Inson salomatligi, maʼnaviyati va ijtimoiy barqarorligiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi illatlar orasida qimorbozlik alohida oʻrin tutadi. Qimor oʻyinlarida oson va tez boyib ketish istagi insonni mehnat, sabr-toqat va halol daromad topish kabi qadriyatlardan uzoqlashtirib, uni tavakkalchilikka tobora koʻproq undaydi.
Qimorbozlikning xavfli jihati shundaki, u dastlab koʻngilochar mashgʻulot, “bir marta sinab koʻrish” sifatida boshlanadi. Vaqt oʻtishi bilan inson qimor jarayoniga ruhan bogʻlanib qolishi, yoʻqotilgan mablagʻni qaytarish maqsadida yana va yana pul tikishi, qarz olishi, hatto oilasi va yaqinlaridan xufya harakat qilishi mumkin. Oqibatda moliyaviy muammolar, oilaviy kelishmovchiliklar, ijtimoiy munosabatlarning buzilishi va maʼnaviy inqiroz yuzaga keladi.
Ayniqsa, raqamli texnologiyalar rivojlangan hozirgi davrda qimorbozlikning yangi shakllari paydo boʻlayotgani ayanchli oʻylar uygʻotadi. Ilgari qimor oʻynash uchun maxsus joyga borish talab etilgan boʻlsa, bugun internetga ulangan telefonning oʻzi turli qimor platformalariga kirish imkonini bermoqda. Bu esa yoshlarni mazkur xavfdan himoyalash masalasini yanada dolzarblashtiradi.
Qimorbozlikning oldini olishda yoshlar tarbiyasi alohida ahamiyatga ega. Chunki yoshlikda shakllangan odat va qarashlar insonning keyingi hayotiga kuchli taʼsir koʻrsatadi. Yoshlarga “tez boyish” gʻoyasi emas, balki bilim, kasb-hunar va mehnat orqali muvaffaqiyatga erishish tushuntirilishi zarur. Har qanday yutuq ortida mehnat, sabr va masʼuliyat borligi haqidagi qarashni shakllantirish muhim.
Ota-ona farzandning internetdan foydalanish madaniyatiga ham eʼtibor berishi kerak. Qimor va tavakkalchilikka asoslangan platformalarning tashqi koʻrinishi qiziqarli boʻlishi mumkin. Ammo ularning ortida moliyaviy zarar va qaramlik xavfi mavjudligini yoshlarga tushuntirish zarur.
Taʼlim muassasalari, mahalla, oila va jamoat tashkilotlari hamkorligida qimorning zararlari haqida maʼrifiy tadbirlar tashkil etish samarali natija beradi.
Qimorbozlikka qarshi kurashishda faqat taqiqlash yoki jazolashning oʻzi yetarli emas. Muammoning ildizini topish, anglash va oldini olishga qaratilgan kompleks yondashuv zarur.
Birinchidan, aholi orasida qimorning diniy, axloqiy, psixologik va iqtisodiy zararlari haqida tushuntirish ishlarini kuchaytirish lozim.
Ikkinchidan, yoshlarni boʻsh vaqtni mazmunli oʻtkazishga yoʻnaltirish muhim. Sport, kitobxonlik, ilm oʻrganish, kasb-hunar egallash va ijtimoiy foydali loyihalarda ishtirok etish zararli odatlardan yaxshi himoya boʻladi.
Uchinchidan, oilada moliyaviy va ruhiy tarbiyaga eʼtibor qaratish kerak. Farzandlarga pulning qadri, mehnat bilan topilgan daromadning ahamiyati, tejamkorlik va masʼuliyat bilan bir qatorda halol va harom ishlar ham tushuntirilishi lozim. Chunki qimordan saqlanish faqat moliyaviy ehtiyotkorlik emas, balki insonning maʼnaviy va axloqiy masʼuliyati hamdir.
Toʻrtinchidan, qimorga qaram boʻlib qolgan insonni faqat ayblash emas, balki unga muammoni yengib oʻtishda amaliy yordam koʻrsatish zarur. Chunki qaramlikdan chiqish uchun insonga oilaviy qoʻllab-quvvatlash, psixologik yordam va sogʻlom ijtimoiy muhit kerak boʻladi.
Bugungi kunda qimorbozlikning yangi, ayniqsa, internet va raqamli texnologiyalar orqali tarqalayotgan shakllari yuzaga kelayotgani sababli bu muammoga nisbatan yanada jiddiy munosabat zarur. Yoshlarni zararli odatlardan himoya qilishda oila, taʼlim muassasalari, mahalla va jamoatchilikning hamkorligi muhim ahamiyat kasb etadi.
Eng muhimi, jamiyatda “oson boyish” emas, “halol mehnat bilan farovon hayot qurish” gʻoyasini qaror toptirish zarur. Inson oʻz mehnati, bilimi, kasbi va halol tadbirkorligi orqali topgan rizqida baraka borligini anglasa, qimor kabi zararli yoʻllarga ehtiyoj sezmaydi. Shu maʼnoda, qimorbozlikning oldini olish faqat bir zararli odatga qarshi kurashish emas, balki sogʻlom oila, maʼnaviy barkamol avlod va barqaror jamiyatni shakllantirishga xizmat qiluvchi muhim vazifadir.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





