Home / FOTO LAVHALAR / Imom Buxoriy merosi hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini belgilamoqda

Imom Buxoriy merosi hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini belgilamoqda

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Oʻzbekiston va Indoneziyaning ilmiy-taʼlim va maʼrifiy muassasalari vakillari ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Muloqotda Markaz masʼullari bilan Indoneziyaning Navaviy nomidagi Islom instituti va JATMAN (Soʻfiylik tariqatlari tashkiloti) rahbariyati delegatsiyasi vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuvda ikki mamlakat oʻrtasidagi ilmiy-maʼrifiy aloqalarni yanada rivojlantirish, boy maʼnaviy merosni birgalikda oʻrganish va targʻib qilish, taʼlim va ilmiy tadqiqot sohalarida tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.

Muloqot davomida Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Abu Ali ibn Sino, Muhammad Xorazmiy va Mirzo Ulugʻbek kabi buyuk allomalarning ilmiy-maʼnaviy merosi butun insoniyat uchun umumiy boylik ekani taʼkidlandi. Xususan, ilmni  rivojlantirish yoʻlida Imom Buxoriyning haqiqat, ishonchlilik va yuksak axloqiy qadriyatlarga asoslangan yondashuvi bugungi kunda ham muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.

Uchrashuvning muhim natijasi sifatida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan Indoneziyaning mazkur muassasalari oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida Anglashuv memorandumi imzolandi. Hujjat ilmiy-tadqiqot sohasida hamkorlikni kengaytirish, akademik almashuvlarni yoʻlga qoʻyish, konferensiya, seminar va davra suhbatlari tashkil etish, shuningdek, qoʻshma maʼrifiy loyihalarni amalga oshirish uchun huquqiy asos yaratadi.

Tashrif doirasida indoneziyalik mehmonlar Markaz va Imom Buxoriy majmuasi bilan tanishib, buyuk muhaddisning hayoti va ilmiy faoliyati, hadis ilmi rivojiga qoʻshgan hissasi, Oʻzbekistonda uning ilmiy-maʼnaviy merosini oʻrganish va targʻib qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumotga ega boʻldi.

Muloqot Oʻzbekiston bilan Indoneziya oʻrtasidagi tarixiy va maʼnaviy yaqinlikni yanada mustahkamlash, ilm-fan va maʼrifat sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Markaz nashrlari mahalla ahlida katta qiziqish uygʻotdi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan tayyorlanib, nashr etilayotgan kitob va risolalar aholi orasida tobora …