Inson hayotida moddiy ehtiyojlarni halol mehnat, kasb-hunar va tadbirkorlik orqali qondirish muhim ahamiyatga ega. Islom taʼlimotida ham insonning halol mehnat bilan kun kechirishi, oʻz rizqini halol yoʻl bilan topishi, mol-mulkini oqilona tasarruf etishi va boshqalarning haqqiga tajovuz qilmasligi muhim tamoyillardan hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, qimorbozlik nafaqat moliyaviy muammo, balki insonning maʼnaviy-axloqiy qiyofasiga, oilaviy munosabatlariga va jamiyat barqarorligiga taʼsir koʻrsatuvchi jiddiy illatdir.
Qimorning asosiy xususiyati shundaki, unda inson mehnat yoki muayyan ijtimoiy foydali faoliyat natijasida emas, balki tasodif, tavakkal va boshqa ishtirokchilarning magʻlubiyati hisobiga boylik orttirishga intiladi. Bunday yondashuv inson ongida “oson pul topish” illyuziyasini shakllantiradi. Dastlab koʻngilochar mashgʻulot sifatida boshlangan qimor vaqt oʻtishi bilan odatga aylanadi, keyin insonni qaram qilib qoʻyadi.
Bugungi raqamli texnologiyalar davrida qimorning yangi shakllari paydo boʻlayotgani yanada tashvishni oshirsa oshiradi, sira kamaytirmaydi. Internet, smartfon va turli elektron platformalar orqali qimor oʻyinlariga kirish imkoniyati osonlashdi. Ilgari qimor uchun maxsus joyga borishga toʻgʻri kelgan boʻlsa, hozir uydan chiqmay turib bunday oʻyinlarda ishtirok etish mumkin. Bu esa muammoning ijtimoiy tahdidini yanada oshiradi.
Ishtirokchilardan biri “tushishi” hisobiga boshqasining pul yo moliyaviy manfaatga ega boʻlishiga asoslanadigan, tavakkalchilik asosiga quriladigan oʻyin yo faoliyat sanalgan qimor islom manbalarida “maysir” tushunchasi bilan ham ifodalanadi.
Qurʼoni karimda bunday marhamat qilinadi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا إِنَّمَا الْخَمْرُ وَالْمَيْسِرُ وَالْأَنْصَابُ وَالْأَزْلَامُ رِجْسٌ مِنْ عَمَلِ الشَّيْطَانِ فَاجْتَنِبُوهُ لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ
“Ey imon keltirganlar! Albatta, xamr, qimor, butlar va fol ochadigan choʻplar shaytonning ishlaridan boʻlgan ifloslikdir. Bas, undan chetlaningiz, shoyadki najot topsangiz” (Moida surasi, 90-oyat).
Ushbu oyatda hayot mazmunini yoʻqqa chiqarib, insonni zalolat sari yetaklaydigan shaytonga xos boʻlgan toʻrt amalning zarari juda qatʼiy ifodalangan. Qurʼoni karim qimorni inson hayotiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan, shaytonning ishlaridan boʻlgan illat sifatida baholaydi. Keyingi oyatda esa qimorning ijtimoiy va maʼnaviy zarari yanada ochiq bayon etiladi:
إِنَّمَا يُرِيدُ الشَّيْطَانُ أَنْ يُوقِعَ بَيْنَكُمُ الْعَدَاوَةَ وَالْبَغْضَاءَ فِي الْخَمْرِ وَالْمَيْسِرِ وَيَصُدَّكُمْ عَنْ ذِكْرِ اللَّهِ وَعَنِ الصَّلَاةِ
“Albatta, shayton xamr va qimor tufayli orangizga adovat va nafrat solishni hamda Allohning zikridan va namozdan toʻsishni istaydi. Endi toʻxtarsizlar?!” (Moida surasi, 91-oyat).
Demak, qimorning zarari faqat pul yoʻqotish bilan cheklanmaydi. U insonlar oʻrtasida adovat va nafrat paydo qiladi, maʼnaviy hayotni zaiflashtiradi, ibodat va ezgu ishlardan uzoqlashtiradi. Jumladan, qimorbozlik insonning psixologik va maʼnaviy holatiga jiddiy taʼsir koʻrsatadi. Qimor oʻynagan kishi dastlab kichik miqdorda pul tikadi, keyin esa yoʻqotganini qaytarish maqsadida yanada koʻproq mablagʻ sarflaydi. Yaʼni, “yutqazganimni qaytarib olaman” degan fikr insonni yana va yana qimor oʻynashga undaydi. Oqibatda shaxs kattaroq xavfga boradi. Uning qarorlari mantiq va ehtiyotkorlikka emas, ehtiros va yolgʻon umidga asoslana boshlaydi.
Qimorbozlikning yana bir salbiy taʼsiri insonda mehnatsevarlik hissining susayishidir. Halol daromad olish uchun inson bilim, kasb va mehnatga ehtiyoj sezadi. Qimor esa goʻyoki “bir zumda boyib ketish” imkoniyatini taklif qiladi. Bu tasavvur tezda insonning mehnatga munosabatini oʻzgartirib, uni oson daromad izlashga odatlantirib qoʻyadi.
