Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bosh yuriskonsulti Bekzod Karimov O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida bo‘lib o‘tgan “Yuridik xizmat xodimlarining (yuriskonsultlar) malakasini oshirish” o‘quv kursini muvaffaqiyatli yakunladi.

Mazkur manzilli dastur yuridik xizmat faoliyatini zamonaviy talablar darajasida tashkil etish va soha xodimlarining ko‘nikmalarini yanada mustahkamlashga qaratilgan.

O‘quv jarayonida mutaxassislarning xuquqiy bilimlarini oshirish bilan bir qatorda, sohadagi yangilik va islohotlar, xususan, mediatsiya jarayoni va muammoli holatlarni muqobil hal etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Kurs doirasida Institut professor-o‘qituvchilari o‘tkazgan “Mediatorda kasb etikasi va professional javobgarlik masalalari” mavzuidagi amaliy seminar-treninglarda yuridik xizmat xodimlariga huquqiy masalalarni xolis hal etish, muloqotda kasbiy axloq me’yorlariga rioya qilish va ruhiy-psixologik yondashuvlarni amaliyotda qo‘llash bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.

Shuningdek, mashg‘ulotlar davomida muayyan hayotiy voqea-hodisalar tahlil qilinib, yuriskonsultlar professional mas’uliyat va huquqiy xavf-xatarlarning oldini olish bo‘yicha tajriba almashdi.
Olingan zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalar Markaz faoliyatining huquqiy mustahkamlik darajadasini oshirish va barcha jarayonlarning amaldagi qonunchilik talablari asosida yuritilishini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Matbuot xizmati
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





