Home / FOTO LAVHALAR / MARKAZDA “YOSHLAR BILAN BIR KUN”

MARKAZDA “YOSHLAR BILAN BIR KUN”

2026-yil 6-avgust kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Markaz jamoasi va Imom Buxoriy yodgorlik majmuasining yosh xodimlari ishtirokida ustoz-shogird anʼanalarini yanada mustahkamlash, yoshlar bilan ochiq muloqot va tajriba almashishga qaratilgan “Yoshlar bilan bir kun” aksiyasi oʻtkazildi.

Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 20-apreldagi “Yangi Oʻzbekiston yoshlari – 2030” strategiyasini tasdiqlash hamda yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Farmonida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida tashkil etildi.

Markaz direktori Sh. Ziyodov bugungi kunda yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning bilim va salohiyatini oshirish davr talabi ekanini, ilmiy izlanishlarini ragʻbatlantirish, davlat xizmatchilari bilan yoshlar oʻrtasida ochiq muloqot, tajriba almashuvini yoʻlga qoʻyish muhim ahamiyat kasb etayotganini taʼkidladi.

Markaz ilmiy xodimi B.Tursunov yoshlarning oila va jamiyat barqarorligini taʼminlashdagi masʼuliyati haqida maʼruza qildi. Notiq yosh avlodning oilaviy qadriyatlarni asrab-avaylash, jamiyatda maʼnaviy muhitni mustahkamlash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, Vatanga muhabbat ruhida kamol topishi xususida soʻz yuritdi.

Tajribali ilmiy xodimlardan yana biri N.Qobilov esa ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirishda “ustoz-shogird” anʼanalarining ahamiyati haqida maʼruza qildi. Milliy qadriyatlarimizda ustoz-shogird munosabatlarining ulugʻlanishi, ustozga hurmat-izzat koʻrsatishning tarixiy-maʼnaviy asoslari, ilmiy izlanishlar jarayonida ustoz tajribasi va koʻrsatmalaridan foydalanishning yosh tadqiqotchilar kasbiy va ilmiy salohiyatini oshirishdagi oʻrni va ahamiyati toʻgʻrisida soʻzladi.

Muloqot davomida ilmiy maktablar davomiyligini taʼminlash, yosh tadqiqotchilarni ilmiy izlanishlarga jalb etish, ularda tadqiqotchilik koʻnikmalarini shakllantirish va ilmiy-maʼnaviy merosni kelajak avlodga yetkazishda ustoz-shogird anʼanasining oʻrni xususida fikr-mulohazalar bildirildi.

Yoshlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga tajribali mutaxassislaridan atroflicha javoblar oldi.

Tadbir savol-javoblarga boy formatda, qizgʻin va koʻtarinki ruhda oʻtdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Ilmiy hamkorlik istiqbollari muhokamasi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktorining o‘rinbosari Otabek Muhammadiyev va Ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i …