Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi hamkorligida taʼlim va tadqiqot uygʻunligini taʼminlash maqsadida talabalar uchun nodir qoʻlyozma va toshbosma asarlarni, arxiv hujjatlarini xalqaro standartlarga muvofiq saqlash, qadimiy yozma manbalarni konservatsiya va restavratsiya qilish boʻyicha maxsus amaliyot dasturiga start berildi. Ushbu dastur ajdodlarimizdan meros qolgan boy ilmiy va maʼnaviy xazinani avaylab-asrash, chuqur tadqiq etish va kelajak avlodlarga betalafot yetkazish, shuningdek, yosh tadqiqotchilarda noyob manbalar bilan professional ishlash koʻnikmalarini shakllantirishga qaratilgan.


Amaliyot mashgʻulotlari davomida Akademiya talabalari dastlab Markazning ilmiy-tadqiqot faoliyati, boy qoʻlyozmalar fondi, Axborot-kutubxona markazi va muzey boʻlimi imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi. Ularga fondda saqlanayotgan 1600 dan ortiq manba, jumladan, Qurʼon ilmi, hadis, fiqh va 20 dan ziyod boshqa yoʻnalishga oid qoʻlyozma va toshbosma asarlar, xususan, XIV asrga oid Zamaxshariyning “Tafsiri Kashshof” kitobi kabi bebaho yodgorliklar haqida atroflicha maʼlumot berildi.

Amaliyotchilarga qoʻlyozma va toshbosma asarlarni kataloglashtirishning asosiy bosqichlari, dastlabki koʻrik va identifikatsiya, kolofon va muhrlarni tavsiflash, manbalarning saqlanish holatini aniqlash kabi oʻta muhim va masʼuliyatli jarayonlar nazariy va amaliy tarzda tushuntiriladi. Dasturning eng muhim bosqichlaridan biri sifatida manbalarni saqlashning xalqaro standartlariga alohida eʼtibor qaratish ham rejalashtirilgan.


Bundan tashqari, talabalar xonalardagi harorat, nisbiy namlik, havo va yorugʻlik nazorati, manbalarni zararkunandalardan muhofaza qilish va minimal aralashuv tamoyillari asosida konservatsiya va restavratsiya qilish usullarini bevosita amalda sinab koʻradi. Shuningdek, nodir manbalarni yuqori sifatli elektron formatga oʻtkazish, ularning raqamli bazasini yaratish va shu orqali qimmatli merosning “oʻlmas” nusxalarini shakllantirish texnologiyalarini oʻrganadi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





