Home / FOTO LAVHALAR / Turkiyalik tadqiqotchilarning ilmiy amaliyot sarhisobi

Turkiyalik tadqiqotchilarning ilmiy amaliyot sarhisobi

Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya dasturi sovrindorlari – Turkiyaning Dijla universiteti tadqiqotchilari Usoma Boʻzkurt hamda Mustafo Alagoʻzoʻgʻli olib borgan ilmiy izlanishlari yakuniga doir taqdimot oʻtkazdi.

Dastlab Usoma Boʻzkurt “Imom Buxoriy hayotining soʻnggi davri va vafoti: Tarixiy manbalar asosida sotsiologik tahlil” mavzusidagi tadqiqot natijalarini taqdim etdi.

Maʼruzachi hadisshunoslik tarixi va oʻlim sotsiologiyasi tutashgan nuqtada Imom Buxoriy merosiga yangicha, fanlararo yondashuvni ilgari surdi. “Asarning ilmiy qimmati allomaning ijtimoiy va madaniy muhitdagi mavqeini toʻliq belgilab bera oladimi?” degan akademik savolni oʻrtaga tashlab, Imom Buxoriyning dovrugʻi va jamiyatdagi oʻrni nafaqat matn metodologiyasi, balki tarixiy-sotsiologik va madaniy omillar bilan ham uzviy bogʻliqligini ochib berdi. Alloma Nishopurda duch kelgan xunuk holat, Buxoro amiri bilan munosabatlari va Xartangga ketishga majbur boʻlishi “tashqi surib chiqarish mexanizmi”, aniqroq aytganda, surgun sifatida tahlil qilindi.

Tadqiqotda Robert Hersning “ikki bosqichli oʻlim” konsepsiyasiga tayanilgan. Unga koʻra, insonning vafoti faqat biologik jarayon bilan tugamay, jamiyat tomonidan uning xotirasi va ijtimoiy maqomi qayta eʼtirof etilishi bosqichini ham oʻz ichiga oladi. Shu nuqtayi nazardan, alloma vafotidan soʻng uning qabri atrofida sodir boʻlgan hodisalar va turli naqllar – oʻz vaqtida adolatsizlikka uchragan olimning maʼnaviy obroʻsini jamiyat tomonidan qayta tiklash (“iodai eʼtibor”) alomati sifatida tahlil qilindi. Xulosa sifatida vafot va qabr bilan bogʻliq naqllar isnod jihatidan munozarali boʻlsa-da, ularni oʻsha davrdagi akademik va ijtimoiy muhitning qarashlarini aks ettiruvchi muhim manba sifatida qayta oʻrganish zarurligi taʼkidlandi.

Soʻng Mustafo Alagoʻzoʻgʻli Xoja Muhammad Porsoning “Fusulus sitta”  (“Olti fasl”) asari, uning qoʻlyozma nusxalari tavsifi, mazmuni va Oʻzbekistonda saqlanayotgan nusxalari boʻyicha olib borgan ilmiy izlanishlari yuzasidan maʼruza qildi. Tadqiqotchi asarning ahamiyati, manbashunoslik va matnshunoslik jihatlariga alohida urgʻu berdi.

Maʼlum qilinganidek, olti boʻlimdan iborat mazkur asar hadislardan fiqhiy hukmlar chiqarish usuliga bagʻishlangan boʻlib, unda islom olamida fiqhni hadis asosida barpo etgan olimlarning metodologiyasi manbalar asosida yoritib berilgan. Tadqiqot davomida Turkiyaning nufuzli kutubxonalarida, jumladan, Sulton Ahmad, Sulaymoniya, Murod Mulla, Jorulloh Afandi, Hoji Salimogʻa, Boyazid fondlari va Toʻpqopi saroyida saqlanayotgan nusxalar bilan bir qatorda, Oʻzbekistondagi – Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutidagi 2082-raqamli noyob qoʻlyozma nusxasi atroflicha oʻrganildi va qiyosiy tahlil qilingan.

Tadqiqotchi amaliyot davrida mamlakatimizdagi qator nufuzli ilmiy-maʼrifiy muassasalarda boʻlib, hamkorlikda oʻtkazilgan xalqaro anjuman va akademik uchrashuvlarda faol ishtirok etganini alohida qayd etdi.

Tadbir qizgʻin savol-javob va muhokamalar bilan oʻtdi.

Turkiyalik tadqiqotchilar Samarqanddagi samimiy mehmondoʻstlik, Markazda yaratilgan yuksak akademik muhit va hamkorlik imkoniyatlari uchun chuqur minnatdorlik izhor qildi.

Taqdimot yakunida xalqaro dastur ishtirokchilariga Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining maxsus sertifikatlari topshirildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Yangi Oʻzbekiston tajribasi – arab dunyosi eʼtiborida

Misrning nufuzli “Al-Siyosiy” elektron nashrida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi Alouddin Neʼmatovning “Yangi …