Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Turkiyaning Dijla universiteti hamkorligida “Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining faoliyati va ilmiy-innovatsion imkoniyatlari” mavzusida onlayn ilmiy seminar oʻtkazildi.

Seminarni Imom Buxoriy xalqaro stipendiya dasturi sovrindori, Dijla universiteti ilohiyot fakulteti doktoranti Mustafo Alagoʻzoʻgʻli olib bordi.
Tadbirda Markaz direktori oʻrinbosari, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD), katta ilmiy xodim Otabek Muhammadiyev Markazning tashkil topish tarixi, asosiy faoliyat yoʻnalishlari hamda keyingi yillarda erishilgan ilmiy natijalar haqida batafsil maʼruza qildi.
Taqdimot davomida Markazning mamlakatimiz va xorijda Imom Buxoriy ilmiy merosini oʻrganish, tadqiq etish va keng targʻib qilish borasida amalga oshirayotgan ishlari, xalqaro hamkorlik aloqalari, raqamlashtirish jarayonlari, nodir qoʻlyozmalar fondi, ilmiy kutubxona hamda zamonaviy ilmiy-innovatsion infratuzilmasi haqida maʼlumot berildi.
Shuningdek, Markaz tomonidan tayyorlangan fundamental ilmiy nashrlar va tadqiqotlar ham ishtirokchilar eʼtiboriga havola etildi. Xususan, “Al-Jomiʼ as-sahih”ning qoʻlyozma nusxalari katalogi, “XV–XX asr boshlarida Markaziy Osiyoda kutubxonachilik tarixi”, “VII–IX asrlarda Movarounnahrda hadis ilmi rivoji” kabi monografiyalar, shuningdek, yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalar hayoti va ilmiy merosiga bagʻishlangan “10 haqiqat” turkumi nashrlari haqida atroflicha soʻz yuritildi.

Maʼruzada Markazning Turkiya, Malayziya, Marokash, Jazoir va boshqa davlatlarning nufuzli ilmiy muassasalari bilan qoʻshma loyihalarni amalga oshirayotgani, xalqaro konferensiyalar, simpoziumlar, ilmiy stajirovkalar va akademik almashinuv dasturlarida faol ishtirok etayotgani alohida taʼkidlandi.

Tadbir yakunida turkiyalik olim va tadqiqotchilar Markazning ilmiy-innovatsion salohiyati, xalqaro hamkorlik yoʻnalishida amalga oshirayotgan keng qamrovli faoliyati hamda jahon miqyosida Imom Buxoriy ilmiy merosini oʻrganish va targʻib etish borasidagi saʼy-harakatlarini yuksak eʼtirof etdi. Shuningdek, Markaz bilan ilmiy aloqalarni yanada mustahkamlash va qoʻshma tashabbuslarni kengaytirish muhim ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi.

Tadbir Markazning ilmiy salohiyati va innovatsion imkoniyatlarini xalqaro akademik jamoatchilikka keng tanitish, shuningdek, Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi ilmiy-maʼrifiy hamkorlikni mustahkamlash yoʻlidagi muhim qadamlardan biri boʻldi.
Matbuot xizmati
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





