Home / ALLOMALAR / QUSAM IBN ABBOSNING HAYOTI VA FAOLIYATI

QUSAM IBN ABBOSNING HAYOTI VA FAOLIYATI

Qusam ibn Abbos roziyallohu anhu ham ota, ham ona tarafidan Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamga qarindosh hisoblangan. Koʻpchilik ulamolar taʼkidlaganidek, sahobalik baxtiga muyassar boʻlgan, bolalik chogʻlaridayoq Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning nazarlariga tushgan va duoyi xayrlarini olgan. Suyukli nabiralari Imom Husayn roziyallohu anhuning emikdosh akasi, tashqi koʻrinishi va amallari bilan Paygʻambar alayhissalomga oʻxshash boʻlgan. U zot vafot etganlarida muborak jasadlarini yuvish, kafanlash ishlarida qatnashgan, hatto qabrga qoʻyilganlarida u zotni koʻrib qolganlarning eng oxirgisi boʻlgan.

Qusam ibn Abbosning ismi Imom Buxoriyning “Al-Jomeʼ as-sahih”, “At-Tarixus sagʻir” kitoblarida tilga olib oʻtilgan. U yosh sahobalardan boʻlgani uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning toʻrt xalifalari – Abu Bakr, Umar, Usmon va Ali roziyallohu anhumlar davri (11-41/632-661-yillar) va Ummaviylar xalifaligining dastlabki yillari (41-133/661-750)ga guvoh boʻlgan. Abu Bakr roziyallohu anhu xalifalik davrida Qusam ibn Abbos 8-11 yoshli bola boʻlgan. Umar ibn Xattob davrida 21 yoshli, Usmon ibn Affon davrida 33 yoshli yigit boʻlgan. Bu davrlarda u biron bir rasmiy vazifalarda faoliyat olib bormagan.

Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu xalifaligining soʻnggi yillariga kelib, Qusam ibn Abbos rasmiy vazifalarda faoliyat boshlagan. Dastlab Madina, soʻng Makka shahrining hokimi boʻlgan va Ali ibn Abu Tolib vafot etguniga qadar shu vazifada ishlagan. Shu davrda u haj amiri boʻlgan va oʻziga topshirilgan masalalarda fatvo berish bilan shugʻullangan.

Qusam ibn Abbos oʻsib-ulgʻaygan oila – Abbos ibn Abdulmuttalibning xonadoni muqaddas islom olamining eng sharafli xonadonlaridan biri sanaladi. Onasi Luboba binti Horis Hadicha onamizdan keyin imon keltirgan ikkinchi ayol sifatida fazilatli farzandlarga onalik qilgan boʻlsa, otasi Abbos Badr jangida ochiq imon keltirgan, ammo bundan avval ham islom va musulmonlarga koʻp yordam bergan. Xususan, Aqaba bayʼatida koʻplab insonlarning imonga kelishiga koʻmaklashgan, Makka va Hunayn fathida qatnashgan, Abu Sufyonning musulmon boʻlishiga sabab boʻlgan. Koʻplab hadislar rivoyat qilgan[1].

Paygʻambar alayhissalomning amakilari – Abbosning kunyasi Abu Fazl, otasining ismi Abdulmuttalib, onasiniki Nitayla boʻlib, oilada kenja oʻgʻil boʻlgan. U Paygʻambar alayhissalomdan uch yosh katta boʻlgan. Zero, u zot alayhissalom hijratdan 53-yil oldin rabiul avval oyining 12 kuni, yaʼni 571-yil 23-aprelida tugʻilgan boʻlsalar, Abbos hijratdan taxminan 50-yil oldin, milodiy 569-yili tugʻilgan. U oq rangli, kelbatli, ovozi baquvvat kishi boʻlgan.

Manbalarda Abbos ibn Abdulmuttalib islomga kirishidan oldin ham Paygʻambar alayhissalomga koʻp yordam bergani taʼkidlanadi. Aqaba bayʼatida u zotning yonlarida turib, odamlarni islomga targʻib qilgani aytiladi. Hijratdan 2-yil oldin zulhijja oyi, paygʻambarlikning 12-yili, yaʼni milodiy 621-yilning iyul oyida “Birinchi Aqaba bayʼati” boʻladi. Unda ansorlardan iborat 12 nafar sahoba Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bayʼat qilgan. Hijratdan 1-yil oldin zulhijja oyida, yaʼni milodiy 622-yilning iyun oyi oxirlarida “Katta Aqaba bayʼati” boʻlib oʻtadi. Unda Paygʻambar alayhissalom ansorlardan iborat 75 nafar sahobadan bayʼat olganlar. Oʻshanda Abbos ibn Abdulmuttalibning xizmati katta boʻlgan.

