Home / YANGILIKLAR / BUYUK AJDODLARGA MUNOSIBLIK SAODATI

BUYUK AJDODLARGA MUNOSIBLIK SAODATI

Mustaqillik haqida gap ketganda, xayolga birinchi boʻlib «Mustaqillik — avvalo, huquqdir» degan fikr keladi. Darhaqiqat, har qanday mamlakat uchun oʻz taqdiri, hayoti, istiqbolini oʻzi belgilash imkoni — chinakam baxt! Oʻzbekiston istiqlolga erishganidan keyin oʻz taraqqiyot yoʻlini tanladi. Dunyoda tenglar ichra teng boʻlishga intilmoqda.

Maʼnaviy-maʼrifiy hayotimizni rivojlantirish, milliy gʻururimizni yuksaltirish, ajdodlarimizning boy merosini oʻrganish va targʻib qilish yoʻlida olib borilayotgan ishlar ham mustaqillikning bebaho tuhfasidir.

Binobarin, sobiq ittifoq davrida ulugʻ allomalarimiz xotirasiga hurmat, ularning ulkan ilmiy merosiga eʼtibor qanday boʻlganini koʻpchilik yaxshi eslaydi: aksariyat maqbaralar xaroba, tashlandiq holga tushgani, hatto baʼzilari omborxonaga aylantirilgani achchiq haqiqat. Ochiq tan olish kerak, oʻsha paytlar Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy kabi allomalarni oʻzimizdan koʻra xorijliklar yaxshiroq bilardi.

Istiqlol yillarida, ayniqsa, mamlakatimiz taraqqiyotining yangi davrida bunday xunuk holatga butunlay barham berildi. Oʻzbekistonda daho bobokalonlarning shaʼn-shavkati yana oʻzining haq maqomiga koʻtarildi.

Insoniyat hayoti har qachongidan ham notinch boʻlib turgan bugungi sharoitda zoʻravonlik va xunrezliklarning asosiy sabablaridan biri jaholat ekani kundek ravshan. Shuni inobatga olgan holda, Oʻzbekiston jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish gʻoyasini ilgari surdi va bunda aynan buyuk allomalarimizning ilmiy merosi, ibratli hayoti va hikmatli soʻzlari asosiy tayanch boʻlmoqda. Qisqa vaqtda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Bahouddin Naqshband xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Hadis ilmi maktabi tashkil qilingani, Buxorodagi Mir Arab madrasasiga yangi hayot baxsh etilgani fikrimizning yorqin dalili. Bu muassasalarning barchasi xalqimizning koʻp asrlik ilmiy-maʼnaviy merosini oʻrganish, diniy va dunyoviy jihatdan tadqiq etish, milliy hamda xalqaro miqyosda targʻib qilish bilan birga, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashishga ham hissa qoʻshmoqda.

Oʻzbekiston xalqi islom ilmlari taraqqiyotida gʻoyat salmoqli oʻrin tutgan ajdodlari bilan haqli ravishda faxrlanadi. Imom Buxoriyning shoh asari boʻlmish «Al-Jomeʼ as-Sahih» asrlar davomida musulmon olamida Qurʼoni karimdan keyingi eng ishonchli manba sifatida eʼtirof etib kelinayotganini barchamiz yaxshi bilamiz. Dunyo musulmonlarining aksariyati muqaddas dinimizning aqidasini Imom Moturidiy maktabi, aniqrogʻi, uning «Taʼvilot al-Qurʼon» asari asosida oʻrganadi, islom fiqhi — yurisprudensiyasi hali-hanuz Burhoniddin Margʻinoniyning «Hidoya» asari asosida yuritiladi. Bahouddin Naqshband, Xoja Ahmad Yassaviy, Najmiddin Kubro kabi tariqat ahlining peshvolari jahonda katta hurmat-ehtirom qozongan. Shu maʼnoda, boshqa xalqlar bizga havas qilishi bor gap.

