Home / MAQOLA / HADISLAR HAM ALLOH TAOLODAN VAHIY EKANIGA QURʼONI KARIMDAN DALILLAR (TOʻRTINCHI QISM)

HADISLAR HAM ALLOH TAOLODAN VAHIY EKANIGA QURʼONI KARIMDAN DALILLAR (TOʻRTINCHI QISM)

  1. Alloh taolo bunday buyuradi: «Ey moʻminlar, juma kunidagi namozga chorlansa (yaʼni, azon aytilsa), darhol Allohning zikriga boringlar va oldi-sotdini tark qilinglar! Agar biladigan boʻlsangiz, mana shu (yaʼni, Allohning zikriga – juma namozini oʻqishga shoshilish) oʻzlaringiz uchun yaxshiroqdir. Endi qachon namoz ado qilingach, Yerga tarqalib, Allohning fazlu marhamatidan (rizqu roʻz) istayveringiz. Allohni koʻp zikr qilingizki, shoyad najot topursizlar. (Ey Muhammad!) Ular biron tijoratni yoki oʻyin-kulgini koʻrib qolsalar, oʻshanga qarab sochilib-tarqalib keturlar va sizni (minbarda) tik turgan holingizda tark qilurlar. Ayting: «Alloh huzuridagi narsa (imon va yaxshi amallar uchun beriladigan ajr-mukofot) oʻyin-kulgidan ham, tijoratdan ham yaxshiroqdir! Alloh rizq berguvchilarning yaxshirogʻidir!» [Jumʼa surasi, 9–11-oyatlar].

Alloh taolo moʻminlarga juma namoziga azon aytilganda, savdo-sotiqni bas qilib, namozga shoshilishni buyuryapti. Shundan kelib chiqib, barcha ulamolar imomning qarshisida aytiladigan ikkinchi azondan keyin savdo qilish mumkin emasligiga ijmo qilgan. Shuningdek, namoz tugagach, tarqalib, Allohning fazlu karamidan rizq izlashga ruxsat berildi hamda bu jarayonda ham Parvardigorning zikridan gʻofil boʻlmaslik, najotga erishish uchun Uni koʻp eslash amr etildi.

Soʻngra Alloh taolo sahobalarga ushbu oyat nozil boʻlishidan oldin sodir boʻlgan bir voqea sababli gina qildi. Oʻshanda juma kuni azon aytilganda, namozga shoshilish haqidagi ushbu buyruq hali nozil boʻlmagan edi va ular juma xutbasi paytida kelgan karvon tufayli tijorat ortidan ketib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni minbarda tik turgan hollarida yolgʻiz qoldirgandi. Zero, u paytlarda juma namozi xutbadan oldin oʻqilar edi. Keyinchalik bu hukm oʻzgartirilib (nasx qilinib), xutba namozdan oldinga surilgan.

Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhumo aytadi: «Bir safar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam juma xutbasini oʻqiyotganlarida, Madinaga tijorat karvoni kelib qoldi. Odamlar chiqib ketdi va u zot bilan bor-yoʻgʻi oʻn ikki kishi qoldi. Shunda Alloh taolo «(Ey Muhammad!) Ular biron tijoratni yoki oʻyin-kulgini koʻrib qolsalar, oʻshanga qarab sochilib-tarqalib keturlar va sizni (minbarda) tik turgan holingizda tark qilurlar» degan oyatni nozil qildi» [Imom Buxoriy rivoyati].

Demak, oyatdagi “ular biron tijoratni yoki oʻyin-kulgini koʻrib qolsalar, oʻshanga qarab sochilib-tarqalib keturlar” degan jumla mazkur uch oyat nozil boʻlishidan oldin, juma namozidan keyingi xutba paytida sahobalar tomonidan sodir boʻlgan voqeaning xabaridir. Bundan shunday xulosa chiqadiki, juma namozi «juma kunidagi namozga chorlansa, darhol Allohning zikriga boringlar va oldi-sotdini tark qilinglar!» deb boshlanuvchi ushbu oyatlar nozil boʻlishidan oldin ham shariatda boʻlgan va unga amal qilingan. Vaholanki, Qurʼoni karimda bu oyatdan oldin juma namozining farz qilinganini koʻrsatuvchi boshqa biror oyat mavjud emas. Shunday ekan, juma namozining ibodat oʻlaroq joriy qilinishi faqatgina Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari bilan sobit boʻlgan.

  1. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Sizga esa odamlarga nozil qilgan narsalarni (yaʼni, shariat ahkomlarini) bayon qilib berishingiz uchun va shoyad tafakkur qilsalar, deb bu eslatmani – Qurʼonni nozil qildik» [Nahl surasi, 44-oyat].

