Home / MAQOLALAR / ISLOMNING DUNYODA TINCHLIKNI SAQLASHDAGI OʻRNI

ISLOMNING DUNYODA TINCHLIKNI SAQLASHDAGI OʻRNI

Islom dini barcha insonlarni tinch va osuda hayot kechirish, jamiyatning farovon boʻlishi uchun harakat qilishga daʼvat etadi. Qurʼoni karimda butun insoniyatga murojaat qilinib, ular bir erkak (Odam) va ayol (Havvo)dan yaratilgani, oʻzaro tanishishlari uchun xalqlar va qabilalar qilib qoʻyilgani, soʻngra Allohning nazdida eng azizu mukarram inson – taqvodor boʻlgan kishi ekani aytiladi [1:517]. Har bir asrning fikr yurituvchi, mushohada etuvchi kishilari borki, ular islom dinining sof, tinchlikparvar va mukammal din ekani, musulmonlarning muruvvatliligi hamda barchaga nisbatan bagʻrikeng ekanliklarini eʼtirof etganini manbalardan koʻrish mumkin.

Bu haqda Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf “Iymon” kitobida bir qator Gʻarb olimlarining fikrlaridan iqtibos keltirib shunday yozadi: “Musulmonlarning masihiylarga nisbatan ilk hijriy asrda koʻrsatgan muruvvatlari keyingi avlodlarda ham davom etdi. Tarix shuni koʻrsatadiki, islomni qabul qilgan masihiylar bu ishni (hech bir majburlashsiz) oʻz ixtiyori bilan qilgan. Ular hozirgi kunda ham musulmonlar orasida emin-erkin yashab kelayotgani – musulmon muruvvatining yorqin dalilidir” [15:112].

Yana gʻarblik olim Adam Mes islom muruvvati va bagʻrikengligi haqida quyidagicha fikr bildiradi: “Oʻrta asrlarda musulmon diyorlari bilan xristian Yevropasi orasidagi farq shundan iborat ediki, musulmonlar orasida koʻpgina dinlarning vakillari ham bemalol yashar edi, xristian Yevropasida esa vaziyat unday emas edi. Islom mamlakatida oʻzga din vakillarining ibodatxonalari, xuddi bu mamlakatda boʻlmaganidek, hukumat ixtiyoridan tashqarida faoliyat yuritar edi. Bu borada ular ahdnomalarda koʻrsatilganidek oʻz huquqlaridan toʻliq foydalanar edi. Zarurat yuzasidan turli din vakillari musulmonlar bilan yonma-yon yashadi. Bu holat Oʻrta asrlarda Yevropa bilmagan muruvvatni yuzaga keltirdi. Yahudiy va xristianlar oʻz dinlarida hur edi” [15:112].

XIX-XX asrdan boshlab yevropalik olimlar islomni ilmiy asosda oʻrganishga kirishdi. Ana shunday akademik yondashuvchi olimlardan biri britaniyalik tarixchi, faylasuf hamda dinshunos – Karen Armstrong islom haqidagi izlanishlari va xulosalarida islom dinining ijtimoiy va axloqiy jihatlarini yuksak baholash bilan birga, uni adolat va tenglik dini deb taʼriflagan. Uning fikricha, islom gʻarb tasavvur qilganidek qurolli amaliyot bilan islomni tatbiq etadigan, jihodni “muqaddas urush” deb biladigan din emas. U oʻz fikrini davom ettirib: “Jihod – “muqaddas urush”dan boshqa, ancha keng maʼnoni anglatadi. Arab tilida qurolli kurash uchun “harb”, “sariyya”, “maʼraka” yoki “qatl” kabi koʻplab iboralar mavjud. Agar asosiy maqsad urush boʻlganda, Qurʼonda undan foydalanilgan boʻlishi mumkin edi. Aksincha, buning oʻrniga “jihod” kabi nozik ifodali soʻzdan foydalanildi”, deydi [18]. Yana: “Islom adolatsizlikka qarshi kurashishi, musulmonlar zaif va zulm koʻrgan kishilarni himoya qilishni oʻzining muqaddas burchi deb bilishi”ni taʼkidlaydi [18].

