Yurtimiz qoʻlyozma fondlarida saqlanayotgan nodir manbalar koʻp asrlik ilmiy, maʼnaviy va madaniy merosimizning ajralmas qismidir. Ushbu yozma manbalar xalqimiz tarixiy tafakkuri, ilmiy salohiyati va maʼnaviy qadriyatlarini oʻzida mujassam etgan tarixiy asar sifatida muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, fiqhga tegishli asarlarning keng tarqalgani mintaqada mazkur fanga oid maktabning ilmiy anʼanalari chuqur ildiz otganidan dalolat beradi.
Fiqhga oid asarlarda nafaqat fiqhiy hukmlar, balki kitobat sanʼati, xattotlik anʼanalari, qoʻlyozma madaniyati va ilmiy muhitga taalluqli qimmatli maʼlumotlar aks etgan. Shu bois ushbu manbalarni ilmiy jihatdan tavsiflash, kodikologik xususiyatlarini oʻrganish va ilmiy muomalaga kiritish hozirgi kundagi dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi qoʻlyozmalar fondida islom huquqi – fiqh ilmiga oid 300 ga yaqin nodir asarlar saqlanadi. Mazkur qoʻlyozmalar islom huquqi tarixining turli davrlari, fiqh ilmi maktablari va huquqiy-nazariy qarashlarini oʻrganishda muhim manba hisoblanadi. Ular orasida №7, №100/II va №217/IV inventar raqamlari bilan saqlanayotgan qoʻlyozmalar oʻzining mazmuni, qoʻlyozma tarkibi, xattotlik va bezak unsurlari, matnning saqlanish holati hamda ilmiy-manbaviy qiymati bilan alohida eʼtiborga loyiqdir.
Ulardan biri №7 raqam ostida saqlanayotgan, buyuk ajdodimiz Burhoniddin Margʻinoniyning fiqhga oid “Hidoya” asarining 1-jildi boʻlib, u 348 varaqdan iborat. Ushbu asar 1242/1826-yilda Ahmad Xoʻja ibn Bahodir Xoʻja Eshon[1] tomonidan nastaʼliq xatida koʻchirilgan. Asar arab tilida boʻlib, “Tahorat kitobi”dan boshlangan va “Vaqf kitobi”da tugagan. Uning bob va fasllari qizil siyohda yozilgan. Asar muqovasi yashil rangli, bosma naqshli, sharq muqovasi boʻlib, unda turundj[2] (doira shaklidagi naqsh) va lola bosma shakllari mavjud. Tayakisi charmdan ishlangan. Asarning forzas[3] – 01-03 varaqlarda hadis, xattot mashqi, muallif haqida maʼlumotlar qayd qilingan. Har bir varaq 17 qatordan tashkil topgan. Kurrosalari 8 varaqdan iborat. Matn oʻlchami 19,5´10 sm, varaq oʻlchami esa 26´20 sm.ni tashkil etadi.
Asar 1b– varaqdan basmala bilan boshlanib, quyidagicha davom etgan:
الحمد لله الذى اعلى معالم العلم و اعلامه و اظهر شعائر الشرع و احكامه و بعث رسلا و انبياء صلوات الله عليهم اجمعين الى سبل الحق هادين و اخلفهم علماء الى سنن سنتهم داعين يسلكون فيما لم يؤتر عنهم مسلك الاجيهاد مسترشدين منه فى ذلك و هو و لى الارشاد[4]
“Butun hamdu sano Allohga xosdir. U ilmga yoʻl boshlovchilarni va allomalarni yuqori darajaga koʻtardi, shariat shiorlari va hukmlarini namoyon qildi. Rasul va Nabiylarni – ularga Allohning salotu salomi boʻlsin – haq yoʻlga boshlovchi qilib yubordi. Ulardan keyin sunnat yoʻllariga daʼvat qiluvchi ulamolarni qoldirdi. Ular paygʻambarlardan rivoyat qilinmagan masalalarda ijtihod yoʻlini tutadi va bu borada undan hidoyat soʻraydi. U (Alloh) toʻgʻri yoʻlning haqiqiy egasidir”.
