Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy “Amirul moʻminin fil hadis” “(Hadis ilmida moʻminlarning amiri)” “Imomul muhaddisin” (Muhaddislar imomi), “Imomud dunyo” “(Dunyo imomi)” va “Shayxulislom”[7:11-12] rutbalariga sazovor boʻlgan. Allomaning hayoti va boy maʼnaviy merosini keng tadqiq etish yuzasidan nafaqat yurtimiz, balki butun islom olamida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.
Manbalarda Imom Buxoriy qirq yil mobaynida koʻplab mamlakatlarda ilmiy safarda boʻlib, yigirma toʻrtta asar yozgani qayd etilgan. Allomaning shoh asari – “Sahihul Buxoriy”da 7563 hadis jamlangan. Hadislar sanadi (roviylar silsilasi)dagi roviylarning soni uchtadan toʻqqiztagachadir. Jumladan, 7135-tartib raqami bilan kelgan birgina hadis Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan Imom Buxoriyga toʻqqizta roviy orqali yetib kelgan. Hadislarning aksari 5-6 roviylik hadislar hisoblanadi. Uch roviy orqali yetib kelgan hadislar esa 22 tani tashkil etadi. Yaʼni muallif bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oʻrtasidagi roviylarning soni uch kishidan iborat. Masalan, Imom Buxoriy hadisni taba tobeindan, u tobeindan, u sahobadan, sahoba esa shaxsan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitgan. Uch roviyli – oliy sanadli hadislarni oʻz ichiga olgan asarlar “Sulosiyot” deb nomlangan.
Tadqiqotning maqsadi. Muhaddislar jamlagan “Sulosiyot” asarlar, “Sulosiyotul Buxoriy”ga yozilgan sharhlar haqida maʼlumot berish, “Sulosiyotul Buxoriy”ning dunyo kutubxona va arxivlarida saqlanayotgan nodir qoʻlyozma nusxalarini aniqlash va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi manbalar xazinasida saqlanayotgan “Sulosiyotul Buxoriy”ning nodir qoʻlyozma nusxasini kodikologik tahlil qilishdan iborat.
Muhaddislarning “Sulosiyot” asarlari. “Sulosiyot” kitoblar talaygina boʻlib, ular orasida “Sulosiyotul Buxoriy” ancha mashhurdir. Imom Dorimiyning (797-869-y.) sulosiyotida oʻn yettita, Ibn Mojaning (824-887-y.) sulosiyotida beshta, Imom Abu Iso Termiziyning (824-892-y.) sulosiyotida bitta, Imom Tabariy (873-971-y.) bitgan hadislar toʻplamida uchta va Imom Ahmadning (780-855) “Musnad” asarida 332 ta hadis uch roviylidir.
Bu turdagi hadislar olti sahih hadis toʻplamiga kiruvchi kitoblarning barchasida ham uchramaydi. Masalan, Imom Muslim (820-875), Imom Abu Dovud (817-889) va Imom Nasoiy (830-915)ning toʻplamlarida uch roviylik hadislar kelmagan [6:7-8].
“Sulosiyotul Buxoriy”ga yozilgan sharhlar. “Sulosiyotul Buxoriy”ga oʻndan ortiq olimlar tomonidan sharhlar yozilgan.
Jumladan:
- Abulxayr Muhammad ibn Abu Imron Muso Marvaziy Saffor (988-1078) birinchilardan boʻlib “Sulosiyotul Buxoriy”ga “Sharh Sulosiyotul Buxoriy” nomli sharh yozgan.
- Shamsiddin Muhammad ibn Abduddoim ibn Muso Birmoviy Misriy Shofeiy (1362-1428) ham “Sharh Sulosiyotul Buxoriy” nomli sharh yozgan. Uning sharhi manzuma shaklidagi urjuza boʻlib, bir necha marta nashr qilingan.
- Ibn Hajar Asqaloniy (71372-1449) “Tajrid Sulosiyotul Buxoriy” nomli sharh yozgan.
- Muhammad ibn Ibrohim Hazramiy (vaf. 1376) “Al-Farondul marviyot fi favoidis sulosiyot” nomli sharh yozgan. Ushbu sharh 2014-yili Misrda nashr qilingan.
- Muhammadshoh ibn Hasan ibn Muhammad Rumiy Hanafiy (vaf. 1532) “Sharh Sulosiyotul Buxoriy” nomli sharh yozgan.
- Shamsiddin Muhammad Koʻhistoniy (vaf. 1555) “Sharhus sulosiyot” nomli sharh bitgan.
- Mavlono Hamiduddin ibn Abdulloh Sindiy Madaniy (vaf. 1600) tomonidan 1595-yilda “Sharh Sulosiyotul Buxoriy” nomli sharh yozilgan. Mazkur sharhning 1277/1860-yilda koʻchirilgan 64 varaqdan iborat 1 dona qoʻlyozma nusxasi OʻzR FA SHI qoʻlyozmalar fondida №8742/I raqam ostida saqlanadi.
