Home / MAQOLA / OVOZLARNING QAYSISI HAQIQATNIKI?

OVOZLARNING QAYSISI HAQIQATNIKI?

Bugun axborot olish uchun uzoqqa borish shart emas. Telefonni qoʻlga oldikmi, istagan mavzu boʻyicha yuzlab videolar, minglab fikrlar zumda koʻz oʻngimizda paydo boʻladi. Bu – zamonning ulkan imkoniyati. Biroq har qanday imkoniyat kabi buning ham oʻz masʼuliyati bor. Chunki inson qabul qilayotgan har bir maʼlumot uning dunyoqarashi, fikrlashi va hatto hayotga munosabatiga taʼsir qiladi.

Bu holat ayniqsa din bilan bogʻliq masalalarda yanada muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, eʼtiqod inson qalbidagi eng nozik va eng muqaddas tuygʻulardan biridir. Uni shakllantirishda shoshqaloqlik ham, beparvolik ham yaxshi oqibatlarga olib kelmaydi. Chunki din haqidagi notoʻgʻri tushuncha baʼzan bir insonning emas, oilaning, hatto jamiyatning qarashlariga taʼsir qilishi mumkin.

Keyingi paytlarda islom aqidasini notoʻgʻri talqin qilayotgan, koʻpgina yoshlarni buzuq gʻoyalarga chorlayotgan oqimlarning taʼsiri Markaziy Osiyo mintaqasida ham sezilyapti. Ularning voizlari oʻzini din bilimdoni sifatida koʻrsatib, taʼsirchan nutq, balandparvoz chaqiriq yoki hissiyotga taʼsir qiluvchi iboralar bilan odamlarni oʻziga ergashtirishga harakat qiladi. Bunday holatlarda diniy bilimni endigina oʻrganayotgan yoshlar oʻsha gaplarni haqiqat deb qabul qilishi ehtimoldan xoli emas.

Aslida haqiqat har doim ham baland ovoz bilan aytilmaydi. Ilm oʻzini shov-shuv bilan emas, dalil bilan namoyon etadi. Haqiqiy olim insonni hissiyotga emas, tafakkurga daʼvat qiladi. Hukm chiqarishga shoshilmaydi, balki tushuntiradi, sabr bilan yoʻl koʻrsatadi. Haq taolo: “Ey moʻminlar! Sizlarga biror fosiq kimsa xabar keltirsa, (haqiqiy ahvolni) bilmagan holingizda biror qavmga aziyat yetkazib qoʻyib, (keyin) qilgan ishlaringizga pushaymon boʻlmasligingiz uchun (u xabarni) aniqlab (tekshirib) koʻringiz!”, deb marhamat qilgan. Demak, moʻmin odam bir maʼlumotni eshitsa, oʻqisa, albatta avval uning toʻgʻri manbadan ekaniga ishonch hosil qilishi lozim. Chunki kishi kimdan ilm olsa, dunyoga oʻshaning nigohi bilan qaray boshlaydi.

Bugungi axborot makonida har bir voiz ham ustoz, har bir daʼvat ham haqiqat emas. Buni anglash ayniqsa hozir har qachongidan muhim. Kasal boʻlsak, shifokorning mohirini tanlaymiz. Uy qurdirsak, tajribali usta qidiramiz. Bolamizni maktabga bersak, yaxshi oʻqituvchiga tushishiga harakat qilamiz. Nega endi dunyomiz va oxiratimiz bilan bogʻliq eng nozik masalada birinchi uchragan odamning gapiga ishonib ketaverishimiz kerak ekan?!

Muammo internetning oʻzida emas. Internet – vosita, xolos. U orqali ham buyuk allomalarning asarlarini oʻqish, ham dunyodagi eng nufuzli ulamolarning maʼruzalarini eshitish mumkin. Ayni bu imkoniyatdan buzgʻunchi kuchlar ham foydalanayotganini inkor etib boʻlmaydi. Ular ilm tarqatayotgandek koʻrinadi, aslida esa shubha, adovat va chalkashlik urugʻini sochayotgan boʻladi. Taʼsirchan ovoz, keskin bayonot va hissiyotlar oʻyini ustiga qurilgan “maʼruzalar” bilan odamlarni ergashtirishga urinadi. Holbuki, haqiqiy ilm shov-shuvni emas, dalilni yoqlaydi. Chin olim insonni gʻazabga emas, tafakkurga chaqiradi. Ajratishni emas, tushuntirishni maqsad qiladi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Eshitgan har bir narsasini gapiraverishi kishining yolgʻonchiligiga kifoya qiladi”, dedilar”. Demak, inson bu hayotda eshitgan xabariga koʻr-koʻrona ergashib xulosa chiqarmasdan, balki tafakkur bilan ish koʻrishi lozim ekan. Shuning uchun ham islom tarixida eng buyuk ulamolar avvalo axloqi, ilmga sadoqati va kamtarligi bilan el hurmatini qozongan.