Tinchlik haqida soʻz borar ekan, aslida tinchlik nima? Tinchlik deganda nima tushuniladi va uning islomdagi talqini qanday? Bu borada baʼzi adabiyotlarga murojaat qilish lozim. Oʻzbek tilida isteʼmolda ishlatiladigan “tinchlik”, “salomatlik”, “salom”, “ofiyat” kabi soʻzlarning oʻzagi arab tilida سِلْمٌ [silm] soʻzi bilan ifodalanuvchi سَلَامٌ [salam] soʻzidan olingan. Bu borada Ibn Aʼrobiy “salomat soʻzi – ofiyat maʼnosidadir” deydi [9:2077]. Bundan tashqari, “salom” soʻzining “orani ochiq qilish”, “aybsizlik”, “daxlsizlik” kabi maʼnolari ham bor ekani taʼkidlanadi [9:2077].

Shovosil Ziyodov “Islom dinida tinchlik” kitobida “islom”, “salam”, “silm”, “sulh” kabi iboralarga eʼtibor qaratib, Ey imon keltirganlar! Islomga toʻligʻicha kiring!” (Baqara surasi, 208-oyat) [16:189] va “Agar ular sulhga moyil boʻlsalar, siz ham unga moyil boʻling”  (Anfol surasi, 61-oyat) [1:184] mazmunidagi Qurʼon oyatlarida kelgan “islom” hamda “sulh” kabi soʻzlarni aynan السِّلْمُ [as-silm] lafzi bilan kelgani haqida yozadi. Shuningdek, السِّلْم (as-silm) lafzining oʻzagi boʻlgan السَّلَامُ (as-salam) soʻzining Qurʼonda olti oʻrinda kelishi, bular – moʻminlar kiradigan jannat va salom maʼnolari ekanini keltirib oʻtgan [17:8]. Ushbu oyatlardan biri “Ular uchun Parvardigori huzurida tinchlik diyori (jannat) bordir”  (Anʼom surasi, 127-oyat) [1:144] oyati boʻlib, unda “salam” soʻzi tinchlik maʼnosini ifoda etib kelgan. Quyidagi: “Ibrohimga elchilarimiz (farzandli boʻlishi haqida) xushxabar keltirdilar va “Salom” dedilar. U ham “Salom” dedi”  (Hud surasi, 69-oyat) [1:229] oyatida esa “salom” soʻzi ayni maʼnosida kelgani ham koʻrsatib oʻtilgan [17:9].

Alloh taolo Qurʼonda “Islomga toʻligʻicha kiring” deyishi bilan din asoslari, barcha shariat qonun-qoidalarini toʻlaligicha qabul qilishni buyurmoqda. Zotan, hammaga maʼlum boʻlgan tinchlik va oʻzaro hurmatga asoslangan yuksak axloqiy qadriyatlar islomda mujassam. Bu, nafaqat odamlar oʻrtasidagi individual munosabatlar, balki jamiyat taraqqiyotida ham muhim ahamiyatga ega.

Yuqorida lugʻaviy jihatdan aytilgan va Qurʼon oyatlarida keltirib oʻtilgan tinchlikka oid soʻzlar borasida mufassir va muhaddis olimlar turli fikrlarni bildirgan. Masalan, Abu Mansur Moturidiy Qurʼonda kelgan: “Ey iymon keltirganlar! Islomga toʻligʻicha kiring!” (Baqara surasi, 208-oyat) [16:189] oyatidagi “السِّلْم” (as-silm) kasra bilan oʻqilsa, islom dini nazarda tutilishini, “السَّلَمُ” (as-salamu) deb fathalik oʻqilsa, “sulh” maʼnosini berishini aytgan boʻlsa, Ali ibn Muhammad Movardiy “silm” atamasi borasida salaf ulamolar ikki xil fikr bildirgani, ulardan biri “Islomga kiringlar” maʼnosida ekanini aytadi va bu fikrni Ibn Abbos, Mujohid va Zahhoklarga nisbat beradi. “Ikkinchisi “Toatga kiringlar” maʼnosida boʻlib, Robia va Qatodaning soʻzi” deydi [17:11]. Mahmud Zamaxshariy esa “Kashshof” asarida “السِّلم” (as-silm)ni ikkinchi – “itoat qilish” maʼnosi bilan tafsir qilgan [17:11]. Shuningdek, Imom Buxoriy “Sahihul Buxoriy”ning “Tafsir kitobi”da Niso surasi, 94-oyatini tafsir qilib: “as-silmu”, “as-salamu” va “as-salaamu” (soʻzlari) birdir” deydi [2:1123].

