Imonning lugʻaviy maʼnosi tasdiq etish, ishonishdir. Alloh taolo Yusufning birodarlari haqida xabar berib:
﴿وَمَا أَنْتَ بِمُؤْمِنٍ لَنَا وَلَوْ كُنَّا صَادِقِينَ﴾
“Agar rostgoʻy boʻlsak ham, sen bizga ishonmaysan”[1], yaʼni bizni rostgoʻy deb tasdiqlovchi emassan, degan.
Shundan kelib chiqib aqida olimlari: “Imon qalb bilan tasdiqlamoqdir. U Rasul alayhissalomni Alloh taolo huzuridan keltirgan narsalari borasida rostgoʻy deb tasdiqlashdir”, deydi.
Allohga, farishtalarga, kitoblarga, paygʻambarlarga, oxirat kuniga tafsilotlari bilan imon keltirish ham imonning ruknlaridan hisoblanadi. Kim mazkur narsalarni qalbi bilan tasdiqlasa, Alloh taoloning nazdida moʻmin hisoblanadi.
Til bilan iqror boʻlish esa islom ahkomlarini ijro etishda shart hisoblanadi. Abu Hanifa rahimahullohdan keltirilgan ikkita rivoyatning birida shunday deyilgan. Shayx Abu Mansur Moturidiy ham shuni maʼqullagan.
Kufr imonning ziddi boʻlib, u yolgʻonga chiqarish va inkor etish maʼnosini anglatadi. Kufr ham imon singari qalbga oid ishdir. Shuning uchun kufr imonning ziddi, deyiladi.
Alloh taolo:
﴿فَمَنْ يَكْفُرْ بِالطَّاغُوتِ وَيُؤْمِنْ بِاللَّهِ فَقَدِ اسْتَمْسَكَ بِالْعُرْوَةِ الْوُثْقَى﴾
“Kim togʻutga kufr keltirib, Allohga imon keltirsa, batahqiq, mustahkam tutqichni ushlagan boʻladi”[2], degan. Oyatda “togʻutga kufr keltirib, Allohga imon keltirsa” degan iboradan shaytonni yolgʻonga chiqarib, Allohni tasdiq etish nazarda tutilgan.
Baʼzilar: “Imon – maʼrifat (bilmoq)dir” degan. Bu gap xatodir. Chunki ahli kitoblar Nabiy sollallohu alayhi vasallamni xuddi bolalarini bilgandek bilardi. Alloh taolo:
﴿الَّذِينَ آَتَيْنَاهُمُ الْكِتَابَ يَعْرِفُونَهُ كَمَا يَعْرِفُونَ أَبْنَاءَهُمْ﴾
“Kitob berilganlar uni xuddi bolalarini tanigandek taniydi”[3], degan. Ammo ular (ahli kitoblar) imon keltirmadi, yaʼni tasdiqlamadi. Bundan imon faqatgina bilishdan iborat emasligi maʼlum boʻladi.
Baʼzilar: “Imon faqat til bilan iqror boʻlmoqdir”, degan. Bu gap ham xatodir. Alloh taolo:
﴿وَقَلْبُهُ مُطْمَئِنٌّ بِالْإِيمَانِ﴾
“Qalbi imon bilan xotirjam boʻlgan kishi”[4], degan. Bu imonning oʻrni til emas, qalb ekanini anglatadi.
Amallar imon ruknidan hisoblanmaydi. Ammo Molik, Avzoiy va Ahmad ibn Hanbal rahimahumullohlar: “Imon – qalb bilan tasdiqlash, til bilan iqror boʻlish va arkonlarga amal qilishdir”, degan.
Moʻtazilalar: “Imon – barcha toatlarga tegishli ismdir”, degan.
Imom Faxriddin Roziy: “Amallar imon soʻzining ostiga doxil boʻlmaydi”, degan.
Shofiʼiy rahimahulloh: “Fosiqlik (gunoh qilish) insonni imondan chiqarmaydi”, degan.
Amallar imonning ruknidir, deganlarga quyidagicha javob beriladi: “Agar imon shariatdagi barcha amallar uchun ism boʻlsa, ularning birortasi bajarilmay qolganda, imon toʻliq boʻlmagan hisoblanardi. Ammo hayz koʻrgan ayol namoz oʻqimasada, uning imoni toʻliq hisoblanadi. Agar amallar imonning ruknidan boʻlganda, namoz oʻqimagan ayolning imoni toʻliq boʻlmasdi”.
Moʻtazila va xavorijlar: “Gunoh qilgan kishi imondan chiqadi”, degan. Soʻngra moʻtazilalar: “U imondan chiqadi, ammo kufrga kirmaydi. U ikki manzil orasida boʻladi”, deb, xavorijlar esa: “U kufrga kiradi”, deb oʻzaro ixtilof qilgan.
