Home / FOTO LAVHALAR / Imom Buxoriy merosi – indonez olimlarining yangi tadqiqotlari negizi

Imom Buxoriy merosi – indonez olimlarining yangi tadqiqotlari negizi

Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya dasturi doirasida Markazda amaliyot oʻtayotgan indoneziyalik tadqiqotchilar – Jakarta Qurʼon ilmlari instituti doktori Ahmad Havosiy Mahfuz Sain va tadqiqotchi Shamsul Ariyadi oʻz ilmiy izlanishlari yuzasidan taqdimot oʻtkazdi. Tadbirda Janubi-Sharqiy Osiyoning eng yirik musulmon davlati boʻlmish Indoneziyada Imom Buxoriy va “Sahihul Buxoriy” asarining tutgan oʻrni, manbaning mahalliy tafsirshunoslik va Yava anʼanaviy madaniyatiga koʻrsatgan chuqur taʼsiri atroflicha yoritildi.

Ahmad Havosiy Mahfuz Sain «XX asrda Indoneziyada “Sahihul Buxoriy” asarining tafsir kitoblari rivojiga taʼsiri» mavzusidagi taqdimotida oʻtgan asrda oʻz yurtida milliy va mahalliy tillarda tafsir yozish milliy uygʻonish bosqichiga koʻtarilganini taʼkidladi.

Olimning qayd etishicha, “Sahihul Buxoriy” mahalliy mufassirlar uchun alohida akademik va uslubiy mezon vazifasini oʻtagan. Maʼruzada taʼkidlanganidek, ushbu nodir manba Indoneziya tafsir maktabini turli toʻqima rivoyatlar va zaif hadislardan tozalashda, aqida, fiqhiy hukmlar hamda jamiyatdagi zamonaviy muammolarni (ayollar huquqlari, ijtimoiy va ilmiy masalalarni) shariat nuqtayi nazaridan toʻgʻri talqin qilishda asosiy manba boʻlib xizmat qilmoqda. Bu jarayon mamlakatda “tafsir bir raʼy” (shaxsiy fikrga asoslangan tafsir)dan “tafsir bil maʼsur” (sahih manbalarga tayangan tafsir)ga oʻtishda muhim omil boʻlyapti.

Shamsul Ariyadi esa «Yava madaniyati kontekstida “Sahihul Buxoriy”ning genealogiyasi tahlili» nomli taqdimotida Movarounnahr ilmiy muhitida yaratilgan hadis ilmi anaʼanalarining Yava orolidagi anʼanaviy diniy maktablar (pesantren – santrilar, yaʼni islomni oʻrganuvchi oʻquvchilar maskani) tizimiga kirib borish bosqichlarini ochib berdi. Tadqiqotchi mahalliy aholi orasida “Sahihul Buxoriy”ni oʻqitish, sharhlash va anglatishda qoʻllanadigan “Makna Gandul” (Makna Gandhul) nomli noyob metodologiyaga alohida toʻxtaldi. Bu usul arabcha asl matn bilan birga yava va pegon (arab yozuviga asoslangan yavacha) tillarida grammatik va mazmunga oid sharhlarni satrlararo joylashtirish orqali manbaning asliyati va akademik nufuzini saqlagan holda uni mahalliy madaniyatga moslashtirish (mahalliylashtirish) imkonini bergan.

Olimlar oʻz xulosalarida Movarounnahrning boy ilmiy merosi, xususan, Imom Buxoriyning sahih toʻplami asrlar davomida qitʼalararo madaniy va maʼnaviy koʻprik vazifasini oʻtab kelganini, bugungi kunda ham Janubi-Sharqiy Osiyo musulmonlarining ilmiy va maʼnaviy hayotida yetakchi oʻrin tutishda davom etayotganini eʼtirof etdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Gid-ekskursovodlar malakasi oshirilmoqda

Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi va uning tarkibidagi Innovatsion muzeyda faoliyat yurituvchi gid-ekskursovodlarning kasbiy malakasini oshirish, …