Islom shariatida bandadan har bir ishni ehson bilan, yaʼni goʻzal tarzda maromiga yetkazib bajarish talab etiladi. Ehson moʻminning amallarida aks etishi buyurilgan boʻlib, bu insonning dunyo va oxiratda ulkan savobni qoʻlga kiritishiga sabab boʻladi. Ehson – ibodat ruhidir. Xususan, sharʼiy hukmlarni mukammal bajarish, ularni nafaqat tana aʼzolari bilan ado etish, balki qalb va ruh bilan ham his qilib turish lozim. Inson balogʻat yoshiga yetgach, unga farz, vojib, sunnat, mustahab, harom, makruh va muboh kabi amallar yuklatiladi. Mazkur amallarning manbai Qurʼon boʻlib, hadislar orqali sharhlab berilgan. Faqihlar esa ularni turlar va qismlarga ajratib, oʻrganishni osonlashtirib qoʻygan. Mazkur amallarning ruhiyati esa tasavvuf vakillari, yaʼni maʼnaviy ustozlar tomonidan tartibga solingan.
Alloh taolo bandaning har bir aʼzosi uchun alohida ibodatlarni farz qilib qoʻygan. Jumladan, tilga yolgʻon guvohlik bermaslik, Qurʼon tilovat qilish, insonlarga gʻiybat, chaqimchilik va boʻhton bilan ozor bermaslik, faqat yaxshi soʻzlarni gapirish kabi vazifalarni yuklagan. Koʻz, quloq, qoʻl, oyoq, qorin va avrat aʼzolariga ham oʻziga xos vazifalar belgilangan. Shuningdek, mazkur tana aʼzolarining amallari bandaning qalbiga muvofiq boʻlishi ham taʼkidlangan: “Ogoh boʻling! Jismda bir parcha goʻsht bor! Agar u toʻgʻri boʻlsa, jasadning barcha aʼzolari toʻgʻri boʻladi! Agar u buzilsa, tana aʼzolarining barchasi buziladi! U qalbdir!” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Shuningdek, Hofiz Abu Muso Madiniy (r.a)dan rivoyat qilingan quyidagi sahih hadisda ham sharʼiy hukmlarni ehson bilan bajarish lozimligi yana bir bor taʼkidlanadi: “Samra ibn Jundub (r.a) shunday rivoyat qiladi: “Rasululloh (s.a.v) bir kuni bizning oldimizga chiqdilar. Biz Madinadagi suffada edik. U zot bizga shunday dedilar: “Men kecha tunda ajoyib narsani koʻrdim! Ummatimdan bir kishini koʻrdim. Uning yoniga oʻlim farishtasi jon olish uchun kelgan edi. Shunda mazkur kishining ota-onasiga qilgan yaxshiligi kelib, oʻlim farishtasini qaytarib yubordi.
Men ummatimdan bir kishini koʻrdim. Unga qabr azobi joriy boʻlayotgan edi. Shunda mazkur kishining tahorati kelib, uni qabr azobidan qutqardi.
Men ummatimdan bir kishini koʻrdim. Uning atrofini shaytonlar oʻrab olgan edi. Shunda uning Allohni zikr qilganda hosil boʻlgan savobi kelib, shaytonlarni quvib soldi.
Men ummatimdan bir kishini koʻrdim. Uni azob farishtalari oʻrab olgan edi. Shunda mazkur kishining namozi kelib, uni azob farishtalarining qoʻlidan qutqardi.
Men ummatimdan bir kishini koʻrdim. U tashnalikdan tili osilib, hovuz oldiga borar, lekin uni hovuzga yaqinlashtirmas edilar. Shunda mazkur kishining Ramazon oyida tutgan roʻzasi kelib, uni sugʻordi va chanqogʻini qondirdi.