- Nuriddin Ali ibn Sulton Muhammad Hiraviy Makkiy Hanafiy (vaf. 1605) ham “Taʼliqotul qori ʼala Sulosiyotul Buxoriy” nomli sharh yozgan. Mazkur sharhda asosan “Fathul Boriy” asaridan foydalangan.
- Shahobiddin Ahmad Misriy Shofeiy Ajamiy (1605-1675) “Sharh Sulosiyotul Buxoriy” nomli sharh yozgan.
- Ali Bayyumiy (1696-1769) “Hadoyotul Boriy fi sulosiyotil Buxoriy” nomli asar yozgan.
- Abdulbosit ibn Rustam Qannujiy Hindiy Hanafiy (1746-1808) “Nazmul laoliy fi sharhi Sulosiyotil Buxoriy” nomli sharh yozgan.
- Muhammad Siddiqxon ibn Hasanxon Qannujiy (1832-1890) “Gʻunyatul kori bi tarjimati Sulosiyotul Buxoriy” nomli sharh yozgan.
- Shayx Muhammad Majalliy Shaxriy (vaf. 1902) “Ad-Daroriyun noshirot fi tarjimat ma fil Buxoriy min sulosiyot” nomli sharh yozgan.
- Abuttayyib Muhammad Shamsulhaq Azimobodiy (1856-1911). “Fazlul Boriy sharh Sulosiyotul Buxoriy”.
- Abdussabur ibn Abduttavvob Multoniy (vaf. 1930) “Inʼomul munʼimil Boriy bi sharhi Sulosiyotul Buxoriy” nomli sharh yozgan [2:8-11].
“Sulosiyotul Buxoriy”ning nodir qoʻlyozma nusxalari. Hozirgi kunda “Sulosiyotul Buxoriy”ning nodir qoʻlyozma nusxalari dunyoning barcha mintaqalaridagi kutubxona va arxivlarida saqlanmoqda.
Jumladan:
- Germaniyadagi Berlin davlat kutubxonasida inv. № 1620 (Koʻchirilgan sana: 949/1542-y. hajmi: 1-4 varaq) va inv. № 1621 (Koʻchirilgan sana: 1150/1737-y. hajmi: 37-41 varaq);
- Misr Arab Respublikasidagi Azhar kutubxonasida inv. №125 (hajmi: 1b – 17b varaq);
- Pokiston Islom Respublikasidagi Qosimiya kutubxonasida inv. № 20 (hajmi: 15 varaq);
- Rossiya Federatsiyasidagi Sankt-Peterburg kutubxonasida inv. № B 2283 (hajmi: 28b-33b), inv. № B 3004 (Koʻchirilgan sana: 1313/1896-y. hajmi: 50b-68b varaq) va inv. № B 4250 (Koʻchirilgan sana: 1016/11607-y. hajmi: 246b-251b varaq);
- Saudiya Arabistonining Riyod shahridagi “Podshoh Faysal ilmiy tadqiqotlar va islomshunoslik markazi kutubxonasi” kutubxonasida inv. №-1884, فك-1885,ف -3-1148 (Xattot: Muhammad ibn Abdurahmon ibn Ahmad Juʼfiy. Koʻchirilgan sana: 1285/1842-y. hajmi: 8 varaq);
- Tunis Respublikasining Tunis Milliy kutubxonasida inv. № 139. № A-MSS-6809;
- Turkiyadagi Anqara milliy kutubxonasida inv. № 139 (Koʻchirilgan sana: 934/1527-y. hajmi: 57b-61a varaq), inv. № № 543/6 (hajmi: 84b-88a varaq), Konya oʻlka yozma asarlar kutubxonasida inv. № 374/4 (hajmi: 30b-38a), Istanbul shahridagi Sulaymoniya kutubxonasining Asad Afandi kolleksiyasida inv. № 3547 (hajmi: 1-4 varaq), Ayo Sofiya kolleksiyasida inv. № 000882 (hajmi: 120-122 varaq), Laleli kolleksiyasida inv. № 000255-006 (hajmi: 81-83 varaq), Raisul kuttab kolleksiyasida inv. № 001190 (Koʻchirilgan sana: 949/1542-y. hajmi: 24-26 varaq), Shahid Ali Posho kolleksiyasida inv. № 000333 (Xattot: Qosim ibn Muhammad. hajmi: 56-61 varaq), Hamidiya kolleksiyasida inv. № 001456 (Koʻchirilgan sana: 879/1474-y. hajmi: 235-240 varaq);
- Oʻzbekiston Respublikasidagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi manbalar xazinasida inv. № 428/IV (Koʻchirilgan sana: 994/1585-86-y. hajmi: 188a-192a varaq) va Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondida inv. № 4079 (hajmi: 111b-116b varaq), inv. № 4079/II (Koʻchirilgan sana: 998/1590-y. hajmi: 111a-116b varaq), inv. № 4876 (hajmi: 116b-123b varaq), inv. № 6591 (hajmi: 59b-63a varaq), inv. № 6767 (hajmi: 145b-149b varaq) va inv. № 7131 (hajmi: 225a-226b varaq);
- Hindiston Respublikasining Mavlono Abu Kalom Ozod arab va fors tadqiqotlar instituti kutubxonasida inv. № T/1987/5 (Koʻchirilgan davr: XIII/XIX asr. hajmi: 2 varaq), inv. № T/1987/6 (Koʻchirilgan davr: XIII/XIX asr. hajmi: 2 varaq) raqamlar ostida saqlanmoqda.
