Paygʻambarlik faqat kitob tushishi bilan emas, balki Alloh taolo tanlab olgan bandalariga vahiy nozil qilishi bilan amalga oshishi yetti qatʼiy dalil orqali isbotlab berildi. Shuningdek, paygʻambarlarga keladigan vahiy ikki tur – tilovat qilinadigan (matluv) va tilovat qilinmaydigan (gʻayri matluv) boʻlishi ham koʻrsatib oʻtildi.
Endi esa Qurʼoni karimning bir qator oyatlarini keltiramiz. Ular oʻz matni, mazmuni yo boshqa dalil koʻmagi bilan shuni koʻrsatadiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tomonidan shariat oʻlaroq bayon etilgan, ammo Qurʼonda boʻlmagan hukmlar ham vahiydir. Bu oyatlar vahiyning bir turi – tilovat qilinmaydigani (ilohiy kitobga kirmagani) ham borligiga dalolat boʻladi.
Bunday oyatlar juda koʻp boʻlib, barchasini birdaniga jamlashga hojat yoʻq. Zero, bir oyatning oʻziyoq haqiqatni anglash uchun kifoya qiladi. Shunday boʻlsa-da, muqaddas Kitobimizning uslubiga ergashgan holda, sunnatning vahiy ekanini qatʼiy isbotlovchi oyatlardan koʻproq keltirish lozim topildi. Chunki bu masalaning gʻoyatda muhimligi bois shu maʼnodagi soʻzlar Qurʼoni karimda turli uslublar bilan qayta-qayta taʼkidlagan. Musʼhafi sharifni sharhlashda, islom ahkomlarini bayon qilishda ham bu masala eng muhim poydevor hisoblanadi.
- Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Botayotgan yulduz bilan qasamki, birodaringiz (Muhammad alayhissalom) adashgani ham yoʻq, yoʻldan ozgani ham yoʻq. Va u (sizlarga keltirayotgan Qurʼonni) oʻz havoyi xohishi bilan soʻzlamas. U (Qurʼon) faqat (Alloh tomonidan) vahiy (nozil) qilinayotgan bir vahiydir. Unga (bu vahiyni) kuchga toʻlgan bir zot (yaʼni, Jabroil alayhissalom) taʼlim bermishdir» [Najm surasi, 1–5-oyatlar].
Alloh taolo tong otayotganda botadigan yulduzlar bilan qasam ichib, Paygʻambarning haq yoʻlda ekanini, adashmagani va yoʻldan ozmaganini maʼlum qildi. Bu yerda «adashgan» – haq va aniq yoʻlni bilmay, ilmsizlik bilan qorongʻulikda qadam bosgan johil. «Yoʻldan ozgan» esa haqni bila turib, qasddan va ongli ravishda undan yuz oʻgirib, boshqa yoʻlga ketgan kimsadir.
Bu oyat Alloh taoloning Oʻz qasami bilan mustahkamlangan buyuk guvohligi boʻlib, bunday shahodat Rasulining barcha holat va ishlarda toʻgʻri yoʻlda ekanini tasdiqlaydi. Shuningdek, keltirgan barcha narsalari – Kitob boʻlsin yo hadis – toʻgʻri va haq ekaniga dalil boʻladi.
Soʻng Alloh taolo bu haqiqatni yanada mustahkamlab, «U oʻz havoyi xohishi bilan soʻzlamas» deyapti. Keyin «U (Qurʼon) faqat (Alloh tomonidan) vahiy (nozil) qilinayotgan bir vahiydir» deb, taʼkidni eng oliy choʻqqiga chiqaryapti. Oyatdagi cheklov (hasr) uslubi vahiydan tashqari har qanday ehtimolni rad etadi. Yaʼni, u zot alayhissalomning gaplari faqat va faqat nozil qilinayotgan vahiydir. Bu Paygʻambar alayhissalomning har bir soʻzi Qodir Parvardigordan kelgan vahiy ekaniga eng oliy tasdiqdir. Bu esa, «oʻz havoyi xohishi bilan soʻzlamas» degan gap shunchaki majoz emas, balki aynan haqiqat ekanini koʻrsatadi.