Men ummatimdan bir kishini koʻrdim. U Paygʻambarlar halqa boʻlib oʻtirgan majlisga intilar, yaqinlashganda esa, uni haydab yuborishar edi. Shunda mazkur kishining janobatdan gʻusl qilganda hosil boʻlgan savobi keldi va uning qoʻlidan ushlab, yonimga oʻtqizib qoʻydi.
Men ummatimdan bir kishini koʻrdim. Uning oldida zulmat, ortida zulmat, oʻng tomonida zulmat, chap tarafida zulmat, ustida zulmat va ostida ham zulmat bor edi. U zulmat ichida qolgan edi. Shunda mazkur kishining haj va umrasi kelib, uni zulmatdan chiqardi va nurga kiritdi.
Men ummatimdan bir kishini koʻrdim. U qoʻli bilan Jahannam olovi va yomonligini toʻsib himoyalanar edi. Shunda mazkur kishining sadaqasi kelib, u bilan Jahannam olovi orasida parda hamda boshi uzra soyabon boʻldi.
Men ummatimdan bir kishini koʻrdim. U moʻminlarga gapirar, lekin moʻminlar u bilan suhbatlashmas edilar. Shunda mazkur kishining silai rahmi kelib: “Ey musulmonlar jamoasi! Bu odam qarindoshlik aloqalarini bogʻlagan! U bilan suhbatlashinglar!”, dedi. Shundan soʻng moʻminlar u bilan qoʻl berib va quchoqlashib koʻrishdilar hamda uni suhbatga chorladilar.
Men ummatimdan bir kishini koʻrdim. Uni Zabboniy (Doʻzax farishtalari) oʻrab olgan edi. Shunda mazkur kishining yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytarish maqsadida qilgan amallari kelib, uni Zabboniy farishtalar qoʻlidan qutqardi va rahmat farishtalari qoʻliga topshirdi.
Men ummatimdan bir kishini koʻrdim. U tiz choʻkkan holda oʻtirar, u bilan Allohning orasida bir toʻsiq bor edi. Shunda mazkur kishining goʻzal xulqi keldi va uning qoʻlidan ushlab, Allohning huzuriga olib kirdi.
Men ummatimdan bir kishini koʻrdim. Uning sahifalari chap tomondan kelgan edi. Shunda mazkur kishining Allohdan qoʻrqish xislati kelib, uning sahifasini oldi va oʻng tarafiga qoʻyib qoʻydi.
Men ummatimdan bir kishini koʻrdim. Uning tarozidagi yaxshi amallari yengil edi. Shunda mazkur kishining norasida farzandlari oʻlimiga qilgan sabri kelib, uning tarozidagi savoblar pallasini ogʻirlashtirib yubordi.
Men ummatimdan bir kishini koʻrdim. U Jahannam labida turar edi. Shunda mazkur kishining Allohga boʻlgan umidi kelib, uni Jahannam labidan qutqardi, soʻng yurib ketdi.
Men ummatimdan bir kishini koʻrdim. U Jahannam oloviga uloqtirilgan edi. Shunda mazkur kishining Allohdan qoʻrqib yigʻlagan koʻz yoshi keldi va uni Jahannamdan qutqardi.
Men ummatimdan bir kishini koʻrdim. U Sirot koʻprigida tik turar va qattiq shamolda xurmo poʻstlogʻi qaltiragandek qaltirar edi. Shunda mazkur kishining Alloh haqida qilgan yaxshi gumoni kelib, uning titrogʻini tinchlantirdi, soʻng yurib ketdi.
Men ummatimdan bir kishini koʻrdim. U Sirot koʻprigida goh sudralib, goh emaklab, goh osilib oʻtar edi. Shunda mazkur kishining Menga aytgan salavoti kelib, uning qadamini mustahkam qildi va Sirotdan qutqardi.
Men ummatimdan bir kishini koʻrdim. U Jannatning eshiklari oldiga kelgan, barcha eshiklar yopilib qoldi. Shunda mazkur kishining “La ilaha illalloh” deb aytgan shahodati kelib, eshiklarni ochdi va uni Jannatga kiritdi” [1:117-155].