Asar oxiri. 348b varaqda qoʻyidagi soʻzlar bilan tugagan:
و لأن الحاجة يشتمل الغنى و الفقير في الشرب و النزول و الغني لا يحتاج الي صرف هذه الغلة لغناه[5]
Asarning kolofon[6] qismi 348b varaqda joylashgan boʻlib, unda mazkur asarning 1242/1826-yili Ahmad Xoʻja ibn Bahodir Xoʻja Eshon tomonidan koʻchirilgani qayd etilgan.
تمت الكتاب بالعون ملك الوهاب الفقير الحقير أحمد خواجه بن بهادر خواجه ايشان ١٢٤٢ اللهم اغفرلى و لوالدى و لاستازى ولمن قرأ و لمن نظر صحف و لمن مس بطهارة و لجميع المؤمنين و المؤمنات و المسلمين و المسلمات برحمتك يا ارحم الراحمين
Yana bir muhim fiqhga oid asar №217/IV inventar raqami ostida saqlanayotgan qoʻlyozmalar majmuasi boʻlib, umumiy hajmi 70 varaqdan iborat. Unda quyidagi 6 asar jamlangan:
– Saʼduddin Masʼud ibn Umar Taftazoniyning (vaf. 791/1389-y.) “Sharh matolibul musalli” (“Sharh fiqhul Kaydoniy);
– Hofiz Jaloluddin Abdurrahmon ibn Abu Bakr Suyutiyning (841/1437-911/1505) “Lubobul hadis” (“Al-ahadis salasa va salasiyn abvaban”);
– Abdurahmon ibn Ahmad Jomiyning (1414-1492-y.) “Arbaʼina hadisa” (“Chihil hadis”);
– Alisher Navoiyning (1441-1501-y.) “Arbaʼin hadis”;
– Oxund Mullo Zohidning (vaf. 1101/1689-1690-y.) “Chihl bayt dar bayoni maxorij” (“Qavoidi Qurʼon, Qavoidi mahoriji huruf”);
– Sirojiddin Sijovandiyning “Faroizus Sirojiya” (“Sirojiya fil faroiz”, “Faroizus Sijovandiy”) asarlari oʻrin olgan.
Majmuaning 40b-61a varaqlarida Sirojiddin Abu Tohir Muhammad ibn Muhammad ibn Abdurashid Sijovandiy Faroziyning (XIII asr) “Faroizus Sirojiya” asari joylashgan. Mazkur asar manbalarda “Sirojiya fil faroiz”, “Faroizus Sijovandiy”[7] kabi nomlar bilan ham mashhur boʻlgan.
Asar Sharq olamida juda mashhur boʻlib, unda merosni olish yoki undan mahrum qilish masalalari, marhumdan qolgan mol-mulkdan meros olishga haqli boʻlganlar, taqsimlanadigan meros miqdori, merosxoʻrlarning meros olish tartiblari va darajalari fasllar va boblarga ajratilgan holda bayon qilingan. Shuningdek, asarning hoshiyasida merosga oid oyat va hadislar keltirilgan. Jumladan, meros taqsimoti arifmetik misollar bilan batafsil bayon qilingan.
Asar nastaʼliq xatida kitobat qilingan. Har bir sahifasidagi matn 11 qatordan iborat. Matni sharq qogʻoziga qora siyohda, bob va fasl nomlari esa qizil siyohda koʻchirilgan. Kurrosalari 8 varaqdan iborat boʻlib, matn oʻlchami 18,5´90 sm, varaq oʻlchami esa 26´15 sm.ni tashkil etadi.
Asarning kolofon qismi 61a varaqda joylashgan boʻlib, unda asarning koʻchirilgan yili, joyi va xattotning nomi qayd etilgan.
قد تمت الرساله الموسومه بالسراجى وقت استوا الشمس يوم السبت فى شوال فى معاصر دار السلطنه سيد امر مظفربها در سلطان عظم الله تعالى ملكه وشأنه الى يوم الدين وكان من هجرة النبى عليه السلام الفا ومأتان سبعة وسبعين سنة فى بلدة كته قورغان بيد اخدم خدام احقر الطلاب والضرام مولدا ببلدة الخوقند محمد صديق بالطاف النور والتحقيق والله المستعان والموفق تمت[8]
Asar 1277/1861-yil shavvol oyining shanba kuni, choshgoh paytida qoʻqonlik xattot Muhammad Siddiq tomonidan Buxoro amiri Sulton Amir Muzaffar (1819-1885-y.) hukmronligi davrida Kattaqoʻrgʻon shahrida yozib tugallangani keltirilgan.
