Home / FOTO LAVHALAR / Dala tadqiqotlari davom ettirilmoqda

Dala tadqiqotlari davom ettirilmoqda

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Yaponiyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda yurtimizdagi tarixiy va ma’naviy merosni fundamental tadqiq etish borasidagi xalqaro loyihalarni izchil amalga oshirib kelmoqda.

Shu nuqtai nazardan, Markaz va yapon olimlari o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan tadqiqotlarning uzviyligi va bardavomligini ta’minlash maqsadida navbatdagi keng qamrovli dala tadqiqotlari o‘tkazildi.

Ta’kidlash joizki, eslaringda bo‘sa, o‘tgan yili Tokio universiteti dotsenti, tarixshunos olima Yayoi Kavahara Markaz bilan hamkorlikda “Maxdumi A’zam Dahbediy va uning avlodlari: Shajara va silsila” mavzusidagi ilmiy izlanishlarini boshlab, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlaridagi tarixiy manbalarni o‘rgangan edi.

Bu galgi ilmiy ekspedisiya Tokio, Kioto, Tyuo va Toyama universitetlarining nufuzli sharqshunos, kodikolog va tarixchi olimlari – Yayoi Kavahara, Tasuya Nakanishi, Shinmen Yasushi va Savada Minoru ishtirokida, yanada kengaytirilgan tarkibda Samarqand (Samarqand shahri, Dahbed shaharchasi va Urgut tumani) hamda Surxondaryo (Qumqo‘rg‘on va Denov tumanlari) viloyatlari hududida ish olib bordi.

Dala tadqiqotlari jarayonida asosiy e’tibor Maxdumi A’zam va uning sulolaviy tarmoqlariga mansub muqaddas qadamjolar, xonaqohlar va yodgorlik majmualarida saqlanib qolgan epigrafik bitiklar – qabrtoshlardagi antroponimik, xronogrammatik va nasl-nasab silsilasini aks ettiruvchi matnlarni kompleks tahlil qilishga qaratildi. Tadqiqotchilar ushbu qadimgi manbalar yozma asarlarda uchramaydigan tarixiy shaxslarga taalluqli aniq tarixiy sanalar va ularning ijtimoiy maqomini tiklashda bebaho manba ekanini alohida e’tirof etdi.

Samarqand va Surxondaryodagi tarixiy qadamjolarda saqlanayotgan epigrafik yodgorliklarning qiyosiy tahlili Markaziy Osiyo tasavvuf maktablari, xususan, Naqshbandiya tarmoqlarining mintaqaviy rivojlanish geografiyasini qayta tadqiq etish imkonini beradi.

Yaponiyalik olimlar dala tadqiqotlari davomida to‘plangan materiallarni Markaz va xorijiy fondlarda saqlanayotgan vaqfnomalar va tarixiy hujjatlar bilan qiyoslash orqali sulolaviy shajaraning noma’lum bo‘g‘inlarini tiklash lozimligini ta’kidladi. Ularning e’tirof etishicha, bevosita joylarda o‘tkaziladigan bunday tadqiqotlar nafaqat tarixiy shaxslar hayoti va ularning ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, balki O‘zbekistonning boy islom sivilizatsiyasi tarixidagi o‘rnini jahon ilm-fani jamoatchiligiga aniq va asosli manbalar orqali yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Muloqot va izlanishlar yakunida to‘plangan epigrafik, kodikologik va arxiv ma’lumotlari asosida monografik tadqiqotlar, qo‘shma albom-kataloglar tayyorlash va ushbu natijalarni jahon sharqshunoslik fani muomalasiga kiritishga kelishib olindi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

“Mustaqillik – ozod va farovon hayot asosi”

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan shu mavzuda …