Aksariyat insonlar ushbu hadisda aytilgan amallarni zohiran bajarish bilan kifoyalanib, oʻzini oxiratda najotga erishadigandek tutadi. Chunki ular yuqoridagi amallarni oson deb oʻylaydi. Aslida mazkur hadisda zikr qilingan ibodat va amallarni faqat zohiriy bajarish bilan najotga erishib boʻlmaydi. Balki mazkur savob va yutuqlarga erishish uchun qalbning sogʻlom boʻlishi va turli maʼnaviy kasalliklardan holi boʻlishi talab etiladi: “U kunda na mol-dunyo va na farzandlar foyda bermas, faqat Alloh huzuriga sogʻlom dil bilan kelgan kishilargagina (foyda berur)” (Shuaro surasi, 88-89-oyatlar). Imom Moturidiy mazkur oyatni quyidagicha sharhlaydi: “Oyatdagi “toza dil”, yaʼni sogʻlom qalbdan murod shirk yoki maʼnaviy ofat va gunohlardan pok boʻlgan hamda yolgʻiz Alloh uchun xolis niyat qilgan qalbdir. Bunday qalb Allohdan oʻzgaga yuzlanmaydi va faqat Undan talab qiladi” [3:530]. Shuning uchun ham Rasululloh (s.a.v) oyoqlari yiringlab ketguncha koʻp namoz oʻqir edilar. Mugʻiyra ibn Shuʼba (r.a) bu haqda shunday rivoyat qiladi: “Rasululloh (s.a.v) kechasi turib namoz oʻqir edilar, hatto (ruku, sajda qilaverib), oyoqlari (yoki boldirlari) shishib ketar edi. Bir kuni Rasululloh (s.a.v)ga: “Axir, Sizning barcha gunohlaringizni Alloh afv qilgan-ku!”, deyishdi. Shunda Rasululloh (s.a.v): “Shukr qiluvchi banda boʻlmaymi?!”, dedilar” [5:186].
Alloh taolo ibodatlarni bajarishda banda qanday holatda boʻlishi lozimligini quyidagicha ifodalagan: “Shuningdek, sadaqalarini (qiyomatda) Parvardigorga qaytuvchi ekanidan dillari qoʻrqib turgan holda beradigan kishilar, aynan oʻshalar yaxshiliklarni qilishga shoshurlar va unda oʻzib ketuvchidirlar” (“Muminun” surasi, 60-61-oyatlar). Imom Moturidiy mazkur oyatni quyidagicha sharhlaydi: “Ushbu oyatni ikki xil maʼnoda tushunish mumkin. Birinchisi shuki, bandalar amal qilgandan soʻng: “Qilgan amalim qabul boʻlarmikan?”, deb qalblari qoʻrqinch va hadikda boʻladi. Ikkinchi maʼnosi esa muhtojlarga infoq va sadaqa qilishni anglatib, bandaning qalbida: “Infoq va sadaqamni Alloh qabul qiladimi yoki yoʻq?”, degan qoʻrquv boʻladi. Bu oyat shunga dalolat qiladiki, gunohkor qilgan yomonligidan qoʻrqqani kabi itoatkor banda ham qilgan ibodatining qabul boʻlmay qolishidan qoʻrqib turishi lozim” [3:407]. Rasululloh (s.a.v)dan mazkur oyat haqida quyidagi hadis rivoyat qilingan: “Oisha (r.a) shunday rivoyat qiladi: “Men Rasululloh (s.a.v)dan: “Shuningdek, sadaqalarini (qiyomatda) Parvardigorga qaytuvchi ekanlaridan dillari qoʻrqib turgan holda beradigan kishilar” (“Muminun” surasi, 60-oyat) haqida soʻrab: “Ushbu oyatda xamr (mast qiluvchi narsalar) isteʼmol qiladigan va oʻgʻrilik qiladiganlar nazarda tutilganmi?”, dedim. Rasululloh (s.a.v): “Yoʻq, ey Siddiqning qizi! Bu oyatda roʻza tutadigan, namoz oʻqiydigan va sadaqa qiladiganlar nazarda tutilgan. Ular amallarining qabul boʻlmasligidan qoʻrqib turadilar. “Aynan oʻshalar yaxshiliklarni qilishga shoshurlar va unda oʻzib ketuvchidirlar” (“Muminun” surasi, 61-oyat)”, dedilar” [2:718].