Ushbu fikrlardan ismi tilga olingan olimlar yuqorida keltirilgan tinchlikka aloqador soʻzlarning umumiy maʼnosida ittifoq qilganligini koʻrish mumkin. Chunki ushbu oyatlar islomga kirish, itoat qilish, sulh tuzish maʼnolariga dalolat qiladi. Aytilgan maʼnolarning barchasi oʻzida tinchlikni aks ettirgani maʼlum boʻladi. Tinchlik soʻzi barcha din va millatlarda ezgulikka chorlovchi tushuncha ekanidan kelib chiqib, Qurʼonda koʻplab oʻrinlarda: “Ezgulik va taqvo (yoʻli)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yoʻli)da hamkorlik qilmangiz!” (Moida surasi, 2-oyat) [1:106] maʼnosidagi chaqiriqlarni koʻrish mumkin.

Allohning moʻmin bandalariga tinch, osoyishta va ahillik bilan umrguzaronlik qilishga chaqirigʻi: “Agar moʻminlardan ikki toifa oʻzaro urishib qolsalar, darhol ular oʻrtasini isloh etingiz! Bas, agar ulardan biri ikkinchisining ustiga tajovuzkorlik qilsa, bas, to (tajovuzkor toifa) Allohning amriga qaytgunicha, sizlar tajovuz qilgan (toifa) bilan urushingiz! Endi agar (u toifa tajovuzkorlikdan) qaytsa, sizlar darhol ularning oʻrtasini adolat bilan tuzatib qoʻyinglar va adolatli boʻlingiz. Zero, Alloh adolatlilarni sevar” (Hujurot surasi, 9-oyat) [1:516] oyatida alohida ahamiyatga ega.

Eʼtibor berib qaralsa, ushbu oyatda islom dini tinchlikka chaqirishi va shu bilan birga, urishishga buyurgan taqdirda ham uning zamirida islohga erishish borligi yaqqol namoyon boʻladi. Islohga erishish, bu tinchlikning dastlabki qadamlari hisoblanadi. Yana oyatning davomida adolatli boʻlishga chaqiriq va bu sifat egalarini Alloh sevishi eslatilmoqda.

Avvalgi keltirilgan oyatda moʻminlarning orasidagi jismoniy kuch ishlatish natijasida kechadigan holatlarda qanday ish tutish lozimligi haqida aytilgan boʻlsa, islom shariatida dushmanga qarshi jang qilishning ham nozik jihatlari, qonun-qoidalari bayon etilib, haddan oshmaslikka buyuriladi. Masalan, Baqara surasi 190-oyatida bu haqda quyidagi soʻzlar keltiriladi: “Sizlarga qarshi jang qiluvchilar bilan Alloh yoʻlida jang qilingiz, (lekin jang asnosida ham) haddan oshmangiz! Zero, Alloh haddan oshuvchilarni yoqtirmagay”. Shayx Abdulaziz Mansur oyatni sharhlab: “Islom dinida insof, adolat va insonparvarlik qoidalariga hatto yov bilan jang qilish asnosida ham rioya qilinadi. Alloh taolo har qanday vaziyatda ham haddan oshmaslik va tajovuzkorlikka oʻtmaslikka buyuradi. Bu hamma uchun juda ibratli tanbehdir”, deydi [1:29].