Imom Buxoriy va Muslim undan 35 hadis rivoyat qilgan. Imom Tabariyga koʻra, Abbos ibn Abdulmuttalib roziyallohu anhu 32/653-yili 88 yoshida vafot etgan. Janozasini Usmon ibn Affon oʻqigan. Baqiʼ qabristoniga dafn qilingan. Bu vaqtda Qusam ibn Abbos roziyallohu anhu 28 yoshda boʻlgan[2].

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey Rabbim, Abdulloh ibn Abbosga hikmatni oʻrgat!” deb duo qilganlar. Abdulloh ibn Abbos yosh boʻlishiga qaramay, koʻp oyat va hadislarni yod olgan. Odamlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Ibn Abbos ushbu ummatning ilm dengizidir”, degan soʻzlarining voqelikdagi isbotini keyinroq koʻrdilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etganlarida Abdulloh ibn Abbos oʻn uch yoshda boʻlgan. U hadis yodlagan kishini bilib qolsa, darhol oʻsha odamning uyida paydo boʻlar edi. Ubaydulloh ibn Abdulloh bunday deydi: “Ibn Abbos koʻp xislatlarda insonlardan oʻzib ketdi. Ilmda unga yetadigani yoʻq edi. Fiqhda doimo uning fikriga suyanilar edi. Halimlik va nasabda hech kim unga teng kela olmas edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarini yoki xalifalarning qozilik ishlarini undan yaxshi biladigan kishi topilmas edi”.

Abdulloh ibn Abbos nafaqat hadis ilmi, balki Qurʼon, fiqh, arab sheʼrlarining maʼnolaridan ham yaxshigina xabardor edi. Uning xonadoni ilm istab keluvchilar bilan doim gavjum boʻlgan. U  Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan 1660 ta hadis rivoyat qilib, bu borada sahobalarning beshinchisi boʻlgan. U tafsir ilmining peshqadami boʻlgani uchun “Tarjumonil Qurʼon” unvonini olgan. Alloma Feruzobodiy Abdulloh ibn Abbosning tafsirga doir rivoyatlarini toʻplab, “Tanvirul miqyos min tafsiri Ibn Abbos” nomli asar bitgan. Abdulloh ibn Abbos 68/688-yili 71 yoshda vafot etgan.

Qusam ibn Abbosning tugʻilgan sanasi manbalarda turlicha qayd etilgan boʻlsa-da, taniqli olim Mirzo Kenjabek taʼkidlaganidek, quyidagi uch maʼlumot asosida uning aniq sanasini bilib olish mumkin boʻladi[3]:

Birinchisi, Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam vafot etganlarida Qusam ibn Abbos sakkiz yoshda boʻlgani haqidagi maʼlumotlar. Abu Tohirxoja Samarqandiy “Samariya” asarida: “Bir rivoyatga koʻra, Hazrati Qusam Hazrati Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning vafotlari vaqtida sakkiz yashar edilar”[4], degan. Bunga koʻra, Qusam ibn Abbos 3/624-yili tugʻilgan.

Ikkinchi, Qusam ibn Abbosga emikdosh boʻlgan Husayn roziyallohu anhu tavallud topgan sana boʻlib, u juda aniqdir. Maʼlumki, Husayn roziyallohu anhu hijriy 4-yil, shaʼbon oyining 5 kuni, milodiy 626-yilning 11-yanvarida tugʻilgan. Qusam ibn Abbos Husayn roziyallohu anhumodan 8 oy oldin tugʻilgan boʻlsa, 3/624-yili, agar 7 oy katta boʻlsa, 4/625-yili tugʻilgan boʻladi.

Uchinchi, Qusam ibn Abbosning tugʻilgan yilini vafot etgan sanasi bilan belgilash mumkin. Abu Tohirxojaning yozishicha, Qusam ibn Abbos 57/677-yili shahid ketgan[5].

Qusam ibn Abbos 54-yil yashagani hisobga olinadigan boʻlsa, aynan 4/624-yili, agar 53-yil yashagani hisobga olinsa, 3/624-yili tugʻilgan boʻlib chiqadi. Demak, Qusam ibn Abbos roziyallohu anhuning 3/624-yili tugʻilgan boʻlishi ehtimoli koʻproqdir[6].

Abu Tohirxoja Samarqandiy “Samariya” asarida ushbu satrlarni keltirgan: “Hazrat amirul-moʻminin Ali, karramallohu vajhahu (Alloh uning chehrasini oliyjanob etsin) xalifaligi chogʻida uning buyrugʻi bilan Makka shahriga hokim boʻlib turdi. U shahid boʻlgandan keyin Muoviya (ibn Abu Sufyon) zamonida uning buyrugʻi bilan Ubayd Ziyoddan soʻngra, Xuroson hokimligiga tayinlangan lashkarboshilardan Said ibn Usmon (ibn Affon) ortidan Movarounnahrga keldi…”[7].