Alloh taolo Oʻz Rasuliga Qurʼondagi umumiy va muxtasar hukmlarni batafsil tushuntirish vakolatini topshiryapti. Ana shu ilohiy vakolatga tayanib, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam Qurʼonda umumiy tarzda kelgan barcha ahkomlarni batafsil bayon qilib berganlar. Bu hukmlar ibodat, muomala, nikoh-oila munosabatlari, jinoyatlar, shuningdek, oilaviy, ijtimoiy va xalqaro aloqalarni qamrab olgan.

Masalan, namozni oladigan boʻlsak, uning vaqtlarini aniq belgilagan, rakatlar sonini, oʻqilish tartibini, shart boʻlgan amallar va buzadigan narsalarni ajratib bergan, muqimlik, safar va xavf namozlari oʻrtasidagi farqlarni koʻrsatgan kim edi? Yoki zakotga eʼtibor bering, zakot berilishi farz boʻlgan barcha mol-mulklarning miqdorini, undan qancha ajratilishini kim belgilab bergan? Tuyaning nisobi beshtadan boshlanishi va undan bitta qoʻy berilishi, qoramolniki oʻttiztadan boshlanib, undan bir yashar buzoq berilishi, qoʻy-echkiniki qirqtadan boshlanib, bitta qoʻy ajratilishi, kumush borasida har ikki yuz dirhamdan chorak ushr (ikki yarim foiz), oltin boʻyicha esa har yigirma misqoldan yarim misqol berilishi kabi qoidalarni kim joriy qilgan?

Shuningdek, haj ibodatini biz biladigan bugungi mukammal shaklga kim keltirgan? Hajning ruknlari nimalardan iborat, uni nimalar buzadi, Arafotda turish qachon boshlanib, qachon tugaydi, qaysi holatda qurbonlik vojib boʻladi va hajning uch turi (ifrod, qiron, tamattuʼ) qanday bajariladi – bularni kim tizimlashtirib bergan?

Bunday savollarni roʻza ibodatiga hamda savdo, havola, ijara, sheriklik, kafillik kabi barcha kundalik muomalalarga ham xuddi shunday tatbiq qilish mumkin.

Xoʻsh, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam bularning barchasini oʻz-oʻzlaridan, Allohning vahiysisiz aytdilarmi yo vahiy bilanmi?!

Kimda-kim “bu hukmlarni oʻzlaridan chiqarganlar” deb hisoblasa, u holda Alloh taoloning «Ayting: «Men faqat Rabbimdan vahiy qilinayotgan narsagagina ergashaman» degan amriga hamda u zot haqidagi “Men faqat oʻzimga vahiy qilinayotgan narsagagina ergashaman”, «U oʻz havoyi xohishi bilan soʻzlamas. U faqat (Alloh tomonidan Paygʻambarga) nozil qilinayotgan bir vahiydir» degan qatʼiy soʻzlariga qarshi chiqqan boʻladi. Qolaversa, bunday qarash «Sizga esa odamlarga nozil qilgan narsalarni (yaʼni, shariat ahkomlarini) bayon qilib berishingiz uchun» degan oyat bilan birga kelgan “Soʻngra uni – Qurʼonni bayon qilib berish ham albatta Bizning zimmamizdadir” degan ilohiy vaʼdaga hamda «Agar (Paygʻambar) Bizning nomimizdan (Biz aytmagan) ayrim soʻzlarni toʻqib olganida, albatta, Biz uning oʻng qoʻlidan ushlagan, soʻngra albatta uning shohtomirini uzib tashlagan boʻlur edik» degan qatʼiy ogohlantirishga mutlaqo zid keladi.

Shunday ekan, bu borada yagona toʻgʻri haqiqat qoladi – ushbu batafsil bayon va sharhlarning barchasi faqat va faqat Alloh taolo tomonidan yuborilgan ilohiy vahiy orqali amalga oshirilgandir.

  1. Paygʻambarlarning koʻpligi va Alloh taolo nozil qilgan kitoblarning ozligi – Alloh taolo oʻzi paygʻambarligi va elchiligiga tanlab olgan zotlarga tilovat qilinmaydigan vahiy ham tushirganiga qatʼiy dalildir.

Shunday qilib, Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari Alloh taolodan vahiy ekani qurʼoniy dalillar bilan oʻz isbotini topdi.

Kyeyingi maqolalarda Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari ergashish vojib boʻlgan hujjat ekanini bayon etishga azmu qaror qildik, inshoalloh.

Nurmuhammad MATKARIMOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

QIMORBOZLIK VA UNING AYANCHLI OQIBATLARI

Inson hayotida moddiy ehtiyojlarni halol mehnat, kasb-hunar va tadbirkorlik orqali qondirish muhim ahamiyatga ega. Islom …