Qurʼon va hadislarda tinchlik va urushga aloqador boʻlgan oyatlarni toʻliq tahlil qilib chiqqan olimlar aytadiki, islomda biror oʻrinda urush qilishga buyurilgan boʻlsa, uning maqsadi fitna va dushman hujumini daf etish yoki mudofaani koʻzlagani maʼlum boʻladi. Shuningdek, urush davomida haddan oshmaslik, tajovuzkor boʻlmaslik, jang qonun-qoidalariga toʻliq rioya qilish buyuriladi. Biroq, ayrim mutaassib guruh vakillari Qurʼonda jangga oid kelgan matnlarni jihod tushunchasiga bogʻlab, unga aloqador boʻlgan oyatlarni notoʻgʻri talqin qilib, jihod bu musulmonlarning oʻzidan boshqa har qanday kishilarga qarshi qurol koʻtarib urush qilishidir, deb talqin qilmoqda. Ammo islomda urush qilishning sababi dindagi muxoliflik, qarama-qarshilik emas, balki musulmonlar va ularning tinchligiga qilingan tajovuzga qarshi javob chorasi sifatida koʻriladi. “Islom – faqatgina urushdan iborat” degan botil eʼtiqodda boʻlgan kimsalar tarixda, yaʼni sahobiy Abdulloh ibn Umar davrida ham boʻlgan. Oʻsha davrning noanʼanaviy islom qarashidagi vakillari ibn Umarning oldiga kelib, “Ey Abu Abdurrahmon, seni bir yil haj, bir yil umra qilib, Alloh azza va jallaning yoʻlidagi jihodni tark qilishga nima undadi?” deganida, “Ey birodarimning oʻgʻli! Islom besh narsa ustiga bino qilingan: Alloh va Uning Rasuliga imon keltirish, besh mahal namoz, ramazon roʻzasi, zakotni ado qilish, (qodir boʻlganda) Baytni haj qilishdir”, deb javob bergan [2:1103]. Bundan tashqari, koʻplab hadis roviylari oʻz kitoblarida “Islom besh narsa ustiga bino qilingandir. Allohdan oʻzga ibodat qilishga loyiq iloh yoʻq deb guvohlik berish, namozni ado qilish, zakotni (haqdorlarga) berish, ramazon roʻzasini tutish va (qodir boʻlganda) haj qilishdir” mazmunidagi hadisni rivoyat qilganini koʻrish mumkin [2:197;4:40]. Bundan maʼlum boʻladiki, islom besh arkon ustiga bino qilingan. Unga biror arkonni qoʻshish ham, ayirish ham paygʻambar boʻlmagan kishiga yuklatilmaydi. Maqoladagi tinchlik va urushga aloqador boʻlgan masalalar qoida va shartlari fiqhiy kitoblarda yetarlicha bayon qilingan. Ushbu qoidalar va shartlarni yoritishdan avval jihod tushunchasining taʼrifi, uning maʼnaviy va jangga bogʻliq turlarini koʻrib chiqish maqsadga muvofiq boʻlar edi.

Jihod iborasi lugʻatda جاهد [jaahada] – jiddu jahd qilmoq feʼlining masdari boʻlib, جُهد [juhd] soʻzidan olingan. Uning maʼnosi toqat va mashaqqat soʻzlariga dalolat qiladi [7:124]. Yaʼni biror bir ishni qilishda jon-jahdi bilan harakat qilishga nisbatan jihod soʻzi ishlatiladi. “Lisanul arab” kitobida “juhd” va “jahd” soʻzlari kuch-quvvat, chidamlilik kabi maʼnolarga ishora qiluvchi “toqat” maʼnosini bildirishi, yana baʼzi qavlga koʻra “jahd” – mashaqqat va qiyinchilik maʼnosida, “juhd” esa toqat maʼnosida kelishi aytilsa, davomida: “Jahd – insonning kasallikdan tuzalish yoki biror mashaqqatli ish sababidan qilgan harakatlari” ekani keltiriladi [9:708]. Eʼtibor berilsa, ushbu soʻzda urush va qatl maʼnolari yoʻq. Urush va qatl soʻzlari arab tilida حارب [haaroba] yoki قاتل [qootala] feʼllari bilan ifodalanadi.

Islom hamkorlik tashkiloti qoshidagi Islom fiqhi akademiyasining 207(22/3)-sonli qarorida: “Jamiyatda Allohning soʻzini oliy qilish, islom daʼvatini yetkazish hamda adolat, xavfsizlik va rahm-shafqatni yoyish uchun barcha moddiy va maʼnaviy vositalar bilan mashruʼ (qonuniy) boʻlgan har qanday kuchni toʻliq sarflash” [13:725] – umumiy maʼnodagi jihod ekani taʼkidlangan.