Daho bobokalonlarimiz nomidagi yangi ilm maskanlari odamlarni, ayniqsa, yosh avlodni toʻgʻri yoʻlga solishda muhim oʻrin tutmoqda.  Mazkur ilmiy-tadqiqot muassasalari buyuk muhaddis va mufassirlar, kalom ilmi peshvolarining asarlarini, ularga boshqa nufuzli ulamolar bitgan sharhlarni oʻzbek tiliga izohli tarjima qilib, nashrdan chiqarmoqda. Bu faqat islom ilmlarini emas, balki taʼlim-tarbiyani, shuningdek, vatanparvarlik, insonparvarlik, tinchliksevarlik, bagʻrikenglik, halollik, atrof-muhitga gʻamxoʻrlik kabi his-tuygʻu va fazilatlarni ham keng yoyish hamda rivojlantirishga yoʻl ochmoqda. Negaki, bu noyob meros hayotning hamma jabhalarini qamrab oladigan, shaxsiy kamolotdan fozil jamiyat qurishgacha barcha bosqich va pogʻonalarda dasturilamal boʻladigan bebaho xazinadir.

Birgina Imom Buxoriy va uning asarlari toʻgʻrisida soatlab gapirish mumkin. Shu oʻrinda hadis ilmining yetuk olimi Ibn Hajar Asqaloniyning Imom Buxoriy haqida keltirgan «U sohili yoʻq dengizdir» degan taʼrifini eslash mumkin. Istalgan mamlakatga borib, mahalliy aholining musulmon boʻlgan vakillari bilan muloqotga kirishing va gap orasida bir hadis aytib beringchi! Sizdan darhol «Buni kim rivoyat qilgan?» deb soʻrashadi. «Imom Buxoriydan» desangiz, shu bilan mavzu yopiladi. Siz aytgan rivoyatning sahihligi — haqligiga, toʻgʻriligiga hech kim shubha qilmaydi, hech qanday gumonga oʻrin qolmaydi.

Shunday buyuk allomaning moʻtabar xoki abadiy qoʻnim topgan koʻhna Samarqandda — roʻyi zamin sayqali, Oʻzbekiston durdonasi boʻlgan goʻshada Imom Buxoriy majmuasi foydalanishga topshirildi. Mazkur muhtasham obidani u zotning olamshumul shuhratiga munosib tarzda, muazzam bir shaklda barpo etish xalqimizning azaliy orzusi edi. Bugun bu orzu oʻta goʻzal tarzda roʻyobga chiqqaniga guvoh boʻlib turibmiz.

Imom Buxoriy majmuasi faqat hashamatli bino va inshootlardan iborat maskan emas, balki insonlarning qalbini zabt etadigan, ayniqsa, yoshlarning hayotda adashmasdan, toʻgʻri yoʻlni topishiga xizmat qiladigan ilmiy dargoh, maʼrifat oʻchogʻi, shuning barobarida buyuk muhaddisning ibratli hayoti va serqirra faoliyatini aks ettiruvchi muborak maskandir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev koʻp bor taʼkidlaganidek, biz Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish uchun birinchi va ikkinchi Renessans yutuqlarini kuch-gʻayrat va ilhom manbaiga aylantiradigan platforma yaratib olishimiz kerak edi. Imom Buxoriy majmuasi shu yoʻlda katta amaliy qadam boʻldi.

Bugun yurtimizda ochilgan har bir markaz oʻz faoliyati doirasida faqat tarjima va sharhlar, dolzarb mavzulardagi risolalar bilan cheklanib qolayotgani yoʻq. Ular ishtirokida mahalliy, milliy va xalqaro miqyosda turli anjumanlar ham tashkil etilmoqda. Ushbu forumlar orqali koʻhna Movarounnahr allomalarining boy merosi xalqaro miqyosda targʻib qilinmoqda, xorijlik ulamo va mutaxassislar bilan jaholatga qarshi maʼrifat vositasida kurashish gʻoyasi yoʻlidagi saʼy-harakatlar birlashtirilmoqda.

Eng soʻnggi yorqin voqea joriy yil 7 —11-iyul kunlari Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida boʻlib oʻtgan Islom sivilizatsiyasi I xalqaro forumidir. Bu yirik anjuman islom dinining asl insonparvar mohiyatini, tinchlik, bagʻrikenglik va ilm-maʼrifatga chorlovchi gʻoyalarini xalqaro miqyosda keng targʻib etish borasida Oʻzbekiston rahbariyati ilgari surayotgan tashabbuslarning amaliy natijalaridan biri boʻldi.

