Home / XALQARO YANGILIKLAR / KALIMANTANPOST: «SAHIHUL BUXORIY» IZIDAN — INDONEZIYALIK IKKI OLIM SAMARQANDDA ILMIY IZLANISHDA

KALIMANTANPOST: «SAHIHUL BUXORIY» IZIDAN — INDONEZIYALIK IKKI OLIM SAMARQANDDA ILMIY IZLANISHDA

Indoneziyaning Jakarta shahridagi Qurʼon ilmlari instituti (Institut Ilmu Al-Qurʻan — IIQ Jakarta)ning ikki oʻqituvchisi — doktor Shamsul Ariyadi va doktor Ahmad Havosiy “Imam Bukhari International Scholarship 2026” (Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya) dasturi doirasida tadqiqotchi sifatida Oʻzbekistonda ilmiy izlanish olib borish huquqini qoʻlga kiritdi.

Mazkur dastur Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imomi Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan tashkil etilgan boʻlib, amaliyot 2026-yil 1-avgustdan 30-sentyabrga qadar davom etadi. Uning doirasida tadqiqotchilarimiz islom ilmlari, Markaziy Osiyoning ilmiy-intellektual merosi, mintaqaning tarixi va madaniyati, shuningdek, qoʻlyozmalar va Sharq sanʼati yoʻnalishlarida ilmiy izlanishlar olib bormoqda.

Doktor Shamsul Ariyadining tadqiqoti “Genealogy and Contextualization of Sahih Al-Bukhari in the Context of Javanese Culture” (Yava madaniyati nuqtayi nazaridan “Sahihul Buxoriy”ning sanadi va sharhi) mavzuida boʻlib, unda ushbu mashhur asarning Nusantara madrasalaridagi «maʼno gandul» anʼanasi orqali avloddan avlodga oʻtishi va Yava madaniyatidagi oʻrni oʻrganiladi.

Doktor Ahmad Havosiy esa “The Impact of Sahih al-Bukhari on the Development of Tafsir Literature in Indonesia in the 20th Century” (XX asrda “Sahihul Buxoriy”ning Indoneziyadagi tafsir ilmi rivojiga taʼsiri) mavzusida tadqiqot olib bormoqda. U “Sahihul Buxoriy” asarining XX asr Indoneziya mufassirlari asarlaridagi “izlari”ni tahlil qiladi.

12-avgust kuni har ikki tadqiqotchi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rahbariyati va ilmiy xodimlari huzurida oʻz ilmiy loyihalarining dastlabki taqdimotlarini oʻtkazdi. Tadbirda IIQ Jakarta rektori va institut jamoasi Indoneziyadan turib onlayn tarzda ishtirok etdi.

Olimlarimiz uchun turar-joy va zamonaviy ish kabineti ajratilgan, boy kutubxonadan foydalanish imkoniyati berilgan, ilmiy izlanishlarni samarali tashkil etish uchun boshqa zarur maʼmuriy yordam koʻrsatilmoqda.

IIQ Jakarta rektori professor doktor Hoji Najmatul Faiza ikki oʻqituvchining Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiyaga sazovor deb topilganini yuqori baholadi. Uning taʼkidlashicha, mazkur yutuq nafaqat akademik muvaffaqiyat, balki Indoneziya bilan Oʻzbekiston oʻrtasidagi ilmiy-akademik aloqalarni yanada mustahkamlash, shuningdek, mamlakatlarimiz olimlarining jahon islom merosini oʻrganishga qoʻshayotgan hissasini kengaytirishga xizmat qiladi.

Indoneziyalik ikki olimning Imom Buxoriy merosi bilan bogʻliq muhim ilmiy mavzularni Samarqandda tadqiq etayotgani Oʻzbekiston bilan Indoneziya oʻrtasidagi ilmiy hamkorlikning yana bir yorqin namunasi boʻlyapti.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Gid-ekskursovodlar malakasi oshirilmoqda

Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi va uning tarkibidagi Innovatsion muzeyda faoliyat yurituvchi gid-ekskursovodlarning kasbiy malakasini oshirish, …