Mustaqillik haqida gap ketganda, koʻpincha koʻz oldimizga avvalo, 1991-yilning 31-avgusti, yurtimizning oʻz taqdirini oʻzi belgilash huquqiga ega boʻlgani, davlat ramzlarimiz, milliy valyutamiz, oʻz Konstitutsiyamiz kabi tarixiy voqealar keladi. Bu tabiiy. Chunki mustaqillik, eng avvalo xalqning oʻz kelajagini oʻzi belgilash huquqidir.
Ammo mustaqillikning qiymati faqat davlatning siyosiy jihatdan mustaqil boʻlgani bilan oʻlchanmaydi. Uning yana bir, balki undan ham chuqurroq maʼnosi bor: insonning oʻz tarixiga, oʻzligiga, tiliga, diniga, maʼnaviy ildizlariga yangicha nigoh bilan qarash imkoniyati.
Zero oʻzligini anglamagan jamiyatning mustaqilligi ham toʻla maʼnoda qaror topishi qiyin. Inson oʻzining kimligini, qanday tarixning vorisi ekanini, ajdodlari nimalar yaratganini bilmasa, ertangi kunga qanday ishonch bilan qadam qoʻyadi?
Shu maʼnoda, mustaqillik yillarini faqat iqtisodiy, siyosiy yoki ijtimoiy oʻzgarishlar bilan emas, milliy xotira va maʼnaviy tafakkurning qayta uygʻonish jarayoni bilan ham baholash lozim. Bugun ortga nazar tashlasak, bu borada bosib oʻtilgan yoʻl qanchalik katta ekanini anglaymiz.
Mustaqillikning dastlabki yillarida xalqimiz oʻzining koʻp asrlik tarixiga, buyuk ajdodlariga, milliy va diniy qadriyatlariga qaytadan murojaat qila boshladi. Ilgarilari nomi yoki merosi yetarlicha oʻrganilmagan, asarlari keng ommaga yetib bormagan allomalarimiz haqida yangi tadqiqotlar olib borildi. Ularning ilmiy merosi qayta nashr etildi, asarlari oʻrganildi, hayoti va faoliyatiga bagʻishlangan ilmiy anjumanlar tashkil etildi.
Bu bilan oddiy tarixiy xotira tiklanibgina qolmay, millat oʻz maʼnaviy ildizlarini qayta kashf eta boshladi. Chunki Movarounnahrni koʻpincha qadimiy shaharlar, tarixiy obidalar yoki sayyohlik maskanlari deb bilardik, endi esa bu zamin asrlar davomida ilm-fan, tafakkur, maʼrifat va maʼnaviyat markazlaridan biri boʻlib kelganini anglab yetdik. Samarqand, Buxoro, Termiz, Xiva, Shosh, Fargʻona kabi hududlardan yetishib chiqqan allomalar nomlari birgina xalqimiz emas, butun musulmon olami ilmiy xotirasida alohida oʻrin tutishiga bugun isbot talab etilmaydi.
Imom Buxoriyning hadis ilmidagi mavqeyi, Imom Moturidiyning aqida va aql-tafakkur uygʻunligiga asoslangan taʼlimoti, Imom Termiziyning hadisshunoslik rivojiga qoʻshgan hissasi — bularning barchasi bizga yurtning eng katta boyligi uning ilmiy va maʼnaviy xotirasida mujassam ekanini kundek ravshan qilib qoʻydi.
Shuning uchun mustaqillikdan keyin bu merosga munosabatning oʻzgarishi juda muhim ahamiyat kasb etdi. Eng muhimi, bu jarayon faqat oʻtmishni eslash bilan cheklanib qolmayapti. Allomalar qoldirgan merosning bugungi kun uchun ahamiyati, undagi ilmiy tafakkur, maʼnaviy qarashlar va inson kamolotiga oid gʻoyalar yangi nuqtayi nazardan tahlil etilmoqda. Shu tariqa tarixiy meros muzey yoki kitob sahifasida qolib ketmay, zamonaviy ilmiy izlanishlar va maʼrifiy hayotning faol qismiga aylanmoqda.
Bu jarayonning yana bir muhim jihati bor. Merosni oʻrganish — faqat oʻtmishni bilish uchun emas. Ajdodlarimizning ilmga munosabati, bilimni qadrlashi, turli fikrlarga munosabat madaniyati, inson kamolotiga qarashlari bugungi jamiyat uchun ham muhim saboq boʻla oladi.
Masalan, Imom Buxoriy merosi haqida gapirganda, koʻpincha uning hadis ilmidagi buyuk xizmati tilga olinadi. Bu, albatta, toʻgʻri. Lekin bu ulkan meros ortida yana bir muhim fazilat -ilmga nisbatan beqiyos masʼuliyat borligini ham unutmaslik kerak.
Ilmni tekshirish, manbani saralash, haqiqat bilan gumonni ajratish, eshitgan har bir gapni haqiqat deb qabul qilmaslik — bugungi axborot zamonida ham nihoyatda zarur fazilatlar emasmi?
Bugun ijtimoiy tarmoqlarda har kuni minglab xabarlar tarqaladi. Kimdir biror maʼlumotni tekshirmasdan ishonadi, yana kimdir uni boshqalarga tarqatadi. Natijada haqiqat bilan yolgʻon, dalil bilan taxmin bir-biriga aralashib ketadi.
Shunday bir paytda asrlar oldin manbalarga nihoyatda sinchkovlik bilan yondashgan buyuk muhaddisning ilmiy merosi biz uchun faqat tarix emas, axborot madaniyati uchun ham muhim saboqdir.
