2026-yil 14-avgust kuni Imomi Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida tashkil etilgan “Islom maʼrifati, hadis ilmi va Imom Buxoriy merosi” malaka oshirish oʻquv kursi doirasida navbatdagi dars mashgʻulotlari oʻtkazildi.
Mashgʻulotlarda turizm sohasining huquqiy asoslari, gid-ekskursovodlarning kasbiy mahorati va kompetensiyalarini rivojlantirish hamda Oʻzbekistonning tarixiy-madaniy merosi va uning ziyorat turizmini rivojlantirishdagi ahamiyati kabi muhim mavzular qamrab olindi.

Oʻzbekiston Respublikasining turizm sohasini tartibga soluvchi qonunlar va boshqa meʼyoriy-huquqiy hujjatlar mavzusidagi darsda turizm sohasidagi huquqiy munosabatlar, sohada faoliyat yurituvchi subyektlarning huquq va majburiyatlari, turistlar huquqlarini himoya qilish, turistik xizmatlarga qoʻyiladigan talablar hamda davlat tomonidan sohani qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari haqida maʼlumot berildi.

Shuningdek, gid-ekskursovodlarning kasbiy mahorati va kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish mexanizmlari mavzusida gidlarning tarixiy, madaniy va maʼrifiy maʼlumotlarni turistlarga aniq va ishonchli yetkazishdagi masʼuliyatiga eʼtibor qaratildi. Ekskursiyalarni mazmunli tashkil etish, notiqlik va muloqot koʻnikmalarini takomillashtirish, xorijiy tillarni bilish, zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish hamda kasbiy etika tamoyillariga rioya etish muhim kompetensiyalar sifatida qayd etildi.

Kursning yana bir muhim mashgʻuloti Oʻzbekistonning tarixiy-madaniy merosi va uning ziyorat turizmini rivojlantirishdagi ahamiyati mavzusiga bagʻishlandi. Unda Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent, Shahrisabz va Termiz kabi tarixiy shaharlarning jahon sivilizatsiyasidagi oʻrni, meʼmoriy obidalar, arxeologik yodgorliklar va nomoddiy madaniy meros haqida maʼlumot berildi.

Shu bilan birga, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband kabi buyuk allomalarning ilmiy-maʼnaviy merosi, ular bilan bogʻliq ziyorat maskanlarining ahamiyati hamda ziyorat turizmini rivojlantirishda tarixiy obidalarni asrash, ishonchli maʼlumot taqdim etish va infratuzilmani takomillashtirish masalalariga alohida urgʻu berildi.

12–14-avgust kunlari oʻtkazilgan oʻquv mashgʻulotlari bilan mazkur malaka oshirish kursi yakuniga yetdi. Kurs davomida tinglovchilarning islom maʼrifati, hadis ilmi, Imom Buxoriy merosi, tarixiy-madaniy meros va ziyorat turizmiga oid bilimlarini boyitish bilan bir qatorda, amaliy va kasbiy koʻnikmalarini rivojlantirishga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Yakuniy mashgʻulotlarda egallangan bilimlarni mustahkamlash va ularni amaliy faoliyatda samarali qoʻllash muhimligi taʼkidlandi. Mazkur oʻquv kursi tinglovchilarning maʼrifiy va kasbiy salohiyatini yuksaltirish, shuningdek, Islom maʼrifati va milliy-tarixiy merosni keng targʻib etishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