Alloma Ibn Rushd “Muqaddamot” asarida jihodning turlarini bayon qilib, uni toʻrt turga boʻlgan: “Qalb jihodi, til bilan qilinadigan jihod, qoʻl bilan qilinadigan jihod va qurol bilan qilinadigan jihod”. Unga koʻra, qalb jihodi – oʻz nafsiga qarshi kurash, til jihodi – amri maʼruf va nahyi munkar – yaxshilikka chaqirish, yomonlikdan qaytarish, qoʻl jihodi – ish egalari, yaʼni amaldorlar, masʼul shaxslarni taqiqlangan va gunoh hisoblangan ishlarni qiluvchi kishilardan, farz boʻlgan ibodatlarni qilishdan toʻsadiganlardan, bir soʻz bilan aytganda barcha qonunbuzarliklardan qaytarish, qurol jihodi esa dinga dushmanlik qiluvchilarga qarshi qurol bilan jang qilish ekanini yozadi [5:342]. Doktor Ramazon Butiy aynan shu taʼrif davomida “Muhammad paygʻambar kofirlarga qarshi (islomga) daʼvat (qilish) bilan jihod qildilar. Kofirlar daʼvatga qarshi chiqib, tahdid qilganlaridan keyingina ular bilan jang qildilar”, deb izohlaydi [11:44].

Koʻplab oyat va hadislar mazmunidan islomda jihod asosan ikki – katta va kichkina turlarga boʻlinishi oydinlashadi. Jobir ibn Abdullohdan rivoyat qilingan hadisda bayon qilinadi: Nabiy alayhissalom asʼhoblari bilan gʻazotdan keldilar va ularga qarata: Kichik jihoddan katta jihodga xush keldingiz!”, dedilar. Sahobalar: “Katta jihod nimadir?”, deyishdi. Shunda u zot: Bandaning oʻz havoyi nafsiga qarshi qilgan jihodidir”, dedilar. Garchi Imom Xatib rivoyat qilgan ushbu hadis (sanad jihatidan) zaif sanalsa-da, Qurʼon oyatlari va hadislarni chuqur tafakkur qilgan kishilar uning maʼnosi sahih rivoyatlarga yaqin ekanini anglaydi. Qurʼoni karimda quyidagicha marhamat qilingan: Moʻminlar yoppasiga (jangga) chiqishlari shart emas. Ularning har bir guruhidan bir toifa chiqmaydimi?! (Qolganlari Paygʻambardan) dinni oʻrganib, qavmlari ularga (jangdan) qaytib kelgach, (gunohdan) saqlanishlari uchun ularni ogohlantirmaydilarmi?!» (Tavba surasi, 122-oyat) [1:206]. Ushbu oyatni tafsir qilgan Muhammad Qurtubiy bir qancha fikrlarni keltiradi. Jumladan: “Ushbu oyatda ilm olishning shart ekaniga dalil bor. Chunki oyatning maʼnosi: “Moʻminlarning barchasi Paygʻambarning bir oʻzini qoldirib, yoppasiga (jangga) chiqishlari shart emas”ligiga ishora qilmoqda. Agar “har bir guruhdan bir toifa chiqsa” va qolganlari Paygʻambar bilan qolib, undan dinni oʻrgansa, qachonki jangga ketgan qism qaytganda, ularga (Paygʻambardan) eshitgan va olgan bilimlarini xabarini beradi va oʻrgatadi. Aynan mana shu ishda Kitob (Qurʼon) va sunnat (hadis)ni oʻrganish majburiyati borligi bilinadi”, deydi [3:429]. Oyatni tafsir qilish davomida eng afzal ish haqida xabar berib, Ibn Abbos va boshqalar fikri quyidagicha keltiriladi: “Ibn Abbos aytadi: “Kimki bir masjid qursa-yu, unda Qurʼon, fiqh va sunnat oʻrgatilsa – oʻsha eng afzal jihoddir”. Ali Azdiydan rivoyat qilinadi: “Men jihodni iroda qildim. Shunda Ibn Abbos menga: Senga jihoddan ham yaxshiroq narsa nima ekanini aytaymi? Biror masjidga borib unda (odamlarga) Qurʼonni oʻrgatishing va fiqh (ilmi)ni taʼlim berishingdir”, dedi” [3:432]. Keltirilgan fikrlardan islom olimlarining jihodni nisbiy nuqtayi nazardan ikki qismga boʻlganligi oydinlashdi. Demak, katta jihod – bu bandaning oʻz nafsiga qarshi kurashishi, taqvo, ilmu irfon va maʼrifatga erishish uchun jon-jahdi bilan harakat qilishi boʻlsa, kichkina jihod – tinchlik va farovonlikni taʼminlash uchun Alloh yoʻlida harakat qilishdir. Bu esa, yuqoridagi hadisning maʼno jihatidan toʻgʻri ekaniga ishoradir.