Mustaqillik bizga ana shu merosga yangi koʻz bilan qarash imkonini berdi. Biroq bu jarayon faqat kitob va ilmiy maqolalar bilan cheklanib qolmadi. Bugun allomalarimiz merosini keng jamoatchilikka yetkazish, yosh avlodga tushunarli tilda taqdim etish, uni zamonaviy taʼlim va texnologiyalar bilan uygʻunlashtirishga ham katta eʼtibor berilmoqda. Bu juda muhim. Chunki tarixni faqat muzeyda saqlab qoʻyish bilan uni tirik merosga aylantirib boʻlmaydi.
Meros yashashi uchun u avloddan avlodga oʻtishi kerak. Buning uchun esa yosh inson Imom Buxoriyning kim boʻlganini bilishi bilan birga, nima uchun u bugun ham butun dunyoda hurmat qilinishini anglashi kerak. Imom Moturidiyning nomi darslikda uchrashi bilan ish bitmaydi. Uning aql, ilm va eʼtiqod oʻrtasidagi uygʻunlik haqidagi qarashlari bugungi yoshlar uchun qanday ahamiyatga ega ekani ham tushuntirilishi lozim. Aynan shu nuqtada mustaqillik yillaridagi maʼnaviy-maʼrifiy islohotlarning mazmuni yanada yaqqol namoyon boʻladi.
Gap faqat oʻtmishni eslashda emas. Gap oʻtmishdagi buyuklikdan bugungi kun uchun kuch olishda. Chunki har qanday millatning kelajagi uning tarixini qanchalik chiroyli gapirib berishida emas, balki oʻsha tarixdan qanday xulosa chiqara olishida koʻrinadi.
Bizning ajdodlarimiz ilmni hurmat qilgan. Kitobni qadrlagan. Ustozga ehtirom koʻrsatgan. Turli ilm sohalarini bir-biridan ajratmagan. Shuning uchun ham bir zamonlar Movarounnahr ilm-fan taraqqiyotining yirik markazlaridan biriga aylangan. Bugun biz uchun eng muhim vazifa ana shu muhitni zamonaviy sharoitda qayta shakllantirishdir.
Mustaqillik yillarida diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan ishlarga ham shu nuqtayi nazardan qarash kerak. Diniy bilimni ilmiy asosda oʻrganish, buyuk allomalar merosini tadqiq etish, qoʻlyozma manbalarni asrab-avaylash, ularni keng jamoatchilikka yetkazish, yoshlarning maʼnaviy savodxonligini oshirish bularning barchasi bir-biri bilan uzviy bogʻliq jarayonlardir.
Ayniqsa, bugungi murakkab axborot muhitida maʼrifatning ahamiyati yanada ortib bormoqda. Chunki bilimsizlik faqat kitob oʻqimaslik emas. Baʼzan bilimsizlik — koʻr-koʻrona ishonish. Manbasini tekshirmaslik. Har bir balandparvoz gapni haqiqat deb qabul qilish. Tarixni bir tomonlama talqin qilish. Dinni ham, milliy qadriyatni ham yuzaki tushunish. Shuning uchun bugun maʼrifat deganda faqat taʼlimni emas, toʻgʻri fikrlash madaniyatini ham tushunish lozim. Mustaqillikning 35 yili bizni ana shu masalada ham ishonchimizni komil qildi: davlat qurish uchun faqat mustahkam qonunlar yoki zamonaviy binolarning oʻzi kifoya emas.
Jamiyatda ilmga hurmat, tarixga toʻgʻri munosabat, maʼnaviy immunitet va ertangi kun uchun masʼuliyat ham boʻlishi kerak.
Shu bois bugun ajdodlar merosiga boʻlgan qiziqishni faqat tarixchilar yoki dinshunoslarning ishi deb qarash toʻgʻri emas. Bu -butun jamiyatning ishi. Chunki tarixini bilgan inson oʻzligini yaxshiroq anglaydi. Oʻzligini anglagan inson esa oʻz qadrini » biladi. Oʻz qadrini bilgan odam oʻz Vatani va uning kelajagiga befarq boʻlmaydi. Mustaqillik yillarida maʼnaviy sohadagi oʻzgarishlarning eng katta ahamiyati ham shunda.
Biz oʻtmishga qaytish uchun emas, oʻtmishdan kuch olib, kelajak sari shaxdam odimlash uchun tariximizni oʻrganyapmiz. Bugun Oʻzbekistonda allomalarimiz merosini tadqiq etish, ular asarlarini nashr qilish, xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish, yosh tadqiqotchilarni qoʻllab-quvvatlash, ilmiy-maʼrifiy markazlar faoliyatini rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar ham ana shu katta maqsadga xizmat qilyapti.
Bu jarayonning mohiyatini bir ogʻiz soʻz bilan ifodalash mumkin: milliy xotiradan milliy tafakkur sari. Zero mustaqillik bizga nafaqat oʻz bayrogʻimiz ostida yashash, balki oʻz tariximizga oʻz koʻzimiz bilan qarash huquqini ham berdi.
Endi navbat — ana shu imkoniyatdan oqilona foydalanishda. Zero ajdodlarimiz bizga tayyor kelajak qoldirmagan. Ular bizga ilmga intilish, haqiqatni izlash, maʼrifatni qadrlash va inson kamolotiga ishonish kabi buyuk merosni qoldirgan. Bu merosni asrash esa faqat oʻtmishga ehtirom emas. Bu kelajak oldidagi masʼuliyatdir.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





