Indoneziyaning nufuzli Kalimantan Post nashrida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi Nodir aka Qobilovning shu nomdagi maqolasi eʼlon qilindi.
Unda Oʻzbekiston bilan Indoneziya oʻrtasidagi tarixiy doʻstlik, ikki mamlakatni birlashtirib turgan umumiy islomiy qadriyatlar va Imom Buxoriy hazratlarining boy ilmiy-maʼnaviy merosi haqida soʻz yuritilgan.
Muallif taʼkidlaganidek, Imom Buxoriy nafaqat Oʻzbekiston, balki butun musulmon olami, xususan, Indoneziya xalqi nazdida yuksak ehtiromga sazovor allomadir. Uning «Al-Jomeʼ as-sahih» asari Indoneziyadagi minglab islom taʼlim muassasalarida asosiy hadis manbalaridan biri sifatida oʻqitiladi.
Shuningdek, maqolada Indoneziyaning birinchi Prezidenti Ahmad Sukarnoning Samarqandga 1956-yildagi tashrifi va Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qilishi ushbu muqaddas qadamjoga davlat miqyosida eʼtibor qaratilishiga turtki boʻlgani alohida qayd etilgan.
Muallif Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining hadisshunoslik, qoʻlyozmalar tadqiqi, xalqaro ilmiy hamkorlik, olimlar almashinuvi va qoʻshma ilmiy loyihalarni amalga oshirish borasida Indoneziyaning qator oliy taʼlim muassasalari bilan samarali hamkorlik qilib kelayotganini taʼkidlaydi. Shu bilan birga, ziyorat turizmi, “halol” industriyasi, taʼlim va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik istiqbollari keng yoritilgan.
Maqola yakunida Imom Buxoriyning ilmiy merosi bugungi kunda Oʻzbekiston va Indoneziya xalqlarini yanada yaqinlashtiruvchi, ilm-fan, maʼrifat va bagʻrikenglik gʻoyalarini targʻib etuvchi mustahkam maʼnaviy koʻprik ekani alohida eʼtirof etilgan.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





