Oʻzbekiston Mustaqilligining 35 yilligini nishonlash doirasida mamlakatimizda boy tarixiy-maʼnaviy merosni oʻrganish va uni jahon miqyosida targʻib etishga qaratilgan xalqaro ilmiy muloqotlar izchil davom etmoqda.

Qutlugʻ ayyom arafasida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida “Movarounnahrlik allomalar ilmiy merosi: Tadqiqot va hamkorlik” mavzusida xalqaro konferensiya oʻtkazildi.

Istiqlol yillarida milliy-maʼnaviy qadriyatlarimizni tiklash va buyuk ajdodlarimizning boy merosini chuqur tadqiq etish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar bugun butun jahon ilmiy jamoatchiligining eʼtiborini tortmoqda. Yaponiyaning Tokio, Kioto, Tyuo va Toyama universitetlaridan tashrif buyurgan yetakchi sharqshunos olimlar – Yayoi Kavahara, Tatsuya Nakanishi, Shinmen Yasushi va Savada Minoruning ishtiroki buning yorqin isboti boʻldi. Anjumanda Markaz ilmiy xodimlari bilan birga indoneziyalik tadqiqotchi-stipendiatlar ham faol qatnashdi.

Konferensiyada yapon olimlari Movarounnahr allomalarining Markaziy Osiyo va qoʻshni hududlar, xususan, Sharqiy Turkiston va Moʻgʻuliston xonliklari maʼnaviy-madaniy hayotida tutgan oʻrni, Xoja Isʼhoq Valiy va uning avlodlariga oid yangi manbalar, shajara hujjatlari hamda Qoʻqon xonligi davriga oid kamyob qoʻlyozmalar boʻyicha olib borilgan izlanishlar natijalarini taqdim etdi.


Shuningdek, maʼruzalarda Tuyuqxoʻja qabristonining tarixiy silsilasi, mintaqadagi ziyoratgohlar hamda Xitoy musulmonlari (Xuey) jamoasida Markaziy Osiyo mutafakkirlari, jumladan, Aziz Nasafiy va Abdurahmon Jomiy asarlarining tarjima qilinishi va talqin etilishi masalalari xaritalar va tarixiy faktlar asosida atroflicha muhokama qilindi.

Shuningdek, anjumanda Indoneziyaning “Kalimantan post” gazetasi muharriri Eka Triyatna Shanti, Jakarta Qurʼon ilmlari instituti professorlari Shamsul Ariyadi, Ahmad Havasi Mahfuz Sain, Matarama davlat universiteti professori Lalu Muhammad Fazlurrahman, Buyuk Britaniyadagi Oksford islom tadqiqotlari markazi tadqiqotchisi Noha Odil ham muhokama jarayonida faol ishtirok etdi.
Anjuman istiqlol tantanalari arafasida Oʻzbekiston jahon akademik maydonida ilmiy ochiqlik va maʼrifiy hamkorlik maskaniga aylanib borayotganini yana bir bor namoyon etdi. Tadbir yakunida tomonlar oʻrtasida qoʻshma ilmiy loyihalarni amalga oshirish va manbashunoslik sohasida hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib olindi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