Eng achinarlisi, bunday “maʼruzalar” tufayli ayrimlar ongida islom dini haqida mutlaqo notoʻgʻri tasavvur shakllanadi. Muqaddas dinimiz taraqqiyotga qarshi, boshqalarga murosasiz yoki zoʻravonlikni targʻib qiluvchi taʼlimotdek koʻrsatiladi. Vaholanki, islom azaldan ilm, odob, mehr-oqibat va keng bagʻrli boʻlishga chorlab kelgan.

Qurʼoni karimda: “(Ey moʻminlar!) Ahli kitoblar bilan faqat eng chiroyli uslubda munozara qilingiz” deb marhamat qilinadi. Alloh taolo boshqa din vakillari bilan chiroyli muomala qilishga buyurgan ekan, nafrat, haqorat yoki tajovuzni din nomi bilan oqlashga qanday asos boʻlishi mumkin?

Tarix ham bu haqiqatni tasdiqlaydi. Yurtimiz zaminidan yetishib chiqqan buyuk allomalar hech qachon odamlarni keskinlikka chaqirmagan. Aksincha, ilm bilan jaholatni, hikmat bilan mutaassiblikni yengishga harakat qilgan. Shu bois ham bugun butun musulmon olami Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy kabi allomalarni hurmat bilan tilga oladi. Ular merosida insonni adovatga emas, ilmga, murosasizlikka emas, moʻtadillikka, jaholatga emas, maʼrifatga chorlov ustuvordir.

Taʼsirga eng koʻp tushadigan qatlam, albatta, yoshlardir. Bu – tabiiy. Yoshlik – izlanish, savolga koʻmish va haqiqatni qidirish davri. Yosh insonning oldidan haqiqiy ilm ahli chiqsa, u kamol topadi. Yetarli salohiyatga ega boʻlmagan soxta nusxalar paydo boʻlsa, uning ongida shubha, keskinlik yoki mutlaqo notoʻgʻri tasavvur shakllanishi hech gap emas. Bu esa uni taʼlimdan, mehnatdan, jamiyat hayotidan uzoqlashtiradi.

Oʻzbekistonda vijdon erkinligi va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash davlat siyosatining muhim yoʻnalishlaridan biri sanaladi. Turli millat va konfessiyalar vakillarining tinch-totuv hayot kechirishi, diniy tashkilotlar uchun yaratilgan huquqiy sharoit, yoshlarning sogʻlom dunyo qarashini shakllantirishga qaratilgan keng koʻlamli ishlar ana shu ezgu maqsadga xizmat qilmoqda. Buning zamirida bir ezgu gʻoya mujassam – turli qarashlarga hurmat bilan munosabatda boʻlgan jamiyatda totuvlik mustahkam boʻladi.

Bu borada maʼrifat markazlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari va taʼlim dargohlari zimmasiga ham katta masʼuliyat yuklangan. Yurtimiz zaminidan yetishib chiqqan buyuk allomalarning boy merosini oʻrganish, nashr etish va keng jamoatchilikka yetkazish ishlari faollashgandan faollashayotgani bejiz emas. Chunki bu bebaho asarlar oddiy tarixiy yodgorlik emas, balki bugun ham insonni ezgulikka, moʻtadillikka va sogʻlom fikrlashga yetaklaydigan hayotiy qoʻllanmadir.

Ayniqsa, yoshlar bilan ishlashda bu masala yanada dolzarb ahamiyat kasb etadi. Chunki tabiat vakumni qabul qilishni istamagandek, yoshlar ongi boʻshliqni yoqtirmaydi. Ularga haqiqiy ilm yetkazilmasa, buzgʻunchi kuchlar bu boʻshliqni turli shubhali manbalar bilan toʻldirishga urinadi. Shuning uchun har bir ota-ona, ustoz, imom-xatib va ziyoli oʻzini bu jarayondan chetda hisoblamasligi kerak. Yoshlarning qalbiga maʼrifat urugʻini sochish – kelajak uchun eng katta sarmoya.

Shunday ekan, bugun har birimiz oʻzimizga bir savolni berishimiz kerak: eshitayotgan gapim haqiqat ovozimi? Bu savolga javobni hissiyotdan emas, ilmdan, ishonchli manbalardan va ajdodlarimiz qoldirgan maʼrifat maktabidan izlasak, adashmaymiz. Chunki haqiqat ovozi doim ham eng baland eshitilmasligi mumkin, ammo u hamisha ilm, hikmat va ezgulik ila jarang topadi.

Mashrab XIDIROV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Manba: “Qishloq hayoti” gazetasi 2026-yil 28-avgust, №37(9409)

Check Also

HADISLAR HAM ALLOH TAOLODAN VAHIY EKANIGA QURʼONI KARIMDAN DALILLAR (UCHINCHI QISM)

Alloh subhonahu va taolo marhamat qiladi: «Otalaringiz uylangan xotinlarni nikohingizga olmang! Magar ilgari oʻtgan boʻlsa, …