3-4-5. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Sizlarga roʻza kechasida xotinlaringiz bilan qovushish halol qilindi. Ular sizlar uchun libos, sizlar ular uchun libosdirsiz. Sizlarning oʻzingizga xiyonat qilayotganingizni Alloh bildi va tavbangizni qabul qilib, sizlarni afv etdi. Endi ular bilan (roʻza kechalarida bemalol) qovushib, sizlar uchun Alloh yozgan (taqdir etgan) narsani (farzandni) umid etaveringiz. Shuningdek, tonggacha, yaʼni oq ipning qora ipdan (tongning tundan) ajraladigan vaqtigacha yeb-ichaveringiz. Soʻng roʻzani kechgacha (quyosh botguncha) mukammal tutingiz! Masjidlarda eʼtikofda boʻlgan paytlaringizda (kechalari ham) ular (xotinlar) bilan qoʻshilmangiz! Bular (aytilgan hukmlar) Allohning chegaralaridir. Bas, ularga yaqinlashmangiz! Odamlar (man etilgan ishlardan) saqlanishlari uchun Alloh oʻz oyatlarini mana shunday aniq bayon qiladi» [Baqara surasi, 187-oyat].
Ushbu ulugʻ oyatning avvalida roʻza kechalarida ayol bilan qovushish halol qilingani taʼkidlanmoqda. Biror narsa halol qilindimi, demak, undan oldin harom boʻlgan. Shuningdek, oyatning davomidagi «Sizlarning oʻzingizga xiyonat qilayotganingizni Alloh bildi va tavbangizni qabul qilib, sizlarni afv etdi. Endi ular bilan (roʻza kechalarida bemalol) qovushib, sizlar uchun Alloh yozgan (taqdir etgan) narsani (farzandni) umid etaveringiz» degan soʻzlar ham qovushishga izn berilishidan oldin bu amal taqiqlangan boʻlganini bildiradi. Vaholanki, bu taqiq haqida Qurʼonda biror ogʻiz soʻz yoʻq. Demak, oʻsha dastlabki taqiq Alloh taoloning tilovat qilinmaydigan vahiysi boʻlmish nabaviy sunnat bilan sobit boʻlgan.
Imom Buxoriy Abu Isʼhoqdan, u Baro roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Ramazon roʻzasi nozil boʻlgan ilk davrlarda musulmonlar Ramazon oyi boʻyi (kechasi ham) ayollariga yaqinlik qilmasdi. Biroq baʼzilar oʻzini tiya olmay, nafsiga xiyonat qilib qoʻydi. Shunda Alloh taolo «Sizlarning oʻzingizga xiyonat qilayotganingizni Alloh bildi va tavbangizni qabul qilib, sizlarni afv etdi. Endi ular bilan qovushib, sizlar uchun Alloh yozgan narsani umid etaveringiz» degan oyatni nozil qildi».
Oyatdagi «tonggacha, yaʼni oq ipning qora ipdan ajraladigan vaqtigacha yeb-ichaveringiz» degan koʻrsatma Alloh taolo tomonidan musulmonlarga berilgan yengillik boʻlib, islomning ilk davridagi hukmni bekor qildi. Ilk davrdagi tartib esa, yuqoridagi holatdek, nabaviy sunnat orqali maʼlum edi. U paytlarda roʻzador iftor qilgach, faqat xufton namozigacha yoki undan oldin uxlab qolguniga qadar yeb-ichishi mumkin edi. Uxlab qolsa yoki xufton namozini oʻqib qoʻysa, keyingi kunning oqshomigacha yeb-icha olmasdi. Bu musulmonlarga juda katta mashaqqat tugʻdirgandi. Shunda Alloh taolo tong otguncha yeb-ichishga izn berdi. Ana oʻsha eski qiyin hukm ham Qurʼonda mutlaqo zikr qilinmagan, balki faqat hadis bilan sobit boʻlgandi.
«Soʻng roʻzani kechgacha mukammal tutingiz!» degan amr visol roʻzasini, yaʼni ogʻiz ochmasdan bir necha kunni bir-biriga ulab roʻza tutishni taqiqlaydi. Sahih hadislarda musulmonlar visol roʻzasidan qaytarilgan, faqat Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallamning oʻzlarigagina xos ravishda joiz qilingan edi.