Bu ibora umumiy maʼno tashiydi, yaʼni u zotning ogʻizlaridan chiqqan barcha soʻzlarni oʻz ichiga oladi. Zero, arab tili qoidalariga koʻra, inkor gap tarkibidagi feʼl inkor qilingan nakra (nomaʼlumlik) soʻz hukmida boʻlib, umumiy maʼnoni anglatadi. Demak, u zotning shariat va dinni yetkazish bilan bogʻliq har bir gapi shu umumiy maʼnoga kiradi. Buni faqat Qurʼonga xoslab qoʻyish uchun hech qanday dalil yoʻq. Shunday ekan, oyatning maʼnosi: «U zot aytgan har bir gap – Kitob boʻlsin yo hadis – faqatgina nozil qilinayotgan vahiydir», deganidir.
Bu oyatning umumiy maʼnoga ega ekani va nafaqat Qurʼonni, balki hadisni ham oʻz ichiga olishini Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qilingan ushbu hadis qoʻllab-quvvatlaydi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitgan har bir narsani yodlab qolish niyatida yozib borar edim. Qurayshliklar meni bundan qaytarib: «Rasulullohdan eshitgan hamma narsangni yozyapsanmi? Axir, Rasululloh ham oddiy inson boʻlsalar, baʼzan gʻazab ustida ham gapiradilar-ku!» dedi. Shundan keyin yozishdan toʻxtadim va buni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga aytdim. U zot barmoqlari bilan ogʻizlariga ishora qilib: «Yozaver, jonim qoʻlida boʻlgan Zotga qasamki, bu yerdan faqat haqiqat chiqadi», deb buyurdilar» [Abu Dovud va Dorimiy rivoyat qilgan].
Ulamolarning fikriga koʻra, bevosita vahiy kelmagan paytlarda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning oʻz ijtihodlari bilan hukm chiqarishlari joiz boʻlgan. Bu holat yuqoridagi «u (sizlarga keltirayotgan Qurʼonni) oʻz havoyi xohishi bilan soʻzlamas. U (Qurʼon) faqat (Alloh tomonidan) vahiy (nozil) qilinayotgan bir vahiydir» degan umumiy qoidaga zid kelmaydi. Chunki Alloh taolo oʻsha vaziyatlarda u zotga ijtihod qilishga izn bergan. Bu ruxsatning oʻzi ham Alloh taoloning Oʻz Paygʻambariga vahiysidir. Demak, Nabiy sollallohu alayhi vasallam oʻz ijtihodlarida ham baribir Allohning vahiysiga ergashgan boʻladilar. Bunga Alloh taoloning Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tili bilan aytgan ushbu soʻzlari dalildir: «Men faqat oʻzimga vahiy qilingan narsalargagina ergashurman» [Anʼom surasi, 50-oyat].
Shunday ekan, u zotning ijtihodlari va oʻsha ijtihod tayanadigan asoslarning barchasi vahiydir, aslo havoyi xohish emas. Zero, bu ruxsat goʻyo Alloh taoloning Oʻz Paygʻambariga «Biror hukmni toʻgʻri deb bilsangiz, u Mening hukmimdir», yaʼni «Qalbingizga solingan har bir narsa Mening irodamdir» deganidek gap. Shuning uchun ham bu haqiqiy vahiy hisoblanadi va yuqoridagi umumiy qoidaga toʻliq muvofiq boʻladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ijtihodlarida xato boʻlishi ehtimoli bor, deb hisoblaydigan ulamolar mazhabiga koʻra esa, Nabiy sollallohu alayhi vasallam biror ijtihodda yanglishgan boʻlsalar, Alloh taolo uni oʻsha holatda qoldirmagan, balki vahiy yoʻllaridan biri bilan darhol haqiqatni bayon qilib bergan. Demak, Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam din sifatida mustahkamlanib, qaror topgan hukmlarda qanday havoyi xohish bilan gapirmaganlari singari hali yakuniy toʻxtamga kelinmagan va ijtihod qilgan masalalarida ham aslo nafslariga tayanib soʻz yuritmaganlar. Balki u zotning aytganlari bevosita vahiy kelmaganda ijtihod qilishga berilgan ilohiy ruxsatga – yaʼni, baribir vahiyga asoslangan boʻlgan.
Xulosa qilib aytganda, Alloh taoloning Oʻz Rasuliga ijtihod qilishga ruxsat berishi goʻyo unga: «Biror hukmni toʻgʻri deb bilsangina va Men uni shundayligicha qoldirsam, demak, u Mening hukmimdir», deb aytishi kabidir.
