Home / FOTO LAVHALAR / Movarounnahr ulamolari merosi – yangi davrda yangicha hamkorlik uchun mustahkam asos

Movarounnahr ulamolari merosi – yangi davrda yangicha hamkorlik uchun mustahkam asos

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Misrning Al-Azhar universiteti hamkorligida 18-avgust kuni «Al-Azhar va Movarounnahr ulamolari: Ilm-fan va madaniy aloqalar koʻprigi» mavzusida xalqaro onlayn ilmiy seminar boʻlib oʻtdi.

Ilmiy muloqotda IRCICA, Indoneziyaning Jakarta Qurʼon ilmlari instituti, Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti, Hadis ilmi maktabi, qator oliy taʼlim muassasalari vakillari ham ishtirok etdi.

Tadbirda Al-Azhar universiteti Usuluddin va islomiy daʼvat fakulteti dekani, professor doktor Mahmud Abdulloh Abdurrahmon Abdulhalim maʼruza qilib, Movarounnahr ulamolarining Misr olimlari bilan ilmiy aloqalari, qoʻlyozma manbalarni asrash va ularni zamonaviy tadqiqotlarga jalb etish haqida soʻzladi. Xususan, “Tafsiri Nasafiy” uzoq yillar davomida oʻquv dasturlaridan joy olganini, bugungi kunda ham Al-Azhar universitetida oʻqitilayotganini qayd etdi.

Misrlik olim Imom Buxoriy, Abu Mansur Moturidiy, Abu Lays Samarqandiy, Abu Hafs Nasafiy, Abu Barakot Nasafiy va Imom Termiziy kabi buyuk allomalarning Islom sivilizatsiyasi taraqqiyotidagi oʻrniga alohida toʻxtalib oʻtdi. Jumladan, Imom Buxoriy roviylar, sanad va rivoyatlar oʻrtasidagi farqlar va hadislardagi illatlarga oʻta sinchkovlik bilan yondashganini, hadis va fiqh masalalarini uygʻun holda oʻrganganini taʼkidladi. Imom Termiziy merosida esa hadislarni tasniflash, roviylar haqida maʼlumot keltirish, turli rivoyatlarni taqqoslash va ulamolarning fiqhiy qarashlaridagi farqlarni koʻrsatish kabi muhim ilmiy uslublar mujassam ekanini qayd etdi.

Mahmud Abdulloh Abdurrahmon ajdodlar merosini asrash, kataloglashtirish, raqamlashtirish va ilmiy tadqiq qilish haqida soʻzlar ekan, qatnashchilarni Al-Azhar kutubxonasida qoʻlyozmalarni tiklash va muhofaza qilish borasidagi ishlar bilan tanishtirdi. Bu borada nodir manbalarni faqat tarixiy yodgorlik sifatida saqlash emas, balki zamonaviy ilmiy jarayonlarning faol qismiga aylantirish zarurligiga eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi. Buning uchun «qoʻlyozma – tahqiq – taʼlim – ilmiy tadqiqot – tatbiq» zanjiri asosida ishlash muhimligini qayd etdi.

Seminarda Oʻzbekiston ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan Al-Azhar oʻrtasidagi ilmiy aloqalarni yanada rivojlantirish masalalariga ham eʼtibor qaratildi. Movarounnahr ulamolarining boy merosi qoʻshma tadqiqotlar, qoʻlyozmalarni kataloglashtirish, ilmiy nashrlar tayyorlash, taʼlim dasturlari ishlab chiqish uchun muhim asos boʻlishi taʼkidlandi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Imom Buxoriy merosi – indonez olimlarining yangi tadqiqotlari negizi

Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya dasturi doirasida Markazda amaliyot oʻtayotgan indoneziyalik tadqiqotchilar – Jakarta Qurʼon …