Ibn Arabiy (r.a) mazkur hadis boʻyicha quyidagi fikrlarni bildirgan: “Banda hayoti davomida Allohning buyruqlarini bajarib, qaytariqlaridan tiyilib yashasa-da, umri qanday tugashidan bexabardir. Bunday hayot kechirish bilan bandada amallarining qabul boʻlishi va oxiratda najotga erishishi haqida toʻliq ishonch hosil qilmaydi. Zero, banda bilmaydiki, balki kufr sababli qilgan amallari bekor boʻlib ketar yoki biror gunoh sababli amallarining savobi kamayib qolar! Shuning uchun banda umrining oxiri qanday tugashidan qoʻrqib yashashi va shu bilan birga, Allohning fazli va marhamatidan umid qilib hayot kechirishi lozim. Buning uchun solih amallarda bardavom boʻlishi talab etiladi. Alloh taolo mazkur oyatda shunday qavmni sifatlaganki, ular gunoh va kamchilikka yoʻl qoʻymaydilar, ibodatlarni bajarishda dangasalik qilmaydilar, yaxshi amallarni bajarishdan qochish maqsadida ruxsat soʻramaydilar! Balki ular amallarining qabul boʻlmasligidan, niyatlari xolis boʻlmaganligidan doim qoʻrqib turadilar! Ular qilgan amallarini oz sanab, oʻzlarini gunohkor va itoatsiz bandadek tutadilar! Shuning uchun ham Rasululloh (s.a.v): “Men bir kunda yuz marta tavba qilaman”, der edilar” [4:258-259].
Xulosa sifatida aytish mumkinki, muhsin bandalar qilgan amallariga suyanib qolmaydi, balki amallari qabul boʻlmasligidan doim xavfda boʻladi. Ayrim insonlar haj ibodatini bajargandan soʻng yoki zakot va shunga oʻxshash moliyaviy amallarni ado qilgandan soʻng oʻzini xuddi jannat ahlidek tutadi. Biror yaxshi amalni qilgach: “Yelkamdan togʻ agʻdarildi!”, deb qilgan amallariga suyanib qoladi. Aslida tashvish va “yelkadagi yuk”, yaʼni masʼuliyat amal qilgandan soʻng paydo boʻladi! Amalning qabul boʻlishi yoki boʻlmasligini faqat Alloh biladi! Bandaning hayoti qanday yakun topishini ham Allohdan oʻzga hech kim bilmaydi! Shu bois ezgu ishlarda bardavom boʻlish va amallarga suyanib qolmaslik lozim.
-
Abdusalom Yosin. Al-ihsan. J.2. – Dar al-bayzo, 1998.
-
Abu Iso Muhammad Termiziy. Jomeʼ at-Termiziy. Qurʼon tafsiri boblari. 33-bob. 3173-hadis. – Ar-Riyod: Dar as-salom, 1999.
-
Abu Mansur Moturidiy. Taʼvilot ahl as-sunna. J.3. – Bayrut: Muassasa ar-risala, 2004.
-
Ibn Arabiy. Oriza al-ahvaziy bi sharh Jomeʼ at-Termiziy. J.6. Qurʼon tafsiri kitobi, 24-bob, 3186-hadis. – Bayrut: Dor al-fikr, 1995.
-
Muhammad ibn Ismoil Buxoriy. Tarjimon: Shayx Abdulaziz Mansur. Sahihi Buxoriy. J.1. – T.: Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi, 2008
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