Bunga quyidagicha javob beriladi: Qurʼoni karimda bir necha oʻrinda amallar va imon “va” bogʻlovchisi bilan kelgan.
Alloh taolo:
﴿إِنَّ الَّذِينَ آَمَنُوا وَعَمِلُوا الصَّالِحَاتِ﴾
“Albatta, imon keltirgan va solih amal qilganlar…”[5],
﴿الَّذِينَ يُؤْمِنُونَ بِالْغَيْبِ وَيُقِيمُونَ الصَّلاةَ﴾
“Ular gʻaybga imon keltiradilar va namozni toʻkis ado etadilar”[6], degan. Arab tilida “va” bogʻlovchisi oldingi jumlani keyingi jumladan boshqa ekanini ifodalaydi. Bu imon amaldan boshqa ekaniga dalildir.
Amallar imon ruknidan boʻlmasada, ularning qabul qilinishi uchun imon boʻlishi shart. Chunki imoni yoʻq odamdan amallari qabul qilinmaydi. Alloh taolo:
﴿وَمَنْ يَعْمَلْ مِنَ الصَّالِحَاتِ وَهُوَ مُؤْمِنٌ﴾
“Kimki moʻmin holida yaxshi amallar qilsa…”[7], degan. Bu yaxshi amallarning qabul boʻlishi uchun imon zarur ekaniga dalildir.
Alloh taolo yana:
﴿وَأَطِيعُوا اللَّهَ وَرَسُولَهُ إِنْ كُنْتُمْ مُؤْمِنِينَ﴾
“Agar moʻmin boʻlsangiz, Allohga va Uning Paygʻambariga itoat etinglar”[8], degan. Bu oyatda ham Alloh va Rasuliga itoat etish moʻminlikka bogʻliq ekani taʼkidlangan.
Quyidagi oyat ham soʻzimizni quvvatlaydi:
﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا كُتِبَ عَلَيْكُمُ الصِّيَامُ﴾
“Ey imon keltirganlar! Sizga roʻza farz qilindi”. Bu ham imon va amal boshqa-boshqa narsalar ekanini anglatishi bilan birga, imon soʻzi faqat tasdiq maʼnosini ifodalashiga dalildir.
Alloh taoloning dushmanlari azobni koʻrgan paytda amallarni qoʻyib, tasdiqlash bilan kifoyalanishi ham bunga yaqqol dalildir. Alloh taolo Firʼavnning gʻarq boʻlish holatini tasvirlab bunday deydi:
﴿قَالَ آَمَنْتُ أَنَّهُ لا إِلَهَ إِلا الَّذِي آَمَنَتْ بِهِ بَنُو إِسْرَائِيلَ﴾
“U (Firʼavn): “Bani Isroil imon keltirgan Zotdan oʻzga iloh yoʻqligiga imon keltirdim”, dedi”[9]. Yunus alayhissalom qavmi haqida esa bunday deydi:
﴿آَمَنَّا بِاللَّهِ وَحْدَهُ وَكَفَرْنَا بِمَا كُنَّا بِهِ مُشْرِكِينَ﴾
“(Ular:) “Biz Allohning yolgʻiz Oʻziga imon keltirdik va Unga sherik qilgan narsalarimizga kufr keltirdik” (dedi)”[10].
Jabroil alayhissalom Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan imon haqida soʻraganida, u zot: “Imon – Allohni, farishtalarni, kitoblarni, Paygʻambarlarni va oxirat kunini tasdiq etmogʻing va qadarning yaxshiyu yomonini tasdiqlamogʻingdir”, deganlari ham imon “tasdiqlash” maʼnosida ekaniga dalildir.
Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, Abu Mansur Moturidiy va u kishining izdoshlari imonning asli qalb bilan tasdiqlamoq ekanini taʼkidlagan.
Bundan kelib chiqadiki, qalbida imon keltirib tilida iqror boʻlmagan odam Allohning nazdida moʻmin hisoblanadi. Lekin bu unga islom ahkomlarini ijro etish uchun kifoya qilmaydi. Masalan, tili bilan iqror boʻlmasa, nikohi oʻqilmaydi.
Ammo qalbida imon keltirmay, tili bilan iqror boʻlgan kishi Allohning nazdida kofir hisoblanadi. Lekin ijtimoiy hayotda unga moʻminlardek muomala qilinadi. Bu kabi odamlar Nabiy sollallohu alayhi va sallam davrlarida ham boʻlib, ular munofiqlar, deyilgan.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





