Qimor oʻyinlari insonning hech qanday qiyinchiliksiz, oson foyda olish istagining natijasi boʻlib, islomda eng xavfli sanalgan, taqiqlangan ishlardan biridir. Xoʻsh, oʻzimizni bu gunohdan qanday himoya qilishimiz mumkin, dinimizning bu boradagi hukmi qanday?!
Hech qachon unutmaslik kerakki, jilovlanmagan nafs, ochkoʻzlik har doim oʻz egasini halokatga olib boradi.
Kishiga foyda yo zarar keltiradigan har qanday oʻyin qimordir. Qimor – nohaqdan boshqaning mol-mulkini qoʻlga kiritish, boshqalar bilan sheriklikda oʻgʻrilik qilishdir. Jamiyat uchun falokat sanaladigan qimor shunday botqoqki, unda gʻolibning oʻzi boʻlmaydi. Chunki taqiqlangan narsadan hech qachon yaxshilik chiqmaydi. Yutganlar pulini oldirgan kishilarning musibati va oilalarning parokandaligiga sabab boʻlgani uchun katta gunohga botadi. Yaʼni, pirovard natija baribir yomon boʻladi.
Parvardigor yaxshi ishlar uchun ato etgan moddiy vositalardan foydalanish oʻrniga qimor oʻynagan odam ham Allohning neʼmatiga kufr qilgan boʻladi, ham oʻzi bilan birga koʻplab insonlarning taqdirini barbod qiladi.
Afsuski, bugungi kunda qimor oʻyinlari jamiyatda xuddi qonuniydek tus olib, keng tarqalmoqda. Qimorbozlikning ayrim turlari oʻyin-kulgi va vaqtni chogʻ oʻtkazish shakli sifatida qoʻllana boshladi. Baʼzan ularning qimor ekani unutilib, boʻlajak ogʻir azobning maʼnaviy ogʻrigʻi sezilmay ham qolyapti. Boshqacha aytganda, baʼzilar bu qilmish uchun kutilayotgan muqarrar jazoni, juda xunuk oqibatni oʻylamay qoʻymoqda.
Islom bunday jirkanch ishlardan keskin qaytaradi. Alloh taolo qimorni harom qilingan narsalar orasida bunday zikr etadi: “Ey imon keltirganlar! Albatta, may, qimor, but-sanamlar va (fol ochadigan) choʻplar shaytonning ishidan iborat ifloslikdirki, undan chetlaningiz! Shoyad (shunda) najot topsangiz. Shayton may bilan qimor (yordami)da oʻrtangizga adovat va nafrat solishni, sizlarni Allohning zikri va namozdan qaytarishni xohlaydi. Bas, endi, sizlar (bu ishlardan) toʻxtarsiz!” (Moida surasi, 90-91-oyatlar).
Haq taolo bandalarini nimadan qaytargan boʻlsa, zararli boʻlgani uchun shunday qilgan. Ammo koʻpchilik Yaratganning amrini qoʻyib, oʻzining dushmani boʻlgan, nafsini qitiqlagan shaytonga ergashadi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hatto qimorga jalb qilishning oʻzini ham ogʻir gunoh deb hisoblaganlar va oldini olish uchun bunday deganlar: “Kim qasam ichsa-yu, ontida “Lotga qasam”, “Uzzoga qasam” desa, darhol “Laa ilaaha illalloh” deb olsin! Kim sherigiga “Kel (yur), sen bilan qimor oʻynaymiz” desa, darhol sadaqa qilib yuborsin!” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ushbu hadisda qimor johiliyat davridagi amallardan boʻlgan Lot va Uzzo sanamlari bilan qasam ichish – shirk amallar bilan bir qatorda zikr qilinyapti. Bu esa, qimorning aniq halokat ekanini bildiradi. Oʻynash tugul, unga shunchaki chaqirish ham kafforat talab qiladigan amal ekan.
Bugungi kunda qimor oʻyinlarida qatnashish shunchalik oson boʻlib, nazoratdan chiqib ketdiki, hatto bolalar orasida ham tarqalyapti. Bu esa kelajak uchun katta xavf tugʻdiradi. Chunki qimorbozlik vositasida “belini ogʻritmay” pul topishga moyil boʻlib qolgan bolalar ulgʻaygan sari har yerda osonlikcha pul topish yoʻllarini izlaydi. Bunda kasbning ham ahamiyati boʻlmay qoladi. Biznes bilan shugʻullansa, tezroq boyib ketishga intiladi; siyosatga aralashsa, gʻirromlik bilan nufuz qozonishga urinadi. Eng yomoni, bunday intilishlar ularni turli adolatsizlik va gunohlarga yetaklaydi.
Dam olishga, boʻsh vaqtini xush oʻtkazishga hammaning ehtiyoji bor. Inson farishta emas. Ammo koʻngilochar mashgʻulotlarga kelganda, shariat belgilagan chegaradan oshmaslik asosiy shartdir.
Boshqa tomondan, odamlarning daromadi omad va tasodifga emas, balki oʻzining mehnati va peshona teriga asoslangan boʻlishi kerak. Alloh taolo: “Insonga faqat oʻzi qilgan harakatigina (mansub) boʻlur” (Najm surasi, 39-oyat), deydi. Yaʼni, mulk halol yoʻl bilan orttirilmagan, kishining oʻz saʼy-harakati natijasida qoʻlga kiritilmagan boʻlsa, u pok nasiba hisoblanmaydi va har qanday harom narsa uchun boʻlgani kabi uning uchun ham javob berishga toʻgʻri keladi.
Muhim jihat shundaki, boshqalarning mol-mulkini gʻayriqonuniy va sharʼan joiz boʻlmagan yoʻllar bilan oʻzlashtirish haromdir. Haq taolo: “Mol-mulklaringizni oʻrtada nohaq (yoʻllar) bilan yemangiz! Oʻzaro rozilik asosidagi tijorat boʻlsa, u bundan mustasno” (Niso surasi, 29-oyat), deb buyurgan.
Jamiyatning barcha aʼzolari kun boʻyi qimor oʻynash bilan mashgʻul boʻladigan bir holatni tasavvur qilaylik. U tanazzulga yuz tutishi aniq. Buni izohlashga ham hojat yoʻq. Endi aksini faraz qiladigan boʻlsak, bunday oʻyinlar jamiyat hayotidan surib chiqarib tashlansa, hech qanday muammo boʻlmaydi. Halollik yoʻqolsa, qanday falokatlar yuz berishi ayon, adovat, fitna, xunrezlik – hammasi shundan kelib chiqadi. Shuning uchun ezgu ishlarni koʻpaytirish lozim.
Xulosa qilib aytganda, bugungi jamiyatda imon va axloq yemirilishining eng oʻtkir sabablaridan biri – bu qimor balosidir. Zamonamizning “uchar” marketologlari, odamlar va jamiyatlarning taqdiri emas, faqat hamyonini oʻylaydigan “shovvozlar” uni shu darajaga yetkazdiki, qimor goʻyo halol va mumkindek taqdim qilinmoqda. Bu esa amalning buzilishi – toʻgʻrisining oʻrnini egrisi egallashidan ham ogʻirroq oqibatga olib kelib, bevosita imonga zarar yetkazmoqda.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





