Home / FOTO LAVHALAR / Ilmiy-maʼrifiy mavzularda dolzarb maʼruzalar tinglandi

Ilmiy-maʼrifiy mavzularda dolzarb maʼruzalar tinglandi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida ilmiy-maʼrifiy yoʻnalishdagi navbatdagi maʼruzalar tashkil etildi. Unda Imom Buxoriyning boy ilmiy merosi, hadislardagi ijtimoiy-axloqiy qadriyatlar, ziyorat turizmida xizmat koʻrsatish madaniyati hamda islom maʼrifatining asosiy tamoyillari yoritildi.

Maʼruzalardan birida Imom Buxoriyning 24 ta asar yaratgani, ulardan 12 tasi bizgacha yetib kelgani va bu asarlarning bugungi kundagi ilmiy-maʼrifiy ahamiyati haqida maʼlumot berildi. Hadislarda aks etgan rostgoʻylik, qarindoshlik rishtalarini asrash, qoʻshniga yaxshilik qilish, insonlar bilan goʻzal muomala, omonatdorlik, vaʼdaga vafo, saxovat, mehr-shafqat, gʻazabni jilovlash va kechirimlilik kabi qadriyatlarning mazmun-mohiyatiga toʻxtalib oʻtildi.

Shuningdek, ziyorat turizmi obyektlarida ekskursantlarga xizmat koʻrsatish qoidalari haqida soʻz yuritilib, Samarqand viloyatida ziyorat turizmini rivojlantirish, ziyorat obyektlarining turistik salohiyati va tashrif buyuruvchilarga sifatli xizmat koʻrsatish masalalari yoritildi. Gid-ekskursovodning tarixiy maʼlumot berish bilan birga, ziyoratgohning maʼnaviy muhitini asrash, diniy va madaniy qadriyatlarga hurmat bilan munosabatda boʻlish, xavfsizlikni taʼminlash hamda tashrif buyuruvchilarga odob-axloq va tashrif qoidalarini tushuntirishdagi masʼuliyati taʼkidlandi.

Maʼruzada tarixiy maʼlumotlarni ishonchli manbalar asosida yetkazish, tarixiy faktlar bilan rivoyatlarni farqlash, diniy masalalarda xolislikni saqlash, turli millat va madaniyat vakillariga nisbatan xushmuomalalik, bagʻrikenglik va hurmat tamoyillariga amal qilish zarurligi qayd etildi.

Tadbirda islom maʼrifatining asosiy tamoyillari ham muhokama qilinib, ilmga intilish, fikrlash va tafakkur qilish, bilimni axloq bilan uygʻun holda qoʻllash muhim ekani taʼkidlandi. Maʼrifatli jamiyatda oʻzaro hurmat, bagʻrikenglik va tinch-totuvlik ustuvor boʻlishi, inson oʻz qarashlarini zoʻrlik bilan emas, balki muloqot va tushuntirish orqali yetkazishi lozimligi qayd etildi.

Shuningdek, Markaziy Osiyo asrlar davomida islom ilmi va maʼrifati rivojlangan muhim hududlardan biri boʻlgani, bu zamindan Abu Ali ibn Sino, Muhammad Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi buyuk allomalar yetishib chiqqani taʼkidlandi.

Ilmiy-maʼrifiy tadbirlar ajdodlarimizning boy ilmiy merosini oʻrganish, yosh avlodda ilmga hurmat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sadoqat, maʼnaviy barkamollik hamda mustaqil fikrlash koʻnikmalarini shakllantirishga xizmat qiladi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Imom Buxoriy merosi hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini belgilamoqda

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Oʻzbekiston va Indoneziyaning ilmiy-taʼlim va maʼrifiy muassasalari vakillari ishtirokida uchrashuv …