Bu gal Turkiyaning Anqara va Istanbul shaharlarida tashkil etilgan dasturda Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Ozarbayjon, Kosovo, Bosniya va Gersegovina, Bolgariya va Rossiya Federatsiyasining Tatariston Respublikasidan 30 tadqiqotchi ishtirok etdi. Ular bilan birga Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi Jonibek Jumayev ham faol qatnashdi.

Seminar anʼanaviy ravishda Turkiyaning Anqara shahridagi Islom tafakkuri institutida boshlandi. Bu yilgi dastur avvalgi mavsumlardan ishtirokchi davlatlar geografiyasining sezilarli darajada kengaygani bilan alohida eʼtibor qozondi. Boshida faqat Oʻzbekiston tadqiqotchilari ishtirok etgan mazkur loyiha bugungi kunga kelib oʻn davlatni birlashtiradigan nufuzli xalqaro ilmiy platformaga aylandi.

Bir oy davom etgan seminar mobaynida ishtirokchilar islom tafakkuri, diniy-maʼrifiy fanlar, hadis ilmi, Movarounnahr ilmiy maktabi merosi va zamonaviy ilmiy tadqiqot metodologiyasiga oid mashgʻulotlarda qatnashdi. Darslarni Turkiya va boshqa mamlakatlarning nufuzli olimlari olib bordi.

Seminarning yakuniy bosqichi Istanbul shahridagi Turkiya Xalqaro islom bilim va texnologiyalar universitetida tashkil etildi. Uning nihoyasida dastur ishtirokchilariga sertifikatlar topshirildi.

Tantanali tadbirda professor Mehmet Goʻrmez seminar davomida orttirilgan ilmiy tajriba va bilimlar Markaziy Osiyo va Bolqon mamlakatlari oʻrtasidagi ilmiy-madaniy aloqalarni yanada mustahkamlash, Movarounnahr ilmiy merosini chuqur tadqiq etish va uni xalqaro miqyosda keng targʻib qilishga xizmat qilishini taʼkidladi.
Mazkur xalqaro ilmiy dastur Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi vakillarining ilmiy salohiyatini yuksaltirish, xorijiy ilmiy markazlar bilan hamkorlikni rivojlantirish va yurtimizning boy ilmiy-maʼnaviy merosini dunyo miqyosida keng targʻib etish yoʻlidagi muhim tashabbuslardan biri sifatida eʼtirof etilmoqda.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





