Oʻzbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bagʻishlab oʻtkazilayotgan “Mustaqillik toʻyi” festivali doirasida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati va Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti hamkorligida «Imom Buxoriy ilmiy merosi va maʼnaviy tarbiya: Alloma asarlarining zamonaviy targʻibotdagi oʻrni» mavzusida ilmiy-maʼrifiy uchrashuv tashkil etildi. Tadbirda mazkur tashkilot va muassasalarning salohiyatli mutaxassislari, tarixchi va faylasuf olimlari, taniqli shoir va adiblari ishtirok etdi.

Dastlab tadbir ishtirokchilari Markaz faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi, Markaz nashrlari taqdimoti oʻtkazildi va Imom Buxoriy muzeyi boʻylab ekskursiya amalga oshirildi.

Ilmiy-maʼrifiy uchrashuvning nazariy qismini Markaz direktori Sh.Ziyodov kirish soʻzi bilan ochib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar mohiyatini Markaz faoliyati misolida bayon etdi.

Anjumanda Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti professori A.Mavrulov “Mustaqillikning 35 yilligi: Milliy maʼnaviy taraqqiyot natijalari va maʼrifat targʻibotining ilmiy-metodik masalalari”, Markaz katta ilmiy xodimi B.Tursunov “Milliy qadriyatlarimiz – tarbiya omili sifatida”, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi professori N.Joʻrayev “Milliy maʼnaviyatimiz ildizlari” mavzularida maʼruza qildi.

Tadbir ishtirokchilari mustaqillik yillarida Oʻzbekistonda amalga oshirilgan maʼnaviy-maʼrifiy islohotlar, erishilgan yutuqlar, milliy maʼnaviy merosning tarbiyaviy ahamiyati, milliy oʻzlik va milliy birlik gʻoyalarini hayotga keng tatbiq etishning ahamiyati xususida oʻzaro fikr almashdi.
Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim yoʻnalishlaridan biri sifatida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining ilmiy-maʼrifiy faoliyati natijalari, nashr etilgan kitob va risolalar tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uygʻotdi.

Tadbir savol-javob va munozaralarga boy boʻldi.
Ilmiy-maʼrifiy uchrashuv Imom Buxoriyning boy ilmiy va maʼnaviy merosini zamonaviy targʻibot jarayonlariga tatbiq etish, milliy qadriyatlar va maʼnaviy merosning yosh avlod tarbiyasidagi ahamiyatini keng targʻib qilish, shuningdek, milliy oʻzlik va milliy birlik gʻoyalarini mustahkamlash nuqtayi nazaridan muhim ahamiyat kasb etishi alohida taʼkidlandi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