Fiqhga oid nodir manbalardan yana biri Alouddin Muftiy Buxoriyning (XIII asr) qalamiga mansub “Hayratul fuqaho va xijlatul fuzalo” asari boʻlib, u Markaz fondida № 100/II inventar raqami bilan saqlanadi.
Muallif asar muqaddimasida 695/1296-yillar Movarounnahr diyorida islom dini zaiflasha boshlagandan soʻng dinning mavqeyini tiklash maqsadida mazkur asarni yozgani haqida maʼlumot bergan. Asar Buxoroda yozilib u yerdagi faqihlar orasida muhokamadan oʻtgan. Kitob Nasrullo Gʻoziy Navroʻzbekxonga atalgan edi. U Oltin Oʻrda saroyining soʻngi xonlaridan biri boʻlib, ushbu davlat tarixida katta iz qoldirgan. Muallif asarda shariat ahkomlaridan 250 ta masalani bayon etgan. Shuningdek, Saraxsiyning (544/1149) “Muhit”, Mahmud Buxoriyning (vaf.570/1174) “Tatimmatu fatovo” kabi asarlar ham zikr etilgan. Mazkur qoʻlyozmani Sayyid Subhonquli Muhammad Bahodirxon (1091/1680-1114/1702) 1100-yilda kitobdor Mirzo Barqiyga tahrir qilishni buyurgan[9].
Mazkur qoʻlyozma asarning umumiy hajmi 138 varaqni tashkil etadi. Nusxa nastaʼliq xatida koʻchirgan. Har bir varagʻida matn qatorlari 15 satrdan iborat. Asar qora siyohda, bob va fasl nomlari esa qizil siyohda sharq qogʻoziga koʻchirilgan. Kurrosalari 8 varaqdan iborat boʻlib, matn oʻlchami 18,5´90 sm.ni va varaq oʻlchami esa 26´15,5 sm.ni tashkil etadi.
Asar kolofoni 179b-180a varaqda boʻlib, unda qoʻlyozmaning koʻchirilgan yili va xattoti quyidagicha qayd etilgan:
ان نسخة شريفة لطيفة مسمى بحيرة الفقهاء وخجلة الفضلاء كه از مردوم دور ومستور وغيرمشهور بوده جون در نظرانور حضرت خان عاليشان المستحق فى جوار رحمة الله الملك المنان ابو الفتح سيد سبحان قلى محمد بهادرخان درآمده وحضرت خلافت پناه امر فرموده اند باهتمام بنده دركاه خواجه انصاف خواجه پیر اى تحرير نموده است ميرزا برقى كتابدار در تاريخ سنة ١١٠٠ واين نسخة فاصة شريفة بود بنوشتن ان مقيد كرديد بنده ضعيف بمقدار عبد الواحد فقير هقر سنة [10]١٢٨٤
Asar kolofonida ushbu qoʻlyozma 1284/1867-yil xattot Abdulvohid tomonidan koʻchirilgani qayd qilingan.
Maqolada tahlil qilingan qoʻlyozmalar fiqh ilmining Markaziy Osiyoda yuksak darajada rivojlanganini, mazkur hududda hanafiy mazhabi anʼanalari mustahkam ilmiy maktab sifatida shakllanganini tasdiqlaydi. Shuningdek, ushbu manbalarni kataloglashtirish, raqamlashtirish va ilmiy muomalaga kiritish qoʻlyozmalarni saqlash va manbashunoslik, islomshunoslik hamda fiqh tarixi boʻyicha tadqiqotlarni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, kyelgusida mazkur qoʻlyozmalarning qiyosiy matnshunoslik tahlili, ilmiy-tanqidiy matnlarini tayyorlash va ularning raqamli kataloglarini yaratish fiqh ilmini yanada chuqurroq oʻrganish imkonini beradi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