Hadislarda ham ezgulik, tinchlik va insonlarga ozor bermaslikka chaqiriqlar koʻplab uchraydi. Misol uchun Fadola ibn Ubayddan qilingan rivoyatda Rasululloh alayhissalom hajjatul vadoda vaʼz qilib: Sizlarga moʻmin kim ekanining xabarini beraymi? U odamlar undan mollari va jonlari borasida omon boʻlgan, musulmon esa odamlar uning tilidan va qoʻlidan salomat boʻlgan kishidir. (Haqiqiy) mujohid – Alloh taoloning toatida oʻz nafsiga qarshi jihod qilgan va (haqiqiy) muhojir esa xatoliklar va gunohlardan hijrat qilgan kishidir”, dedilar [6:1747].

Endi esa, tinchlik va farovonlikni taʼminlashga qaratilgan, amaliy jihodga keladigan boʻlsak, uning hukmi farzi kifoyadir. Bu haqda “Mavsuatul fiqhiyya” qomusida: “Jumhur ulamolar shuni aytadilarki, albatta, jihod farzi kifoyadir. Baʼzilarning unga hozir boʻlishi bilan qolganlar zimmasidan soqit boʻladi”, deyilgan [7:129].

Yuqorida aytilgan Islom fiqhi akademiyasining oʻsha qarorida bu turdagi jiddu jahdning maqsad va gʻoyasi islom dini haqidagi maʼlumotlarni odamlarga unga kirishga majbur qilmagan holda yetkazishdir, deyiladi. Shuningdek, bugungi zamonaviy sharoitlar, xalqaro shartnomalar va kelishuvlar, turli xil zamonaviy aloqa vositalaridan foydalangan holda turfa xil jamiyatlarda turlicha tillarda islomga daʼvat qilish eng toʻgʻri talqin ekani aytiladi [13:725].

Urushga bogʻliq jihod turi haqida toʻlaqonli maʼlumotga ega boʻlish maqsadida unga oid safarbarlik qachon farzi ayn darajasiga koʻtarilishi borasida bildirilgan fikrlarni koʻrib chiqish lozim. Bu holat quyidagi vaziyatlarda yuzaga keladi:

  1. Qachonki jang maydonida ikki (musulmon va nomusulmon) qoʻshinlari saf tortib, bir-biri bilan uchrashsa, Alloh taoloning: “Ey, Iymon keltirganlar! Biror toʻdaga toʻqnash kelsangiz, sabot (va matonat) bilan turingiz va Allohni koʻp yod etingiz, shoyad (shunda) najot topsangiz” (Anfol surasi, 45-oyat) [1:182] oyatiga binoan jang qilish har bir musulmon erkak uchun farzi ayn darajasiga koʻtariladi;
  2. Dushman kutilmaganda bostirib kelsa, ayolu erkak, hattoki, balogʻatga yetmaganlar uchun ham uni qaytarish lozim boʻladi;
  3. Qachonki, davlat rahbari safarbarlik eʼlon qilganda ushbu: “Ey iymon keltirganlar! Sizga ne boʻldiki, Alloh yoʻlida (yovga qarshi) qoʻzgʻalingiz, deyilsa, yerga ogʻirligingizni solasiz (chiqmay oʻtirasiz)?!” (Tavba surasi, 38-oyat) [1:193] oyatiga binoan aniq bir uzrli sababi borlardan tashqari, har bir erkak uchun safarbarlik lozim boʻladi [7:132].

Paygʻambar (s.a.v.)dan kelgan hadisda: “Makka fathidan keyin hijrat yoʻqdir.  Lekin jihod va niyat bordir. Qachonki, safarbarlikka chaqirilsa, qoʻzgʻalinglar”, deyilgan [2:753].

