Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) bilan hamkorlikdagi “Markaziy Osiyo – Islom madaniyati va sanʼati oʻchogʻi” ilmiy loyiha doirasida navbatdagi onlayn seminar oʻtkazildi. Unda Qozogʻiston Milliy kutubxonasining nodir kitoblar va qoʻlyozmalar xizmati rahbari Gulshat Abikova “Qozogʻiston Respublikasi Milliy kutubxonasining sharq tillaridagi qoʻlyozmalar fondi: Shakllanishi, tarkibi va oʻrganilishi” mavzusida maʼruza qildi.

Seminarda Markaz ilmiy xodimlari, IRCICA vakillari, Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, OʻzFA Sharqshunoslik instituti, Hadis ilmi maktabi oʻqituvchilari va talabalari, shuningdek, Turkiya va Qozogʻistondan tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Maʼruzada asosiy eʼtibor kutubxona fondidagi noyob yozma yodgorliklarning tarixiy va ilmiy maqomiga qaratildi. Taqdimot davomida kutubxona fondida 13 sharq va 13 gʻapb tillarida 40 mingga yaqin nodir kitob va qoʻlyozma saqlanayotgani, ular orasida Ahmad Yassaviy qalamiga mansub YUNESKOning “Dunyo xotirasi” xalqaro reestriga kiritilgan “Nasabnoma” (XVII asr), “Mirotul qulub” (XVI-XVII asrlar), “Devoni hikmat” (XVIII asr) va Sulaymon Baqirgʻoniyning “Hikmatlar” (XVI asr) toʻplami alohida ilmiy va tarixiy ahamiyatga ega manbalar ekani taʼkidlandi.

Olima, shuningdek, Alisher Navoiy merosiga toʻxtalib, fondda buyuk mutafakkirning 10 janrdagi asarlari, jumladan, 5 ta “Devon”, 2 ta “Mahbubul qulub” va 2 ta “Xamsa” qoʻlyozmalari mavjudligini qayd etdi. Ayniqsa, 1865-yilda Turkistonda koʻchirilgan “Xamsa” nusxasidagi “Shayыr Nauaidың sherі, Nauai aqыnnың өleңі” (“Shoir Navoiyning sheʼri, Oqin Navoiyning oʻlani”) degan hoshiya yozuvlari Hazrat ijodi qozoq kitobxonlari orasida nechogʻlik mashhur va sevimli boʻlganini yaqqol koʻrsatuvchi muhim dalil sifatida alohida eʼtirof etildi.

Bundan tashqari, Abulqosim Firdavsiy qalamiga mansub “Shohnoma” asarining Yorkent hokimi Jahonxoʻja topshirigʻi bilan XVI asrda eski turkiy (chigʻatoy) tiliga qilingan, vazni 6,5 kilogrammdan oshadigan noyob tarjima nusxasi haqida qiziqarli maʼlumotlar berildi.
Taqdimotda manbalarni saqlash va tadqiq etish jarayonlari xususida muhim fikrlar bildirildi. Taʼkidlanganidek, “Toʻplash va saqlash faqat fizik himoyadan iborat emas; raqamlashtirish, kataloglashtirish va chuqur ilmiy tavsif berish orqali asl nusxalarni avlodlarga betalofat yetkazish mumkin. Tarixiy manba yo qoʻlyozmaning asli saqlanmasa, uning matniy manbasi ham vaqt oʻtishi bilan yoʻqoladi (unutiladi)”.
Anjuman yakunida Markaziy Osiyo xalqlarining yozma merosi mushtarak, yaxlit-yagona mulk ekani yakdil taʼkidlandi. Tadqiqotchilar ushbu noyob qoʻlyozmalarni hamkorlikda oʻrganish, yangi fondlarni birgalikda kataloglashtirish va hududlararo qoʻlyozmashunoslik aloqalarini yanada tizimli rivojlantirish lozimligini qayd etdi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





