Home / MAQOLALAR / SALOMLASHISH ODOBLARI VA TALABLARI

SALOMLASHISH ODOBLARI VA TALABLARI

Islom dinida insonlar oʻrtasida mehr-oqibat, hurmat va hamjihatlikni mustahkamlaydigan barcha yaxshi amallarga katta ahamiyat berilgan. Ana shunday ezgu amallardan biri – salomlashishdir. Salomlashish kundalik hayotimizda doimo takrorlanadigan amaldir!

Alloh taolo Qurʼoni karimda salomlashish haqida bunday marhamat qiladi: “Qachonki sizlarga biror salom berilsa, undan ham yaxshiroq yoki oʻshaning oʻzi bilan javob qaytaring” (Niso surasi, 86-oyat).

Bu oyatda salomga albatta javob qaytarish lozimligi va imkon boʻlsa, yanada goʻzalroq javob berish maqbul ekani taʼkidlangan.

Salomning eng mukammal shakli – “Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakatuh” boʻlib, u “Sizga Allohning tinchligi, rahmati va barakalari boʻlsin”, degan maʼnoni anglatadi. Unga “Vaalaykum assalom va rahmatullohi va barakatuh”, deb javob qaytarish eng afzal hisoblanadi.

Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ham salomlashishni musulmonlar oʻrtasidagi muhabbatning muhim omili sifatida koʻrsatganlar. Hadisi sharifda: “Jonim Uning qoʻlida boʻlgan zotga qasam! Sizlar imon keltirmaguncha jannatga kira olmaysizlar. Bir-biringizni yaxshi koʻrmaguncha esa haqiqiy moʻmin boʻla olmaysizlar. Sizlarni bir-biringizni yaxshi koʻrishga sabab boʻladigan amalga yoʻllab qoʻyaymi? Oʻzaro salomni yoyinglar”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).

Bu hadisdan maʼlum boʻladiki, salomlashish nafaqat xushmuomalalik belgisi, balki qalbda mehr-muhabbat uygʻotuvchi va jamiyatda tinchlikni taʼminlovchi muhim omildir.

Salomlashish nafaqat oddiy muomala vositasi, balki insonlar qalbini yaqinlashtiruvchi, oʻzaro ishonch va hurmatni mustahkamlovchi ibodat ham hisoblanadi. Shu bois Qurʼoni karim va hadislarda salomlashish fazilati, uning odoblari hamda talablari haqida koʻplab koʻrsatmalar berilgan. Har bir ishning oʻziga xos odobi boʻlgani kabi, salomlashishning ham oʻz odob va talablari mavjud.

Islom odobiga koʻra salomlashishning muayyan qoidalari mavjud. Avvalo, salom berish sunnat, unga javob qaytarish esa vojib hisoblanadi. Shuningdek, kichiklar kattalarga, ulovda ketuvchi piyodaga, yurib ketayotgan oʻtirgan kishiga, ozchilik koʻpchilikka birinchi boʻlib salom berishi tavsiya etilgan. Bu tartiblar insonlar oʻrtasida hurmat va tartibni qaror toptirishga xizmat qiladi. Biz buni Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning quyidagi muborak hadislaridan bilib olamiz.

عن ابي هريرة رضى الله عنه عن  النبي صلى الله عليه وسلم قال:» يسلم الصغير على الكبير والمار على القاعد والقليل على الكثير»

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kichik kattaga, oʻtuvchi oʻtirganga va ozchilik koʻpchilikka salom beradi”,  dedilar.

Salom berish odob va shartlari toʻgʻrisida Husayn Voiz Koshifiy quyidagi fikrlarni bildirgan: “Agar “Salomga javob berish odobi qaysi?” deb soʻrasalar, “Buning yettita sharti bor”, deb aytgin. Birinchidan, salomga xursand boʻlib alik olish. Ikkinchidan, salom berganga “Rahmat”, deyish. Uchinchidan, islom millatiga mansub boʻlmagan odam salom bersa ham alik olish. Toʻrtinchidan, salomga alik oluvchining ham tahoratli, pok boʻlishi. Beshinchidan, koʻp kishi turgan boʻlsa, oralaridan bir odam salomga javob qaytarsa kifoya ekanligi. Oltinchidan, salomga ishorat yoki imo bilan emas, ovoz chiqarib alik olish. Yettinchidan, salomga alik olganda salom bergan kishining eshitishi zarurligi”.

Xulosa qilib aytganda, salomlashish – tinchlik, mehr-oqibat va hurmat ramzidir. U jamiyatda oʻzaro ishonchni mustahkamlaydi, qalblarni yaqinlashtiradi va musulmonlarning axloqiy fazilatlarini namoyon qiladi. Shuning uchun har bir musulmon salomlashish odobiga amal qilishi, salomni keng yoyishi va unga munosib tarzda javob qaytarishni odat qilishi lozim. Zero, salomlashish orqali inson nafaqat yaxshi muomala qiladi, balki savobli amalni ham ado etgan boʻladi.

Nodir QOBILOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

ISLOMNING DUNYODA TINCHLIKNI SAQLASHDAGI OʻRNI

Islom dini barcha insonlarni tinch va osuda hayot kechirish, jamiyatning farovon boʻlishi uchun harakat qilishga …