Home / FOTO LAVHALAR / Markazi ilmiy xodimining Gruziyadagi tadqiqoti

Markazi ilmiy xodimining Gruziyadagi tadqiqoti

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xorijiy akademik muassasalar bilan ilmiy aloqalarni mustahkamlash va manbashunoslik sohasida tajriba almashish ishlarini izchil davom ettirmoqda. Markaz ilmiy xodimi Iroda Daurbekova bu yo‘nalishdagi faoliyatni yanada takomillashtirish maqsadida xizmat safari bilan Gruziyada bo‘lib, Korneliy Kekelidze nomidagi Gruziya milliy qo‘lyozmalar markazida amaliy tadqiqot o‘tkazdi va fonddagi nodir yozma manbalar bilan tanishdi.

Safar asnosida ilmiy xodimga eronshunos olimalar – doktor Xatuna Bindurashvili va Tamara Abuladze hamrohlik qilib, Markaz fondi, kutubxona faoliyati, qo‘lyozmalarni saqlash va tadqiq etish jarayonlari bilan yaqindan tanishtirdi.

Gruziya milliy qo‘lyozmalar markazi fondida XIII-XIX asrlarga oid noyob arabiy, forsiy va turkiy manbalar saqlanadi. Ular meros tafsir, hadis, fiqh, tibbiyot, astronomiya, mantiq, tilshunoslik va she’riyat kabi turli sohalarga oid asarlardan iborat. Tadqiqot davomida manbashunos olimlar uchun alohida qiymatga ega bo‘lgan Movarounnahr xattotlik maktabiga mansub, xususan, Ashtarxoniylar davrida Samarqand va Buxoroda ko‘chirilgan ko‘plab nodir qo‘lyozmalar aniqlandi.

Ilmiy izlanishlar jarayonida muhim manbalar, jumladan:

– Fondning eng noyob manbalaridan biri hisoblangan, hijriy 666 yilda ko‘chirilgan Muhammad Porso kutubxonasiga oid “Hoshiya ala Sharhil Aqoidil Azududdiyya” asari (ArAC 278);

– Hadis mulkining sultoni Imom Buxoriyning xattot Abdurahmon ibn Muhammad Solih Murod tomonidan ko‘chirilgan “Sahihul Buxoriy” (ArAC 91, 325) hamda hijriy 1053 yilda ko‘chirilgan “Sulosiyotu Buxoriy” (ArAC 92) asarlari;

– Imom Termiziy, Mahmud Zamaxshariy, Ibn Sino kabi buyuk vatandoshlarimiz qalamiga mansub qo‘lyozmalar, shuningdek, Oqqo‘yunlilar davrida yashagan tabrizlik mashhur xattot Abdurahmon Xorazmiy kitobat uslubiga doir noyob manbalar o‘rganildi.

Shuningdek, safar doirasida gruziyalik tadqiqotchilar va soha mutaxassislari bilan muloqotlar o‘tkazilib, kelajakda ikki muassasa o‘rtasida qo‘shma ilmiy anjumanlar, veb-seminarlar va manbashunoslikka oid loyihalarni amalga oshirish yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Shuningdek, I.Daurbekova Gruziya Milliy muzeyi, Tbilisi va uning atrofidagi qadimiy tarixiy-me’moriy obidalar, jumladan, Jvari va Metexi ibodatxonalari, Svetisxoveli majmuasi kabi madaniy meros ob’yektlari bilan ham tanishdi.

Ushbu ilmiy-amaliy safar Movarounnahr allomalarining Gruziya qo‘lyozma fondlarida saqlanayotgan ilmiy merosini yanada chuqur tadqiq etish va sohada xalqaro ilmiy hamkorlik aloqalarini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadigan voqea bo‘ldi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

BUYUK AJDODLARGA MUNOSIBLIK SAODATI

Mustaqillik haqida gap ketganda, xayolga birinchi boʻlib «Mustaqillik — avvalo, huquqdir» degan fikr keladi. Darhaqiqat, …