Imom Ahmad Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Visol roʻzasi tutmang”, dedilar. Sahobalar: «Ey Allohning Rasuli, oʻzingiz visol roʻzasi tutasiz-ku?» deyishdi. U zot: «Men sizlardek emasman. Men tunayotganimda Rabbim meni taomlantiradi va suv beradi», deb javob berdilar.
Visol roʻzasi tutish u zotning oʻzlarigagina tegishli xususiyatlardan edi. Sahih hadisda aytilganidek, u zotga bu ishda alohida quvvat va koʻmak berilardi.
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallamga visol roʻzasining joiz boʻlishi alohida bir shariat hukmi boʻlib, u ham Qurʼonda zikr qilinmagan, balki tilovat qilinmaydigan vahiy orqali qaror topgan. Buni u zotning oʻzlari vahiydan tashqari ish qilmaganlari haqidagi mana bu oyatlar tasdiqlaydi: “Men faqat oʻzimga vahiy qilingan oyatlargagina ergashurman”, shuningdek, “Ayting: «Men uchun uni oʻz tomonimdan oʻzgartirish durust emasdir” [Yunus surasi, 15-oyat] hamda «Agar (Paygʻambar) Bizning nomimizdan (Biz aytmagan) ayrim soʻzlarni toʻqib aytganida, albatta, Biz uning oʻng qoʻlidan ushlagan, soʻngra albatta uning shohtomirini uzib tashlagan boʻlur edik» [Haqqo surasi, 44–46-oyatlar].
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning visol roʻzasi tutishlari vahiydan tashqari va unga tayanmagan holda boʻlganida edi, u zot Allohning «Soʻng roʻzani kechgacha mukammal tutingiz!» degan amrini oʻzgartirgan va Uning nomidan shariat joriy qilgan boʻlib qolardilar, bu esa umuman mantiqqa ziddir.
Xullas, Baqara surasining 187-oyati nabaviy sunnatning Alloh taolo tomonidan yuborilgan ilohiy vahiy ekaniga bir yoʻla uch kuchli dalilni oʻz ichiga olgan.
- Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Paygʻambar juftlaridan biriga (yaʼni, Hafsaga) bir soʻzni pinhona aytganini eslang! Endi qachonki (Hafsa) u (sir) haqida (Oishaga) xabar bergach va Alloh (Jabroil farishta vositasida Paygʻambar alayhissalomni Hafsaning qilmishidan) voqif qilgach, u (Hafsaga oʻzi voqif boʻlgan narsaning) baʼzisini bildirdi va baʼzisidan yuz oʻgirdi (bildirmadi). Bas, qachonki (Paygʻambar alayhissalom Hafsaga oʻzi voqif boʻlgan narsaning baʼzisi haqida) xabar bergach, u: «Sizga bu xabarni kim berdi?», degan edi, “Menga Bilguvchi va Xabardor Zot xabar berdi”, dedi» [Tahrim surasi, 3-oyat].
«Alloh (Jabroil farishta vositasida Paygʻambarni Hafsaning qilmishidan) voqif qilgach» soʻzlari shuni koʻrsatadiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayollaridan biriga yashirincha aytgan va hech kimga aytmaslikni buyurgan sirning ochilib qolganini Alloh taolo Paygʻambariga bildirgan. Lekin Qurʼon orqali amalga oshmagan. Chunki Qurʼondagi mazkur oyat oʻsha voqea sodir boʻlib oʻtganidan keyin, oʻtgan zamon feʼli shaklida u haqda shunchaki xabar beryapti, xolos. Demak, bu bildirish va ogohlantirish, shubhasiz, tilovat qilinmaydigan vahiy orqali sodir boʻlgan. Binobarin, ushbu oyat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Qurʼondan tashqari ham vahiy nozil boʻlganiga yorqin dalildir. Ana shunday vahiy u zotning sunnatlari boʻladi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari vahiydan boshqa narsaga tayanishi sira ham mumkin emas. Bunga Alloh taoloning u zot tili bilan aytgan ushbu soʻzi dalildir: “Men faqat Parvardigorimdan kelgan vahiygagana ergashurman”. Dalillarning bu jamlanmasidan ravshan boʻladiki, Sunnat – Alloh taolo tomonidan yuborilgan ilohiy vahiydir.
Davomi bor…
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