Diniy-maʼrifiy sohada olib borilayotgan ishlarga yana koʻplab misollar keltirish mumkin. Birgina Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan buyuk muhaddis bobomizning 12 asari ilk bor oʻzbek tiliga tarjima qilinib, nashr etildi. Umuman olganda esa, markaz ochilgan 2017-yildan hozirgi vaqtgacha 83 ta kitob, risola va monografiya jamoatchilikka taqdim qilindi. Oʻzbekiston va xorijdagi fondlarda saqlanayotgan qoʻlyozmalarni oʻrganish jarayonida fondimiz 640 ta qoʻlyozma, 831 ta toshbosma kitob va 114 ta tarixiy hujjat bilan boyitildi.

Xorijiy aloqalar yoʻnalishida 43 ta nufuzli xalqaro tashkilot, turdosh muassasa bilan hamkorlik toʻgʻrisida anglashuv memorandumlari imzolanib, oʻzaro munosabatlar yoʻlga qoʻyildi. Chet davlatlarda boʻlgan xalqaro anjumanlarda markaz tomonidan ulugʻ ajdodlarimiz va mutafakkirlarimiz hayoti va faoliyatiga bagʻishlab tayyorlangan xalqchil risolalarning yuzdan ziyod taqdimotlari oʻtkazildi. Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya taʼsis etilishi natijasida xorijiy davlatlardagi nufuzli ilmiy muassasalarning tadqiqotchilari orasida bu yerda malaka oshirishga qiziqish kuchaymoqda.

Albatta, bu natijalar yakuniy maqsad emas. Biz kelgusida Imom Buxoriy va boshqa buyuk ajdodlarimizning ibratli hayoti va boy ilmiy merosini xalqaro miqyosda keng targʻib etish maqsadida oʻz platformamizni yaratishni rejalashtirmoqdamiz. Fondimizda saqlanayotgan nodir qoʻlyozma, toshbosma asarlarni asrash va kelajak avlodga yetkazish maqsadida restavratsiya boʻlimi va laboratoriya tashkil qilish ham koʻzda tutilmoqda.

Nufuzli ulamolar, taniqli fan arboblarining fikricha, Movarounnahr diyori islom tamaddunining beshigi hisoblanadi. Tarixda islom madaniyati dunyoning turli mintaqalarida rivojlangan boʻlsa-da, hech bir yurtda Movarounnahrda boʻlganichalik gullab-yashnamagan. Jumladan, Bagʻdod, Andalus, Shom kabi diyorlarda islom madaniyati muayyan davrlar oraligʻida rivojlangan boʻlsa, Movarounnahrning yuragi boʻlgan Oʻzbekistonda bu hozirgi kunga qadar kuzatib kelinmoqda. Yaʼni Yangi Oʻzbekiston islom sivilizatsiyasining tarixda erishgan shonli mavqeini qayta tiklashda muhim oʻrin tutmoqda. Yurtimizda diniy-maʼrifiy sohada, jamiyat hayotining barcha jabhasida erishilayotgan yutuqlar, xususan, taʼlim va ilm-fanda dunyo miqyosida oʻz soʻzimiz, oʻz oʻrnimizga ega boʻlib borayotganimiz xalqimizning buyuk ajdodlarimizga munosib boʻlishga intilayotgani ifodasidir. Aslida, bu — ulkan saodat.

Shubhasiz, mamlakatimizda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan Uchinchi Renessans poydevorini yaratish gʻoyasi bugun hayotda oʻz roʻyobini topmoqda. Maʼrifatni yuksaltirish, ajdodlarimizning boy merosini chuqur oʻrganish, targʻib va tatbiq qilish borasidagi ishlar esa bu yoʻlda salmoqli ahamiyat kasb etmoqda.

Shovosil ZIYODOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori,
tarix fanlari doktori, professor.
Manba “Xalq soʻzi” gazetasi 2026-yil 24-avgust, №173(9344)

Check Also

Movarounnahr allomalari merosi – yapon tadqiqotchilari eʼtiborida

Oʻzbekiston Mustaqilligining 35 yilligini nishonlash doirasida mamlakatimizda boy tarixiy-maʼnaviy merosni oʻrganish va uni jahon miqyosida …