- Qurʼoni karimning qator oyatlarida “hikmat” soʻzi “Kitob” soʻzi bilan ketma-ket kelgan. Ularning bir qismida ikki kalima ham Alloh taolo tomonidan oʻrgatilgani bayon qilingan boʻlsa, boshqa qismida ikkisining ham Haq taolo tomonidan nozil qilingani ochiq-oydin aytilgan.
Alloh subhonahu va taolo bunday marhamat qiladi: «Ey Rabbimiz! Ularga (kelajak ummatlarga) oʻzlaridan (chiqqan), ularga oyatlaringni tilovat qilib beradigan, Kitob va hikmat (Qurʼon va hadis)ni oʻrgatadigan va ularni (kufr va gunohlardan) poklaydigan bir paygʻambar yuborgin! Albatta, Sen Aziz (qudratli) va Hakim (hikmat sohibi)dirsan » [Baqara surasi, 129-oyat].
Yana Alloh taolo bunday deydi: «Shuningdek, sizlarga oʻzingizdan boʻlmish bir paygʻambar yubordikki, u sizlarga oyatlarimizni oʻqib beradi, sizlarni (shirk va gunohlardan) poklaydi, sizlarga Kitob (Qurʼon) va hikmatdan (Hadisdan) taʼlim beradi va bilmaganlaringizni bildiradi » [Baqara surasi, 151-oyat].
Haq taolo aytadi: «Albatta, Alloh moʻminlarga oʻzlaridan boʻlgan (yaʼni, odam jinsidan boʻlgan), ularga Allohning oyatlarini tilovat qilib beradigan, (gunohlaridan) poklaydigan hamda ularga Kitob va hikmatni oʻrgatadigan paygʻambarni yuborish bilan yaxshilik qildi. Holbuki, ular ilgari ochiq xato-zalolatda edilar» [Oli Imron surasi, 164-oyat].
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «U (Alloh) omiylarga (yaʼni, ahli kitob boʻlmagan ilmsiz kishilarga) oʻzlaridan boʻlgan, ularga (Qurʼon) oyatlarini tilovat qiladigan, ularni (shirk va jaholatdan) poklaydigan hamda ularga Kitob – Qurʼon va hikmat – hadisni oʻrgatadigan bir paygʻambarni (yaʼni, Muhammad alayhissalotu vassalomni) yuborgan Zotdir. Shak-shubhasiz, ular (paygʻambar kelishidan avval) ilgari ochiq zalolatda edilar» [Jumʼa surasi, 2-oyat].
Eʼtibor bering, ushbu oyatlarda Nabiy sollallohu alayhi vasallamning moʻminlarga Kitob va hikmatni oʻrgatishlari Allohning oyatlarini tilovat qilib berishlariga bogʻlab keltirilmoqda. Yaʼni, Kitob va hikmatni oʻrgatish oyatlarni tilovat qilishdan butunlay boshqa narsadir. Buni ilohiy bayondagi soʻzlarning turlicha kelgani ham koʻrsatib turibdi. Zero, Alloh taolo dastlabki harakatni “tilovat” deb, keyingisini esa “oʻrgatish” deb atayapti. Taʼlim berish esa shunchaki tilovat qilishdan farq qiladi. Qolaversa, arab tili qoidalariga koʻra, soʻzlarni bir-biriga bogʻlab soʻzlash (atf) ular oʻrtasida maʼno jihatidan farq borligini bildiradi. Ayniqsa, keyingi uch oyatda Kitob va hikmat taʼlimi bilan tilovat “ularni poklaydigan” mazmunidagi jumla bilan ajratilgani bu ikki tushuncha bir-birini shunchaki sharhlab keluvchi sinonimlar emasligini yana bir bor qatʼiy tasdiqlaydi.
Oyatlarni tilovat qilishning maʼnosi hammaga tushunarli. Kitobni oʻrgatish esa Qurʼondagi umumiy va muxtasar hukmlarni bayon qilib berish demakdir. Bunga Alloh taoloning ushbu soʻzlari dalil boʻladi: «Sizga esa odamlarga nozil qilingan (maʼlumotlar)ni bayon (tafsir) qilib berishingiz uchun va tafakkur qilsinlar, deb bu zikrni (Qurʼonni) nozil qildik» [Nahl surasi, 44-oyat] Alloh taolo Oʻz Rasuli Muhammad sollallohu alayhi vasallamga Qurʼonni sharhlash, undagi qisqa hukmlarni batafsil tushuntirish va mavhum joylariga oydinlik kiritish vazifasini yuklagan. Bu ulugʻ vazifa esa faqatgina hikmatni oʻrgatish orqali amalga oshadi. Hikmat esa – Alloh taolo u zotga vahiy qilgan sunnatdir.