Qusam ibn Abbos Muoviya xalifaligi davrida 56/676-yili Said ibn Usmon boshchiligidagi qoʻshin bilan Movarounnahrga qilingan harbiy safarda ishtirok etgani yetarli dalil-hujjatlar bilan oʻz tasdigʻini topgan.

Balozuriy “Futuh al-buldon”da yozishicha, Qusam 57/677-yili qoʻshin Samarqandni qamal qilgan vaqtida vafot etgan. Ayni paytda Tabariy ham Qusam ibn Abbos toʻgʻrisidagi xabarlarni keltirar ekan, uning oʻlimi bilan bogʻliq biror narsani keltirmagan. Yaʼqubiy “Al-Buldon”da, Narshaxiy “Tarixi Buxoro”da taʼkidlashicha, Qusam ibn Abbos aslida Marvda vafot etgan”[8].

Qusam ibn Abbosning vafoti haqida turli xil maʼlumotlar kelgan boʻlsa-da, xulosa shuki, u Samarqand fath etilganidan keyin shahid ketgan. Abdulloh ibn Abbosga akasi Qusamning Samarqandda vafot etgani haqidagi xabar yetib kelganda, u: “Tugʻilgan joyi bilan qabrga qoʻyilgan joyi oʻrtasidagi masofa naqadar uzoq boʻlmasa”, degan.

Qusam ibn Abbosning qayerda vafot etgani va qayerda dafn qilingani haqida ulamolar har xil fikrlarni ilgari surgan boʻlsa-da, koʻplab dalillarga koʻra u Samarqandda, hozirgi Shohizinda qabristonida ekani aniqdir. Abu Hasan Haraviy Samarqand haqida soʻz yuritar ekan, Qusam ibn Abbosning, “Sahih” kitobining muallifi Muhammad ibn Ismoil Buxoriyning, shuningdek, koʻplab avliyo va solihlarning qabri oʻsha yerda ekanini taʼkidlagan[9]. Alloma Kirmoniy: “Muoviyaning xalifalik davrida Samarqandga borib, oʻsha yerda shahid boʻlgan. Qabri ham oʻsha yerdadir”[10], degan.

Mirzo Kenjabekning yozishicha, Qusam ibn Abbosning Samarqandda dafn etilganiga dalil boʻladigan eng qadimiy manbalardan biri Qoraxoniy sultonlaridan Tamgʻoch Bugʻroxonning 1065-yilda Qusam ibn Abbos roziyallohu anhu qabri yonida qurdirgan madrasaning vaqf hujjatlari – “Tamgʻoch Bugʻroxon vaqfnomasi”dir[11].

Bugungi kunda Qusam ibn Abbos roziyallohu anhu ziyortagohi Samarqandda joylashgan eng obod va koʻplab ziyoratchilar tashrif buyuradigan muqaddas manzildir.

[1] Mirzo Kenjabek. Hazrati Qusam ibn Abbos – Shohi Zinda, – Toshkent: Yoshlar MediaPrint. 2021. – B. 11.
[2] Oʻsha manba, – 35-36.
[3] Hazrati Qusam ibn Abbos – Shohi Zinda, – B. 66-67.
[4] Abu Tohirxoʻja Samarqandiy. Samariya, nashrga tayyorlovchilar: B. Ahmedov va A. Juvonmardiyev. – Toshkent, 1969. – B. 29.
[5] Oʻsha manba, – B. 29.
[6] Hazrati Qusam ibn Abbos – Shohi Zinda, – B. 11.
[7] Samariya, – B. 29.
[8] Muvjazu doirat al-maorif al-islomiya,  – J. 26. – B. 8081-8083.
[9] Abu Hasan Ali ibn Abu Bakr ibn Ali Haraviy (vaf. 611/1215). – Qohira: Maktabat as-saqofat ad-diniya, 1-nashr, 2003. – B. 84.
[10] Shamsiddin Kirmoniy, Muhammad ibn Yusuf ibn Ali ibn Said (vaf. 786/1385). Al-kavokib ad-daroriy fi sharhi “Sahih al-Buxoriy”, – Bayrut-Lubnon: Dor ihyo at-turos al-arabiy, 1981. – J. 21. – B. 142.
[11] Hazrati Qusam ibn Abbos – Shohi Zinda, – B. 122.
Hafizulloh BOYQOBILOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

XV-XIX ASRLARDA NAQSHBANDIYA TARIQATINING ZARAFSHONDAGI NAMOYANDALARI (2-qism)

Naqshbandiya tariqati namoyandalaridan biri Avliyo Xoja XVII asrda yashab oʻtgan. U haqda Samarqand qozikaloni Abu …