Home / MAQOLALAR / “SADDI ISKANDARIY” DOSTONINING NOMLANISHI XUSUSIDA…

“SADDI ISKANDARIY” DOSTONINING NOMLANISHI XUSUSIDA…

Qurʼoni karimning “Kahf” surasida Sulaymon (a.s.) kabi dunyoni egallagan hukmdorlardan boʻlgan Iskandar haqida zikr etiladi. Alloh unga Yer podshohligini, ilm va hikmatni ato etgan. Alloh yoʻlida boshiga urilgan zarbadan ikki bor oʻlib tirilgani uchun unga “zulqarnayn”, yaʼni “ikki shoxli” laqabi berilganligi keltiriladi[1].

Qurʼonda bayon etilgan Zulqarnayn va Filipp oʻgʻli Iskandar (Aleksandr) Maqduniy (Makedonskiy) ikkisining tarixi oʻxshash boʻlgani uchun tarix va tafsir kitoblarida ayrim chalkashliklar uchraydi.

Qurʼonda qayd etilgan Iskandar Sharqqa yoʻl olar ekan, (kyetayotib) ikki togʻ oʻrtasiga yetib kelgach, u togʻlar ortida gapni sira anglamaydigan qavmni uchratadi. Ular: “Ey, Zulqarnayn! Albatta, (shu togʻlar ortidagi) Yaʼjuj va Maʼjuj (qabilalari) Yer yuzida buzgʻunchilik qiluvchilardir. Bizlar senga bir (miqdor) haq toʻlasak, biz bilan ularning oʻrtasiga bir toʻgʻon (toʻsiq) qurib berurmisan?”, – dedilar.

(Zulqarnayn) aytdi: “Rabbimning menga ato etgan narsalari (sizlar beradigan narsadan) yaxshiroqdir. Bas, sizlar menga kuch-quvvat bilan yordam beringiz, toki men sizlar bilan ularning (Yaʼjuj va Maʼjujlarning) oʻrtangizga bir toʻsiq (toʻgʻon) bino qilay.

Sizlar menga temir parchalarini keltiringiz, to (parchalar) ikkala togʻ

yonbagʻirlari bilan barobar boʻlgach, (olovga) dam uringiz!” – dedi. Bas, qachon u (temir-tersaklarni) olovga aylantirgach (eritgach), dedi: “Menga eritilgan mis ham keltiringiz, toki uning (temir parchalarining) ustidan quyay! – dedi. Shu tariqa bunyod etilgan, oshib ham, teshib ham oʻtib boʻlmaydigan mazkur metin toʻsiq – “Iskandar devori” deb atalgan va u insoniyatni turli yovuz kuchlardan asrab kelgan.

Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy asarlarini insonni kamolotga yoʻnaltiruvchi qudratli kuch, turli yovuzliklardan himoya qiluvchi oʻziga xos qalqon vazifasini oʻtashini orzu qilgan. Shu bois “Xamsa” asari tarkibiga kirgan dostonlaridan birini “Saddi Iskandariy” (“Iskandar devori”)  [2]  deb atab, ushbu asarning ham Qurʼonda bayon etilgani kabi insoniyatning pushti panohi boʻlishiga umid bildirgan, deyish mumkin.

Alisher Navoiy maʼnaviy merosini oʻrganishda sinergetik tafakkur usullaridan foydalanish, buyuk shoir ijodini nochiziqli tahlil qilish, uning manbalarini kashf etish, koʻp qatlamli mazmunini konseptual tushunish imkoniyatini beradi.

[1] Qurʼoni karim maʼnolarining tarjima va tafsiri [Masʼul muharrir Z. Husniddinov]. – T. : Toshkent islom universiteti, 2004. 
Baxtiyor TURSUNOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi,
falsafa doktori (PhD)

Check Also

ULUGʻLARIMIZ HAYOTI BIZ UCHUN IBRAT MAKTABIDIR

Biz dunyo tamadduni rivojiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk ajdodlar vorislarimiz. Ilmiy yutuqlari va kashfiyotlari bilan …