Home / FOTO LAVHALAR / Hadisshunoslikka bagʻishlangan qimmatli manba

Hadisshunoslikka bagʻishlangan qimmatli manba

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 1-avgust kuni taniqli ulamo Iskandar Xalilov tomonidan nashrga tayyorlangan “Rasululloh sallollohu alayhi vasallam hadislaridan taraluvchi nurli jilolar” nomli 4 jildlik kitobning taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Eʼtiborlisi, avvalroq Markazda ushbu toʻplamni tayyorlash borasidagi dastlabki ishlar yakuni boʻyicha taqdimot oʻtkazilib, ilm ahliga 2 jildli arabcha nashri taqdim etilgan edi. Bu gal esa mazkur salmoqli ilmiy va maʼrifiy mehnatning toʻliq 4 jilddan iborat toʻplami keng jamoatchilik eʼtiboriga havola qilindi.

Tadbirni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, tarix fanlari doktori, professor Shovosil Ziyodov ochdi. Soʻzga chiqqanlar mamlakatimizda milliy-diniy qadriyatlarni tiklash, hadisshunoslik maktablari anʼanalarini rivojlantirish va aholining maʼnaviy saviyasini yuksaltirish borasida olib borilayotgan xayrli islohotlarga alohida toʻxtalib, mazkur toʻplamning ilmiy va amaliy ahamiyatini yuqori baholadi.

Asosiy maʼruzachilar hadislarni oʻrganish va ommalashtirishning bugungi kundagi ahamiyati, ularning jamiyatda sogʻlom maʼnaviy muhitni mustahkamlash va yoshlar tarbiyasidagi oʻrni xususida atroflicha mulohaza yuritdi.

Shundan soʻng muallif Iskandar Xalilov yangi toʻplamni tartiblash va nashrga tayyorlash jarayonlari, foydalanilgan ilmiy manbalar va matn tahririning uslubiy yechimlari haqida batafsil maʼlumot berdi.

Qayd etilganidek, ushbu toʻplamda olti oliy sahih toʻplam (“Sihohi sitta”)dan asosan odob-axloq, maʼnaviyat va insoniy fazilatlarga oid hadislar saralanib olinib, tizimli ravishda jamlangan. Mavzularga ajratilgan holda taqdim etilgan asar tarkibida murakkab iborali ifodalarga mufassal sharhlar keltirilgan. Muallif hadislarning nafaqat matni va maʼnosini, balki ular orqali taraladigan tarbiyaviy va maʼrifiy ziyoni, inson va jamiyat hayotidagi oʻrnini teran ochib berishga harakat qilgan.

Ishtirokchilar toʻplamni diniy taʼlim muassasalari, ilm ahli, tadqiqotchilar hamda keng kitobxonlar ommasi uchun moʻljallangan nihoyatda qimmatli manba va dasturilamal sifatida eʼtirof etdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Malayziya Qirolichasidan tashakkurnoma

Malayziya Qirolichasi Raja Zarit Sofiya Zoti Oliyalari Samarqandga tashrifi doirasida Imom Buxoriy majmuasi va Imom …