Yana muhim bir nuqta, islomda safarbarlikka chaqirilsa, unga borish uchun ham ruxsat kerakligi bayon qilinadi [7:132]. Bu oʻrinda, eng avvalo, ota-onaning ruxsatini olish, bunga ular izn bersagina chiqish mumkinligi, agar ular ruxsatidan qaytsa, ushbu ish aynan u kishi uchun bekor boʻlishi ham aytib oʻtilgan [7:134]. Bunga dalil sifatida Abdulloh ibn Amr rivoyat qilgan hadisda: “Bir kishi Nabiy (s.a.v.)ning oldilariga kelib, u zotdan jihodga izn soʻradi. U zot: “Ota-onang tirikmi?” dedilar. U: “Ha”, dedi. “U ikkovlari borasida (ularga yaxshilik qilish bilan) jihod qil”, dedilar” [2:794]. Aynan shu sahobadan rivoyat qilingan boshqa bir hadisda esa, “Bir kishi Nabiy (s.a.v.)ning oldilariga keldi va “Ey Allohning Rasuli, men sizga hijrat va jihod uchun bayʼat qilmoqchiman. Bu uchun Allohdan savob umid qilyapman”, dedi. U Zot: “Otang yoki onang hayotmi?”, dedilar”. Haligi kishi: “Ha, ularning ikkovi ham hayot”, dedi. U zot: “Allohdan ajr umid qilyapsanmi?”, dedilar. U yana: “Ha”, dedi. Shunda: Ota-onang oldiga qayt! Ularning suhbatlarini goʻzal qil!”, deb javob berib, unga ruxsat bermadilar [4:1030].

Shuningdek, qarz bergan kishining qarzdorga urushda qatnashishi uchun ruxsati [7:135], davlat rahbarining ijozati kerakligi, jangga boshliqlar bilan borish lozimligi ham islomdagi safarbarlikning muhim qoidalaridan hisoblanadi [7:136]. Yuqoridagi shartlarga qoʻshimcha ravishda safarbarlikka chiqayotgan kishi, eng avvalo, musulmon, aqlli (majnun boʻlmasligi), balogʻatga yetgan, erkak kishi boʻlishi [7:137] va bu ish uchun oʻz-oʻzini taʼminlay oladigan darajada mol-mulkka ega boʻlishi, turli xil kasallik, nogironlik va zararlardan salomat boʻlishi talab etiladi [7:138].

Yuqorida keltirilgan maʼlumotlar orqali islomda tinchlik va urush masalalariga taalluqli jihod hamda uning baʼzi qoida va shartlari juda muxtasar va qisqa bayon qilindi. Bugungi kunda suveren-demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat boʻlgan Oʻzbekistonga nazar solinsa, uning qonunchiligi, xavfsizlik va mudofaa sohasi ham yuqorida zikr qilingan qoida va sharoitlar bilan hamohangligini koʻrish mumkin. Shubhasiz, mustaqil Oʻzbekiston Respublikasining xavfsizligi, mudofaa va uni taʼminlash masalalari Konstitutsiyaviy tartibda mustahkamlab qoʻyilgan. Amaldagi yangilangan Konstitutsiyada mudofaa va xavfsizlik masalalari uchun XXVII bob ajratilgan. Undagi asosiy ikkita moddada Qurolli Kuchlarimiz Respublikamizning davlat suvereniteti va hududiy yaxlitligini, aholining tinch hayoti va xavfsizligini himoya qilishi, Oʻzbekiston oʻz xavfsizligini taʼminlash uchun yetarli darajada Qurolli Kuchlariga ega ekani aniq yozilgan [14:114]. Shuningdek, “Mudofaa toʻgʻrisida”gi Qonunga asoslangan holda, mudofaa yaxlit tizim boʻlib, u aniq prinsiplar asosida tashkil qilinishi belgilab qoʻyilgan. Yana Respublikaning 2018-yilda qabul qilingan Mudofaa doktrinasi mavjud boʻlib, unda davlat boshqa davlatlarga harbiy kuch ishlatmasligi, xorijdagi tinchlikparvar operatsiyalarda va harbiy mojarolarda ishtirok etmasligi, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, ehtimol tutilgan nizolarni tinch yoʻl bilan hal etish, oʻz xavfsizligini boshqa davlatlar xavfsizligi evaziga mustahkamlashga yoʻl qoʻymaslik hamda harbiy-siyosiy bloklarda ishtirok etmaslik kabi masalalar adolatli tarzda belgilab qoʻyilgan [10].

Islom shariati insonlarning dini, hayoti, nasl-nasabi, aqli va mol-mulki muhofazasini oʻz zimmasiga oladi. Xuddi shu kabi Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqaro muhofazasi toʻgʻrisida”gi maxsus qonuni ham mavjud boʻlib, mazkur qonun urush vaqtida Oʻzbekiston Respublikasida istiqomat qiluvchi fuqarolarning muhofazasini tashkil etish bilan bogʻliq barcha masalalarni, ularning millati, irqi va dinidan qatʼi nazar oʻziga qamrab oladi [8].

Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, aholi qatlamining 94 foizini musulmonlar tashkil qiluvchi mamlakatimizda koʻplab millat va din vakillari diniy va dunyoviy erkinliklari toʻliq taʼminlangan holda emin-erkin yashab kelmoqda. Tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash yoʻlida qilinayotgan saʼy-harakatlar, Konstitutsiya va qonunlarga kiritilayotgan oʻzgarishlar konfessiyalararo totuvlikni, turli din va eʼtiqod vakillari oʻrtasidagi bagʻrikenglikni taʼminlash hamda hamjihatlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Hozirgi kunda koʻpchilik dunyo davlatlarida qurolli toʻqnashuvlar, xalqaro tinchlik va barqarorlikka tahdid kuchaygan sharoitda Oʻzbekiston xalqaro maydonda oʻzining tinchliksevar pozitsiyasini mustahkamlagan holda har qanday urush, fitna va siyosiy nizolarga qarshi ekanini ochiq aytmoqda. Bu soʻnggi yillarda amalga oshirilgan “Mehr” operatsiyalari va Oʻzbekistonga davolash va mehr koʻrsatish maqsadida olib kelingan yuz nafar falastinlik ayollar va bolalar misolida namoyon boʻldi. Bunga islomning dunyoda tinchlik va osoyishtalikni saqlashdagi oʻrni naqadar ulkanligi, musulmonlarning bagʻrikeng, chinakam muruvvat egasi ekani sabab deyilsa, aslo mubolagʻa boʻlmaydi. 

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Qurʼoni karim maʼnolarining tarjima va tafsiri / Tarjima va tafsir muallifi Abdulaziz Mansur. – T.: Tafsir-books, 2023.
  2. Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy. Sahihul Buxoriy. – Damashq: Muassasa ar-risola noshirun,
  3. Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad ibn Abu Bakr al-Qurtubiy. Al-Jomeʼ al-Ahkom al-Qurʼon. Oʻninchi juz. – Bayrut: Muassasa ar-risola, 2006.
  4. Abul Husayn Muslim ibn Hajjoj ibn Muslim al-Qushayriy. Sahihi Muslim. – Ar-Riyod: Bayt al-afkar ad-davliyya li an-nashri va at-tavzi, 1998.
  5. Abul Valid Muhammad Ahmad ibn Rushd al-Qurtubiy al-Molikiy. Al-Muqoddamot al-Mumahhidat. – Bayrut: Dar al-gʻarb al-islomiy, 1988.
  6. Ahmad ibn Hanbal. Musnad al-Imam Ahmad ibn Hanbal. – Ar-Riyod: Maktaba dor as-salom, 2013.
  7. Al-mavsua al-fiqhiya. Vizarot al-avqof va ash-shuʼun al-islamiya. J.16. – Quvayt: Tobaʼ zot as-salom, 1989.
  8. “Fuqaro muhofazasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni // https://lex.uz/docs/32994.
  9. Ibn Manzur al-Ansoriy al-Xazrajiy. Lisan al-arab. – Qohira: Dor al-maorif.
  10. “Mudofaa doktrinasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni // https://lex.uz/docs/3495885.
  11. Muhammad Said Ramazon Butiy. Islomda jihod. – T., 2023.
  12. Nigora Yusupova. Fiqh I. – T.: Bookmany Print, 2023.
  13. Qarorot va tavsiyat majmaʼ al-fiqh al-islomiy ad-davliy al-munbasiq aʼn munazzomati at-taʼavun as-islomiy. – Al-Mamlakat al-Arobiyya as-Saudiya: Al-isdor ar-robiʼ, 2020.
  14. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. Rasmiy nashr. – T.: Oʻzbekiston, 2023.
  15. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. – T.: Hilol-Nashr, 2021
Xabibullo SAGDIYEV
Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi dotsenti, PhD
Bahodir BOTIROV
Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi talabasi

Check Also

NOPOKLIK KOʻPAYSA, HALOKAT KELADI!

(Bir hadis sharhi) Hayot fitna va sinovlarga toʻla. Undagi yomonlik ham, yaxshilik ham baʼzida sinov, …