Home / FOTO LAVHALAR / Markaz nashrlari mahalla ahlida katta qiziqish uygʻotdi

Markaz nashrlari mahalla ahlida katta qiziqish uygʻotdi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan tayyorlanib, nashr etilayotgan kitob va risolalar aholi orasida tobora keng tarqalib, odamlarning ilm-maʼrifatga ishtiyoqini kuchaytiryapti. Markazimiz oldiga qoʻyilgan asosiy vazifalardan biri – buyuk allomalarning boy ilmiy-maʼnaviy merosini keng jamoatchilikka sodda, ravon va tushunarli tilda yetkazish. Shu maqsadda ilmiy xodimlar Samarqand viloyati Payariq tumanidagi “Aliobod” va “Turkibola” mahallalarida targʻibot tadbirlari va Markaz nashrlari taqdimotlarini oʻtkazdi.

“Aliobod” mahallasi faollari ishtirokida boʻlib oʻtgan taqdimotda Markazning ilmiy-tadqiqot va maʼnaviy-maʼrifiy yoʻnalishlardagi faoliyati haqida, buning sirasida, “Vatanga muhabbat – imon alomati”, “Baxt faqat boylikdan iborat emas”, “Farzand tarbiyasi – ijtimoiy hodisa” kabi dolzarb mavzularga bagʻishlab chop etilgan 19 nomdagi xalqchil risola va bukletlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati toʻgʻrisida soʻz yuritildi.

“Turkibola” mahallasidagi ibratli oilalarda “Oila mustahkamligi – jamiyat barqarorligi garovi” mavzusida oʻtkazilgan davra suhbatlarida ota-onalik masʼuliyati, farzand tarbiyasi, ilmning fazli kabi masalalar yuzasidan oʻzaro fikr almashildi. Tajribali oila boshliqlari Markaz bilan bu borada hamkorlik qilib, jamiyat taraqqiyotiga hissa qoʻshishga tayyorlik bildirdi.

Mahalla faollariga taqdim etilgan risolalarning sodda va xalqchil tilda yozilgani, kundalik hayotda uchraydigan muhim masalalar qamrab olgani va ularning yechimiga doir amaliy tavsiyalarni oʻzida mujassam etgani ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Turkiyalik tadqiqotchilarning ilmiy amaliyot sarhisobi

Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya dasturi sovrindorlari – Turkiyaning Dijla universiteti tadqiqotchilari Usoma Boʻzkurt hamda …