Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi va uning tarkibidagi Innovatsion muzeyda faoliyat yurituvchi gid-ekskursovodlarning kasbiy malakasini oshirish, xizmat koʻrsatish standartlarini takomillashtirish va ziyoratchilarga sifatli ekskursiya xizmatlari koʻrsatish maqsadida “Islom maʼrifati, hadis ilmi va Imom Buxoriy merosi” mavzusida malaka oshirish oʻquv kursi tashkil etildi.

“Imom Buxoriy majmuasining faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha Yoʻl xaritasi”ning ijrosi doirasida Markazda oʻtkazilayotgan mashgʻulot Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Diniy-maʼrifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash instituti, Samarqand viloyati hokimligi hamda Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini saqlash, atrof hududlarini obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish departamenti hamkorligida tashkil etildi.
Tinglovchilarga turizm sohasini tartibga soluvchi qonunchilik, diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, bu jarayonda Imom Buxoriy yodgorlik majmuasining oʻrni, islom maʼrifatining asosiy tamoyillari, Oʻzbekistonning ziyorat turizmi borasidagi salohiyati va uni rivojlantirish istiqbollari haqida maʼlumotlar berilmoqda. Shuningdek, Imom Buxoriyning ilmiy merosi, hadislardagi ijtimoiy-axloqiy qadriyatlar, alloma asarlarining jamiyat maʼnaviy muhiti va barqarorligini taʼminlashdagi ahamiyatiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Amaliy mashgʻulotlarda gid-ekskursovodlik faoliyatining oʻziga xos jihatlari, professional mahorat va kasbiy malakani rivojlantirish, ziyorat turizmi obyektlarida xizmat koʻrsatish qoidalari va tarixiy-madaniy meros obyektlarini ziyoratchilarga professional tarzda tanishtirish masalalari muhokama qilinmoqda. Zero, ziyorat turizmi obyektlarida faoliyat yurituvchi gid-ekskursovod nafaqat tarixiy va diniy maʼlumotlarni yetkazuvchi mutaxassis, balki mamlakatning boy tarixiy-madaniy merosi, milliy qadriyatlari va maʼrifiy salohiyatini mahalliy va xorijiy ziyoratchilarga tanishtiruvchi fidoyi fuqarodir.

Shu nuqtayi nazardan, gid-ekskursovodlarning diniy-maʼrifiy va tarixiy bilimlari bilan bir qatorda, muloqot madaniyati va kasbiy mahoratini muntazam oshirib borish ziyorat turizmi xizmatlari sifatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

36 soatga moʻljallangan mashgʻulot uch kun davom etadi. Bu tadbir Imom Buxoriy yodgorlik majmuasida ziyorat turizmi xizmatlarini yanada takomillashtirish, gid-ekskursovodlarning kasbiy va maʼrifiy salohiyatini oshirish hamda ziyoratchilar uchun mazmunli va yuqori saviyadagi ekskursiya xizmatlarini yoʻlga qoʻyishga yoʻnaltirilgan.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





