Home / MAQOLA / Toʻgʻri yoʻl – VATANGA SODIQ BOʻLISH

Toʻgʻri yoʻl – VATANGA SODIQ BOʻLISH

Inson qancha farovon yashamasin, u yana mukammal tizim istayveradi. Shundan boʻlsa kerak, baʼzan “oʻtmishdagi falon tuzumni tiklash kerak” degan gaplar quloqqa chalinadi. Zamon bilan ham nafas boʻlish oʻrniga, ayrimlarning ortga qaytish orzusi kishi ni ajablantiradi.

Tarix – faqat “sogʻinish” uchun emas, balki undan toʻgʻri xulosa chiqarib, kelajakni mustahkam koʻrishga xizmat qilishi kerak. Zero, har bir davrning oʻz haqiqati va boshqaruvdagi zaruratlari boʻladi.

Afsuski, ijtimoiy tarmoqlarda “hozir xalifalik boʻlgandamidi…” degan mazmunda chiqishlar qilib, odamlar orasiga fitna urugʻini sochayotganlar hamon uchraydi. Ular yoshlarimizni “xalifalik qurish zarur” va “Vatanni tashlab, oʻzga yurtlarga hijrat qilish kerak” kabi yot gʻoyalar bilan chalgʻitib, ongu shuurini zaharlashga urinmoqda. Bu soxta daʼvatlarga ergashganlar esa oʻzga yurtlarda xoru zor boʻlib, oʻlib ketmoqda yoki yurtda panjara ortiga ravona boʻlmoqda. Ularga yaqin oʻn yillar ichida Suriya va Iroqdagi sodir boʻlgan voqealar, ISHID kabi terrorchi tashkilotlarning xunrezliklari saboq boʻlmayapti.

“Xalifalik”, “hijrat” yoki “boshqa yurtda najot bor” degan chaqiriqlar aslida insonni oʻz ildizidan, oilasidan, farzandidan va haqiqiy saodatdan uzoqlashtiruvchi yoʻl. Bu yoʻl hech qaysi diniy manbada asoslanmagan yo hech qaysi mazhabda maqtalmagan. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy kabi buyuk allomalarimiz ham umrini musofirlikda ilm talabi, sahih hadislarni jamlash bilan oʻtkazgan boʻlsa-da, pirovardida oʻz yurtiga kelib omonatini topshirgan.

Ularning birortasi “davlatni mana bunday qurish kerak”, “xalifa saylab unga ergashish kerak” deb taʼlim bermagan. Butun umrini ilm olish, din va xalqqa manfaat keltirishdek xayrli ishlar bilan oʻtkazgan. Oʻz asarlarida esa rahbarlarga itoatli boʻlish, fitnalar, boʻhtonlar va insonlarga zarar keltiradigan barcha ishlardan tiyilishga undagan. Ular bizga fitna emas – farosatni, vayronkor gʻoya emas – ilmni, yurtdan qochish emas – xalqqa xizmat qilishni meros qoldirgan.

Demak, bugungi eng toʻgʻri yoʻl Vatanga sodiq boʻlish, yoshlar ongini har xil buzgʻunchi taʼsirlardan asrash, jamiyatda osoyishtalik va birlikni mustahkamlashdir. Chunki yurtni asrash – iymondan, odamlarni ogoh qilish – vijdondan, soxta chaqiriqlarga aldanmaslik esa aql va masʼuliyatdan dalolat beradi.

Zero, haqiqiy baxt tinch va barqaror hayot, qonuniy himoya, maʼnaviy xotirjamlik, ilm olish imkoniyati va Vatan ravnaqi yoʻlida halol xizmat qilishdadir. Oʻtmishni orzu qilish bilan kelajakni qurib boʻlmaydi. Aksincha, tarixdan toʻgʻri saboq chiqargan jamiyatgina mustahkam taraqqiyotga erishadi.

Tohir EVADULLAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Manba: Hidoyat jurnali 2026-yil 5-son

Check Also

IMONNING HAQIQATI  (Abul Barakot Nasafiyning “Al-Eʼtimod fil eʼtiqod” asari asosida)

Imonning lugʻaviy maʼnosi tasdiq etish, ishonishdir. Alloh taolo Yusufning birodarlari haqida xabar berib: ﴿وَمَا أَنْتَ …