Home / HALOLLIK VA MA'RIFAT / OILA MUSTAHKAMLIGI – JAMIYAT BARQARORLIGI GAROVI

OILA MUSTAHKAMLIGI – JAMIYAT BARQARORLIGI GAROVI

Oʻtgan yilning mos davriga nisbatan nikohlar soni 3 mingtaga kamaygan holda, ajrimlar 1,5 mingtaga koʻpaygan. Bu oʻz navbatida mamlakatda jamiyatning asosiy negizi hisoblangan oila institutiga jiddiy xavf tahdid solayotganidan darak beradi.

Patrik Jozef Byukenen oʻzining “Gʻarbning halokati” asarida Yevropa mamlakatlari aholisi aql bovar qilmas darajada kamayib borayotgani, ularda oʻlim koʻrsatkichi tugʻilishdan koʻra ancha yuqorilab ketgani va bu davlatlarda belanchakdan koʻra tobutga ehtiyojni oshirayotgani haqida bong uradi. Shunday murakkab pallada, tamadduniy va nasroniy qadriyatlardan xalos boʻlgan, hayotga ishtiyoqi butunlay soʻngan, oʻlimni nazar-pisand qilmagan Gʻarb kishisi aysh-ishratdan halovat izlayotganini afsus-nadomat bilan qayd etadi.

Xoʻsh, dunyoning eng rivojlangan mintaqasida bunday ayanchli vaziyat vujudga kelishining sabablari nimada? Yevropa jamiyatining bir necha avlodi uchun jozibali ideal boʻlib kelgan sotsializm gʻoyasi (ijtimoiy adolat, tenglik va ishlab chiqarish vositalariga jamoat (davlat) egaligini yoqlovchi gʻoyalar tizimi)ni shunday sabablardan biri deyish mumkin. Agar har bir odamga davlat nafaqasi kafolatlanadigan boʻlsa, keksayganda oʻziga xos suyanch boʻladigan farzandlarga hojat qoladimi? Yoxud iqtisodiy jihatdan oʻzini erkin his qilishi uchun yetarli miqdorda daromad topayotgan ayol uchun turmush qurish chinakam hayotiy maqsadga aylanishi mumkinmi? Va nihoyat, butun Gʻarbda ommalashganidek, kontraseptiv vositalar yordamida homilador boʻlmasdan jinsiy ehtiyojni qondirish imkoniyati boʻlsa, turmush qurish yoki uylanishga ne hojat?” Bir soʻz bilan aytganda, yevropa sotsialistlari er, xotin va bolalarni oilaviy vazifalar, burch va masʼuliyatdan ozod etib, oila institutiga boʻlgan ijtimoiy ehtiyojni yoʻqqa chiqardi.

Darhaqiqat, mamlakatda nikohlar va oilalar sonining tez surʼatlar bilan kamayib borishi oila qadriyatining yoʻqolishiga, demografik vaziyatning izdan chiqishiga va oxir-oqibat millatning, milliy davlatchilikning halokatiga sabab boʻladi.

Oila haqida gap ketganda, biz bu masalaga faqat bugun paydo boʻlgan muammo sifatida qaramasligimiz kerak. Chunki oila, farzand tarbiyasi, er-xotin munosabati, ota-onaga ehtirom, mehnat va masʼuliyat kabi tushunchalar xalqimiz maʼnaviy hayotida asrlar davomida shakllangan qadriyatlardir. Ayniqsa, Movarounnahrdan yetishib chiqqan buyuk allomalarning ilmiy va maʼnaviy merosida inson tarbiyasi, oilaviy munosabatlar va jamiyat axloqiga daxldor qarashlar salmoqli oʻrin egallaydi.

Imom Buxoriyning hadis ilmiga oid ulkan merosida insonning ota-onaga munosabati, qarindoshlik rishtalarini asrash, yaxshilik qilish, masʼuliyatli va halol yashash kabi fazilatlar alohida qadrlanadi. Bu qarashlar faqat shaxsiy odob masalasi emas. Zero, oilada shakllangan xulq keyin mahallaga, mahalladagi munosabatlar esa butun jamiyat muhitiga koʻchadi. Demak, oila tarbiyasi bilan jamiyat barqarorligi oʻrtasida koʻzga koʻrinmas, ammo juda mustahkam bogʻliqlik bor.

Imom Moturidiy, Imom Termiziy kabi allomalar merosida ham insonning aql-zakovati, axloqiy kamoloti, masʼuliyati va boshqalar bilan ezgu munosabatda boʻlishiga oid muhim qarashlarni koʻrish mumkin. Bu meros bugungi kun uchun ham ahamiyatini yoʻqotmagani bejiz emas. Chunki zamon oʻzgaradi, turmush tarzi yangilanadi, texnologiyalar hayotimizga kirib keladi, ammo farzand tarbiyasi, ota-onaning masʼuliyati va oiladagi oʻzaro hurmat kabi masalalar oʻzining inson hayotidagi ahamiyatini saqlab qolaveradi.

Ana shu nuqtayi nazardan, bugun oila mustahkamligi haqida soʻz yuritar ekanmiz, ajdodlarimiz qoldirgan maʼnaviy merosni zamonaviy hayot bilan bogʻlash muhim. Shu maqsadda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida mahallalar faollari va oqsoqollari bilan oʻtkazilgan davra suhbatlarida ham oila parokandaligiga olib kelayotgan omillar, er-xotinlik va ota-onalik masʼuliyati, farzand tarbiyasi kabi masalalar aynan allomalarimizning maʼnaviy merosi bilan uygʻun holda muhokama qilinmoqda.

Mahalla faollari va ibratli oila boshliqlari chiqishlarida jamiyat meʼyorlari turli omillar taʼsirida oʻzgarishlarga uchrayotganligini taʼkidlab, oʻtgan asrda insonlar kunining koʻp qismini foydali mehnatga, shuningdek, oila va yaqinlari davrasida oʻtkazishga sarflaganini maʼlum qilishyapti. Bugungi kunda ayrim yoshlar asosiy vaqtini ijtimoiy tarmoqlarni kuzatishga, onlayn oʻyinlarga, yengil-yelpi hayot tarziga bagʻishlab, “tezkor baxt”, “hashamatli hayot” toʻgʻrisidagi isteʼmolchilik psixologiyasi ommalashayotgani taʼkidlanmoqda.

Biroq tirik jon boʻlgan inson kundalik tabiiy ehtiyojlarini qondirish uchun halol kasb-hunar bilan shugʻullanib, oila va jamiyat oldidagi burch va masʼuliyatini ado etmogʻi taqozo etiladi. Aks holda yalqovlik, tekinxoʻrlik avj olib, oila va jamiyat tanazzulga yuz tutadi.

Yoshlarda Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga yuksak hurmat, ilmga va kasb-hunar egallashga ishtiyoq uygʻotish ularda yuzaga kelayotgan shunday beqarorliklarni bartaraf etishga xizmat qiladi. Buning uchun jamiyat aʼzolaridan, avvalo, ota-onalar, ustoz-murabbiylar va olimlardan ixlosli ilm, halollik va ezgulikka asoslangan amal, ibratli hayot tarzi talab etiladi.

Baxtiyor TURSUNOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi, falsafa doktori (PhD)
Manba: “Jamiyat” gazetasi 2026-yil 3-sentyabr, №34(1001)

Check Also

QIMORBOZLIKNING OLDINI OLISH CHORALARI

Inson salomatligi, maʼnaviyati va ijtimoiy barqarorligiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi illatlar orasida qimorbozlik alohida oʻrin tutadi. …