Qimorga berilib ketgan shaxs vaqt oʻtishi bilan oʻz moliyaviy imkoniyatlarini nazorat qila olmay qoladi, oilasi va yaqinlaridan pul yashiradigan boʻladi, qarzga botadi, oʻz otalik yo erlik majburiyatlarini bajarmay qoʻyadi. Eng xavflisi, muammoni yashirish uchun yolgʻon gapira va boshqa axloqiy meʼyorlarni buza boshlaydi. Shu sababli qimorbozlikni faqat “pul tikiladigan oʻyin” deb baholash toʻgʻri emas. U insonning irodasi, masʼuliyati, vaqtdan foydalanishi, oilaga munosabati va maʼnaviy qarashlariga yomon taʼsir koʻrsatadigan muammodir.
Oila – jamiyatning eng muhim ijtimoiy instituti. Undagi bir kishining jiddiy muammosi boshqa aʼzolarga taʼsir qilmay qolmaydi. Qimorbozlik shunday muammolardan biridir. Qimorga berilgan shaxs oila mablagʻlarini oʻyinga sarflashi natijasida uy-roʻzgʻor ehtiyojlari uchun mablagʻ yetishmay qoladi. Bu esa er-xotin oʻrtasida kelishmovchiliklar, farzandlar ehtiyojlarining qondirilmasligi va oilaviy ishonchning yoʻqolishiga olib keladi.
Oila byudjetining qimorga sarflanishi bolalar tarbiyasiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Farzand ota-onaning xatti-harakatlarini kuzatib ulgʻayadi. Oilada mehnat orqali halol rizq topish emas, balki tavakkalchilik va oson boyish tamoyili ustun ekanini koʻrib katta boʻlsa, u yogʻini aytmasa ham boʻladi.
Qimor sababli qarzga botish ham oilaviy munosabatlarni ogʻirlashtiradi. Baʼzan inson avvalgi qarzini qoplash uchun yana qarz olib, pulini qimor orqali koʻpaytirishga harakat qiladi. Bu esa muammoni hal qilish oʻrniga yanada murakkablashtiradi. Shuning uchun oilada farzandlarga kichik yoshdanoq halol mehnat, tejamkorlik, qanoat, masʼuliyat va moliyaviy savodxonlik tushunchalarini singdirish muhimdir.
Qimorbozlik keng tarqalgan muhitda ijtimoiy muammolar ham koʻpayadi. Chunki insonning moliyaviy muammosi uni boshqa notoʻgʻri yoʻllarga kirib ketishga undaydi.
Qimorning yana bir salbiy jihati shuki, insonda iqtisodiy masʼuliyatsizlikni shakllantiradi. Jamiyat taraqqiyoti uchun odamlarning mehnat qilishi, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohalarida faol ishtirok etishi muhim. Qimor esa real iqtisodiy qiymat yaratishdan koʻra, mavjud mablagʻni bir ishtirokchidan boshqasiga oʻtkazishga asoslangan munosabatni kuchaytiradi.
Insonning moliyaviy imkoniyatlarini behuda sarflashi esa shaxsiy va oilaviy hayotga zarar yetkazish bilan birga, jamiyatning iqtisodiy barqarorligiga ham salbiy taʼsir koʻrsatadi. Islom taʼlimoti mol-mulkni asrash va uni oqilona tasarruf etishga muhim vazifalardan biri sifatida qaraydi. Islomda moliyaviy munosabatlar halollik, adolat va oʻzaro rozilik asosida qurilishi talab etiladi. Bir shaxsning asossiz ravishda boshqa kishining molini egallashiga yoʻl qoʻyilmaydi. Qurʼoni karimda:
وَلَا تَأْكُلُوا أَمْوَالَكُمْ بَيْنَكُمْ بِالْبَاطِلِ
“Mol-mulkingizni oʻzaro botil yoʻl bilan yemangiz”, deb buyurilgan (Baqara surasi, 188-oyat).
Qimorda ishtirokchilardan birining yutugʻi boshqalarning magʻlubiyati hisobiga yuzaga keladi. Yaʼni, bir shaxs oʻzganing molini botil yoʻl bilan oʻzlashtiradi. Shu jihatdan qimor insonni halol mehnat va haqli daromaddan uzoqlashtiruvchi vosita sifatida baholanadi.
Qurʼoni karimda qimorning baʼzi manfaatlari boʻlishi mumkinligi inkor qilinmaydi. Ammo uning zarari foydasidan kattaroq ekani taʼkidlanadi:
فِيهِمَا إِثْمٌ كَبِيرٌ وَمَنَافِعُ لِلنَّاسِ وَإِثْمُهُمَا أَكْبَرُ مِنْ نَفْعِهِمَا
“Ular (xamr ichish va qimor oʻynash)da katta gunoh va odamlar uchun baʼzi manfaatlar bor. Ammo ularning gunohi manfaatidan kattaroqdir” (Baqara surasi, 219-oyat).
Bu oyat inson uchun muhim mezonni koʻrsatadi: biror ishda muayyan foyda mavjud boʻlishi uning mutlaqo foydali ekanini anglatmaydi. Zarari ustun boʻlsa, inson undan saqlanishi lozim.
Xulosa qilib aytganda, qimorbozlik jamiyatda ogʻir oqibatlarga olib kelishi mumkin boʻlgan ijtimoiy va maʼnaviy muammolardan biridir. U insonni halol mehnat va masʼuliyatli hayot tarzidan uzoqlashtirib, oson boyish illyuziyasiga yetaklaydi. Oqibatda moliyaviy yoʻqotish, qarzdorlik, oilada kelishmovchilik, ish faoliyatining pasayishi va ijtimoiy munosabatlarning buzilishi kabi xunuk holatlar yuzaga kelishi mumkin.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





