.

Dastlab Ahmad Havoshiy “XX asrda Indoneziyada “Sahihul Buxoriy” asarining tafsir kitoblari rivojiga taʼsiri” mavzusidagi tadqiqot natijalarini taqdim etdi.

Maʼruzachi mumtoz va zamonaviy tafsir maktablari oʻrtasidagi metodologik farqlarni tahlil qilib, Imom Buxoriy hadislarining Qurʼon oyatlarini sharhlashdagi oʻrnini atroflicha yoritib berdi. Tadqiqotda Abu Muin Nasafiyning kalom va fiqh ahkomlariga, aniq matniy qoidalarga tayangan anʼanaviy yondashuvi hamda indoneziyalik olim Hamkaning hadis ahkomlaridan ijtimoiy va maʼnaviy xulosalar chiqarishga qaratilgan zamonaviy metodologiyasi qiyoslandi. Til va aqida masalalari, ayollarning ijtimoiy mavqei va borliq hodisalariga oid hadislarning ikki tafsirdagi talqini aniq misollar orqali koʻrsatildi.

Imom Buxoriy hadislari hamma davrlarda ham ijtimoiy va ilmiy islohotlar uchun eng muhim va serqirra manba boʻlib xizmat qilgani taʼkidlandi.

Soʻngra Shams al-Iyodiy “Yava madaniyati kontekstida “Sahihul Buxoriy”ning genealogiyasi tahlili” mavzusida oʻtkazgan tadqiqotlari yuzasidan maʼruza qildi.

Tadqiqotchi Buxorodan boshlangan hadis ilmi va “Sahihul Buxoriy”ning Haramayn (ikki muqaddas masjid) orqali Janubi-Sharqiy Osiyoga, xususan, Indoneziyaning Yava oroliga yoyilishiga doir tarixiy bosqichlarni koʻrsatib berdi. Arabcha matnlarni Yava tilidagi pegon yozuvida satrlararo soʻzma-soʻz tarjima qilish va grammatik ishoralar qoʻyish orqali oʻrgatish usuli – “Magna Gandul” anʼanasining manbashunoslik asoslari atroflicha yoritildi. Tadqiqotda bu anʼana nafaqat oddiy tarjima, balki islomiy bilimlarni mahalliy madaniyatga moslashtirishning noyob pedagogik vositasi ekani, shuningdek, Markaziy Osiyo bilan Indoneziya oʻrtasidagi maʼnaviy va akademik aloqalarning tarixiy ildizlari ilmiy asoslandi.

Shundan soʻng Indoneziyadagi Mataram Davlat islom universitetining Markazda amaliyot boshlagan tadqiqotchisi Lalu Muhammad Fazlurrahmon «Hayot bosqichlari bilan bogʻliq anʼanalar: Lombok oroli va Oʻzbekiston misolida “Barhayot hadis” tadqiqi» nomli xalqaro tadqiqot loyihasi yuzasidan taqdimot oʻtkazdi.

Maʼruzada hadis ilmini shunchaki nazariy manba sifatida emas, balki insonning tugʻilishidan vafotigacha boʻlgan hayot tarzidagi, kundalik urf-odat va marosimlardagi amaliy koʻrinishini etnografik jihatdan oʻrganish metodologiyasi taqdim etildi. Tadqiqotchi Lombok oroli va Oʻzbekiston jamiyatlaridagi oilaviy va ijtimoiy anʼanalarda hadislarni qoʻllashdagi oʻxshash va farqli jihatlarni, shuningdek, postsovet hududida hadis qadriyatlarining tiklanish jarayonlarini qiyosiy tahlil qilish loyihasining ilmiy yangiliklarini bayon qildi.

Tadbir qizgʻin savol-javob va akademik muhokamalar bilan davom etdi. Indoneziyalik olimlar Samarqand shahrida va Markazda olib borgan izlanishlari davomida yaratilgan qulay sharoit va keng imkoniyatlar, taqdim etilgan boy manbalar va koʻrsatilgan samimiy mehmondoʻstlik uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.

Markazda muvaffaqiyatli ilmiy amaliyot oʻtagan xorijlik olimlarga maxsus sertifikatlar topshirildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Ilmiy hamkorlik yangi bosqichga koʻtariladi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov Turkiyaning Marmara universiteti doktori Horun Anayni qabul …