Home / FOTO LAVHALAR / “Mustaqillik – ozod va farovon hayot asosi”

“Mustaqillik – ozod va farovon hayot asosi”

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan shu mavzuda tantanali tadbir oʻtkazildi.

Marosimni Markaz direktori, professor Shovosil Ziyodov kirish soʻzi bilan ochib, mustaqillik xalqimiz uchun ozod va obod hayot, milliy oʻzlikni anglash va oʻz taqdirini oʻzi belgilash imkoniyatini bergan buyuk neʼmat ekanini taʼkidladi.

Qayd etilganidek, oʻtgan yillar davomida mamlakatimiz hayotining barcha sohalarida ulkan oʻzgarishlar va islohotlar amalga oshirildi. Bugungi kunda ilm-fan, taʼlim, maʼnaviyat va madaniyat sohalarida erishilayotgan yutuqlar mustaqillikning xalqimiz hayotidagi beqiyos ahamiyatini yana bir bor namoyon etmoqda.

Tadbirda allomalarning boy ilmiy-maʼnaviy merosini oʻrganish va targʻib qilish uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlarga alohida toʻxtalib oʻtildi. Xususan, Imom Buxoriy merosini chuqur tadqiq etish, uning asarlarini oʻrganish va jahon miqyosida targʻib qilishga qaratilayotgan eʼtibor hamda bu borada Markaz tomonidan amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari haqida soʻz yuritildi. Taʼkidlanganidek, xalqimizning boy maʼnaviy va ilmiy merosi milliy oʻzlikni anglash, yosh avlodni yuksak maʼnaviy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, jamiyatda oʻzaro hurmat, bagʻrikenglik va hamjihatlik muhitini mustahkamlashda muhim omil boʻlib xizmat qilmoqda.

Muloqotlar davomida davlat mustaqilligining xalqimiz hayotidagi tarixiy ahamiyati, bugungi tinch va osoyishta hayotning qadri hamda uni asrab-avaylash har birimizning muqaddas burchimiz ekani alohida qayd etildi. Shu bilan birga, mamlakatimizda ilm-fan va maʼrifatni rivojlantirish, diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar xalqimizning boy maʼnaviy merosini asrab-avaylash va kelgusi avlodlarga yetkazishga xizmat qilayotgani taʼkidlandi.

Tadbir yakunida ishtirokchilarga Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan ezgu tilaklar bildirilib, xodimlarga bayram munosabati bilan kasaba uyushma qoʻmitasi nomidan esdalik sovgʻalari topshirildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Movarounnahr allomalari merosi – yapon tadqiqotchilari eʼtiborida

Oʻzbekiston Mustaqilligining 35 yilligini nishonlash doirasida mamlakatimizda boy tarixiy-maʼnaviy merosni oʻrganish va uni jahon miqyosida …