Home / FOTO LAVHALAR / TASAVVUF TAʼLIMOTI VA HADIS ILMI – CHAMBARCHAS BOGʻLIQ ANʼANALAR

TASAVVUF TAʼLIMOTI VA HADIS ILMI – CHAMBARCHAS BOGʻLIQ ANʼANALAR

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi, Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi, Buxoro davlat universiteti hamda Marmara universitetining olim va tadqiqotchilari ishtirokida diniy-maʼrifiy meros, hadis ilmi va tasavvuf taʼlimotiga oid muhim masalalarga bagʻishlangan seminar boʻlib oʻtdi.

Anjumanda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori institutining mumtoz adabiyot tarixi boʻlimi boshligʻi Sayfiddin Sayfulloh “Naqshbandiylik va hadis” mavzusida maʼruza qildi.

Olim islom tarixi, mazhablar, axloq, hadis sharhlari va tasavvuf masalalari haqida soʻz yuritdi. Xususan, tasavvuf va Naqshbandiya taʼlimotining maʼnaviy-axloqiy jihatlari, diniy bilimning inson hayotidagi oʻrni, ulamolar merosini oʻrganish zaruratiga alohida toʻxtaldi. Tasavvuf taʼlimoti hadis ilmi bilan uzviy bogʻliq boʻlib, undagi har bir amal bevosita oyat va hadislarga tayanishini, soʻfiylik asosi taqvo, ustuni axloq ekanini hayotiy misollar yordamida yoritib berdi.

Suhbat jarayonida hadis ilmiga oid manbalar va qoʻlyozmalarning ilmiy ahamiyati xususida fikrlar bildirildi. Alisher Navoiyning «Arbain», Muhammad Porsoning «Fusulus sitta» asarlari, shuningdek, hadis va islom ilmlariga oid boshqa adabiyotlar tilga olinib, ularni oʻrganish hadis ilmi metodologiyasini chuqur anglashga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Shuningdek, Istanbuldagi Sulaymoniya kutubxonasida saqlanayotgan qoʻlyozmalar, jumladan, Ahmad Yaʼqubiyning «Misboh muqtabas minal masobih» asari haqida maʼlumotlar almashildi.

Mazkur manbalarni ilmiy tadqiq etish va ulardan tadqiqot jarayonida samarali foydalanish masalalari yuzasidan takliflar bildirildi.

Muloqotda diniy taʼlim, maʼnaviy tarbiya va inson kamolotida ilm va axloqning oʻzaro uygʻunligiga alohida urgʻu berildi. Islom ilm-fani tarixida muhim oʻrin tutgan asarlar va allomalar merosini oʻrganish, ularni yosh tadqiqotchilarga yetkazish zarurligi qayd etildi.

Mazkur muloqot hadisshunoslik, tasavvuf va islom tarixi boʻyicha ilmiy merosni oʻrganish, manbalarni tadqiq etish va diniy-maʼrifiy bilimlarni keng targʻib qilish nuqtayi nazaridan ahamiyatli boʻldi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Movarounnahr ulamolari merosi – yangi davrda yangicha hamkorlik uchun mustahkam asos

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Misrning Al-Azhar universiteti hamkorligida 18-avgust kuni «Al-Azhar va Movarounnahr …