Halollik va rostgoʻylik insonning shaxsiy fazilatlari boʻlish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini taʼminlaydigan muhim milliy, diniy, maʼnaviy-axloqiy qadriyatlardir. Insonlar oʻrtasida oʻzaro ishonch, adolat, hurmat va hamjihatlik qaror topishi koʻp jihatdan har bir shaxsning halollik va rostgoʻylik tamoyillariga qay darajada amal qilishiga bogʻliq. Shu maʼnoda, bu ikki xislat nafaqat shaxsiy xulq-atvor meʼyori, balki oila va jamiyatda sogʻlom maʼnaviy muhitni shakllantiruvchi muhim omil hisoblanadi.
Islom dinida halollik va rostgoʻylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, oʻzgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgoʻy va adolatli boʻlish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi masʼuliyatini ham belgilaydi.
Halollik va rostgoʻylik insonning maʼnaviy boyligini, yuksak axloqiy fazilati va komillikka intilishini namoyon etuvchi muhim mezonlar hisoblanadi. Bunday inson soʻzi va amalida haqiqatga sodiq boʻladi, har qanday vaziyatda ham adolat va vijdoniylik tamoyillariga rioya etishga harakat qiladi. Shu bilan atrofdagilarning ishonch va hurmatini ham qozonadi.
Qurʼoni karim oyatlari va Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning koʻplab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgoʻylikka daʼvat qilish, har doim halol boʻlishga undash, aldov va yolgʻon guvohlik berishdan qaytarishga alohida eʼtibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgoʻylik insonning maʼnaviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi goʻzalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolgʻon esa nafaqat shaxsning obroʻsi va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda oʻzaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab boʻladi.
Alloh taolo Nahl surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan:
إِنَّمَا يَفْتَرِي الْكَذِبَ الَّذِينَ لَا يُؤْمِنُونَ بِآَيَاتِ اللَّهِ وَأُولَئِكَ هُمُ الْكَاذِبُونَ
“Yolgʻon soʻzlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina toʻqiydilar. Aynan oʻshalarning oʻzlari yolgʻonchilardir”.
Bu oʻrinda yolgʻonning qanchalik ogʻir maʼnaviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bogʻliq jihati koʻrsatib berilyapti. Oyatning nozil boʻlish sababi Makka mushriklarining Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz daʼvolarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolgʻonchilikda ayblaganidir. Ular Qurʼoni karimni goʻyo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oʻzlari toʻqib chiqargani toʻgʻrisida asossiz daʼvolarni ilgari surgan. Qurʼoni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.
Aslida yolgʻonni faqat imonsiz kishilargina toʻqiydi. Chunki, moʻmin kishi yolgʻonni katta gunoh deb biladi. Yolgʻon sababli qiyomatda azobga qolishdan qoʻrqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgoʻy boʻlishga intiladi. Hatto oʻz manfaatiga zid boʻlgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.
Islom taʼlimotida halollik va toʻgʻrisoʻzlik maqtalgan, yolgʻon gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
عَنْ عَبْدِ اللهِ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ قَالَ: “عَلَيْكُمْ بِالصِّدْقِ، فَإِنَّ الصِّدْقَ يَهْدِي إِلَى الْبِرِّ، وَإِنَّ الْبِرَّ يَهْدِي إِلَى الْجَنَّةِ، وَإِنَّ الرَّجُلَ يَصْدُقُ, حَتَّى يُكْتَبَ عِنْدَ اللهِ صِدِّيقًا، وَإِيَّاكُمْ وَالْكَذِبَ، فَإِنَّ الْكَذِبَ يَهْدِي إِلَى الْفُجُورِ، وَالْفُجُورَ يَهْدِي إِلَى النَّارِ، وَإِنَّ الرَّجُلَ لَيَكْذِبُ, حَتَّى يُكْتَبَ عِنْدَ اللهِ كَذَّابًا“.( رواه الامام البخاري)
Abdulloh (ibn Masʼud) roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Rostgoʻylikni oʻzingizga lozim tutingiz (rostgoʻy boʻlingiz)! Chunki, rostgoʻylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (oʻta rostgoʻy) deb yozib qoʻyiladi. Yolgʻondan saqlaning! Chunki, yolgʻon fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa doʻzaxga yetaklaydi. Kishi yolgʻon gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (oʻta yolgʻonchi) deb yozib qoʻyiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgoʻylik va yolgʻonchilikning inson axloqi, maʼnaviy hayoti va oxiratiga qay darajada taʼsir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki doʻzaxga tushishida uning tili, yaʼni rostgoʻyligi yo yolgʻonchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.
Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom oʻrtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obroʻyini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar:
عَنْ النُّعْمَان بْن بَشِيرٍ يَقُولُ: سَمِعْتُ رَسُولَ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم يَقُولُ: “الْحَلَالُ بَيْنَ وَالْحَرَامُ بَيِّنٌ، وَبَيْنَهُمَا مُشَبَّهَاتٌ لَا يَعْلَمُهَا كَثِيرٌ مِنَ النَّاسِ، فَمَنِ اتَّقَى الْمُشَبَّهَاتِ اسْتَبْرَأَ لِدِينِهِ وَعِرْضِهِ…“. ( رواه الامام البخاري)
Noʻmon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: “Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning oʻrtasida shubhali narsalar bor. Koʻp odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obroʻyini pok saqlaydi…” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu oʻrinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka daʼvat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, soʻzida, oilaviy munosabatlarida, taʼlim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi oʻzaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgoʻylikka intiladi. Oʻzgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq boʻlishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obroʻ-eʼtiborini yuksaltirish bilan birga, jamiyat aʼzolari oʻrtasida oʻzaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.
Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgoʻylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar oʻrtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini taʼminlovchi muhim maʼnaviy-axloqiy asosdir. Islom taʼlimotidagi halollik, rostgoʻylik, adolat va omonatdorlikka oid koʻrsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi oʻrni naqadar muhim ekanini koʻrsatadi. Har bir inson oʻz hayoti va faoliyatida halollik, rostgoʻylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sogʻlom maʼnaviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.
Shu bois halollik va rostgoʻylikni shaxsiy fazilatlar sifatidagina emas, balki ijtimoiy taraqqiyotning muhim sharti sifatida anglash va ularni kundalik hayotga izchil tatbiq etib borish dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.
Yoʻldoshxon ISAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