Bu tahlil “hikmat” soʻzi Kitobga bogʻlanib kelgan boshqa oyatlarda ham Qurʼondan farqli oʻlaroq alohida bir asos – Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari ekaniga yorqin dalildir.
Qurʼonda “hikmat” deb atalgan ushbu sharafli nabaviy sunnat Alloh taolo tomonidan nozil qilingan vahiy ekanini ochiq-oydin koʻrsatuvchi oyatlar ham bor. Jumladan, Alloh subhonahu va taolo bunday amr etadi: «Allohning sizlarga bergan neʼmatini va sizlarga nasihat sifatida nozil qilgan Kitob va hikmatni (hadislarni) yodingizda tutingiz!» [Baqara surasi, 231-oyat].
Yana bunday marhamat qiladi: «Alloh sizga Kitob va hikmatni nozil qildi va bilmagan narsalaringizni bildirdi. Allohning sizga fazlu marhamati ulugʻ boʻldi» [Niso surasi, 113-oyat].
Ushbu oyatlardagi «Kitob va hikmat» degan ilohiy soʻzlar hikmat xuddi Qurʼoni karim kabi Alloh taolo tomonidan nozil qilinganini ochiq koʻrsatadi. Chunki u “Kitob” soʻzi bilan yonma-yon va unga bogʻlanib kelmoqda.
Shunday qilib, dastlabki misollardagi oyatlar orqali hikmatning Kitobdan boshqa narsa ekani isbotlandi. Kyeyingi misollar bilan bu hikmat ham xuddi Kitob kabi Allohdan nozil boʻlgan ilohiy vahiy ekani oʻz tasdigʻini topdi. Ana shu vahiy nabaviy sunnatdir, vallohu aʼlam.
Imom Shofeiy rahmatullohi alayh Kitob bilan hikmat oʻrtasidagi bu farqni qatʼiy taʼkidlab, mazkur oyatlar sharhida bunday degan: «Alloh Kitobni zikr qildi – u Qurʼondir. Shuningdek, hikmatni zikr qildi. Men Qurʼon ilmini yaxshi biladigan, oʻzim rozi boʻlgan olimlardan eshitdimki, ular: “Hikmat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridir”, dedi. Bu gap ayni haqiqatdir».
Imom Shofeʼiy maʼqullagan va Qurʼon olimlaridan naql qilgan bu qarash barcha salaf solihlar va yetuk mufassirlarning yakdil ittifoqidir.
Ibn Kasir oʻz tafsirida bunday yozadi: Hikmat – sunnat deganidir. Buni Hasan Basriy, Qatoda, Muqotil ibn Hayyon, Abu Molik va boshqalar aytgan. Shuningdek, u “dindagi chuqur tushuncha” deb talqin qilingan. Bu ikki fikr oʻrtasida qarama-qarshilik yoʻq, biri ikkinchisining mazmuniga uygʻundir».
Bu oʻrinda bir muhim jihatga eʼtibor qaratish lozimki, bu oyatlardagi “hikmat” soʻzini “sunnat” deb tafsir qilgan olimlar, tilshunoslik jihatidan hikmat va sunnat soʻzlari mutlaq maʼnodosh (sinonim) demoqchi emas. Chunki lugʻat darsliklarida, jumladan, Xalil ibn Ahmad Farafidiyning «Kitobul ayn» asarida keltirilishicha, “hikmat” soʻzi tilda “ilm” va “adolat” maʼnolarini anglatadi. Mufassirlar oyatning kelish oʻrni va matn siyoqini hisobga olib, uni ilm va adolatning eng oliy darajada namoyon boʻlishi, yaʼni hadis deb izohlagan. Zero, Alloh taolo hikmatni ham nozil qilingan narsalar qatoriga qoʻyishi va uni Kitob bilan birga qayd etishi uning aynan hadis ekaniga yaqqol dalildir. Chunki Alloh taolo tomonidan Kitobdan tashqari nozil qilingan yagona manba – bu hadisdir.
Davomi bor…
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