- Mazkur nusxalar turli zamonlarda, har xil joylarda, boshqa-boshqa xattotlar tomonidan koʻchirilgani bois ularning yozilishi va hajmi bir-biridan farq qiladi.
Markaz manbalar xazinasida saqlanayotgan qoʻlyozmaning kodikologik tahlili. Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi manbalar xazinasida № 428 raqam bilan saqlanayotgan qoʻlyozma majmua boʻlib, unda Shamsiddin Muhammad Jazariyning (1350-1429-y.) “Al-Hisnul hasin”, Abu Iso Muhammad Termiziyning (824-892-y.) “Ash-Shamoyilul Muhammadiya”, Muhiddin Navaviyning (1233-1277-y.) “Arbain”, Jaloliddin Suyutiyning “Lubobul hadis” va “Sulosiyotul Buxoriy” risolalari jamlangan.
Mazkur “Sulosiyotul Buxoriy” № 428/IV raqam ostida boʻlib, uning umumiy hajmi 269 varaqni, oʻlchami 15×9 sm.ni tashkil etadi. “Sulosiyotul Buxoriy” majmuaning 188a-192a varaqlaridan oʻrin olgan boʻlib, 5 varaqdan iborat. Asardagi matn oʻlchami 6×3.5 sm.ni tashkil etadi. Uning 188a varagʻida matn satrlari 6 qatorni, 188b varagʻida 12 qatorni, 189a – 191b varaqlarida 13 qatorni va 192a varagʻida 10 qatorni tashkil etadi. Asar Samarqand qogʻoziga qora siyoh bilan nasx xatida koʻchirilgan. Matn ichidagi hadislarning tartib raqami va zaruriy deb topilgan ayrim qaydlar qizil siyohda yozilgan. Hoshiyasida izoh va qaydlar ham mavjud. Asar nomi 188a va 188b varaqlarda “الْأَحَادِيثُ الثلاثِيَاتُ” (“Al-Ahodisus sulosiyot”) [3:188а-б] shaklida qayd etilgan. Asarning koʻchirilgan sanasi va xattot nomi koʻrsatilmagan. Lekin undan oldingi “Al-Hisnul hasin” asarining kolofon qismida 821/1418-yili jumodus soniy oyida koʻchirilgani qayd etilgan [4:87б]. Mazkur asarlar bir majmuada jamlangani va husnixati, xat turi, yozish uslubi, qogʻoz turining bir xilligidan kelib chiqib, “Sulosiyotul Buxoriy”ni ham shu sanada koʻchirilgan deb xulosa qilish mumkin. Kitob yaxshi saqlangan, muqovasi va tayakisi charmdan ishlangan boʻlib, chetlari biroz yemirilgan. Orqa muqovasi joyidan ajralgani bois taʼmirlangan.
Mazkur “Sulosiyotul Buxoriy”ning muqaddimasi Ibn Hajar Asqaloniyning (1372/1449-y.) muqaddimasidagi jumlalar bilan boshlangan. Ibn Hajar Asqaloniy “Jomiʼus sahih”ning eng mashhur sharhlaridan biri “Fathul Boriy”ning muallifidir. U zot qohiralik boʻlib, xalq orasida shofeiy mazhabining taniqli olimi, muhaddis va muarrix sifatida tanilgan. Ibn Hajar Asqaloniy “Fathul Boriy”dan tashqari “Ad-Durarul komina”, “Lisonul mezon”, “Al-Isoba fi tamyizis sahoba”, “Tahzibut Tahzib”, “Bulugʻul marom”, “Subulus salom” va “Nuzxatun nazar” kabi yuzga yaqin asarlar muallifidir [5:13]. U zot “Sulosiyotul Buxoriy”ni alohida ajratib olib, tartib bergan. Uning muqaddimasida kelgan quyidagi jumlalarni “Sulosiyotul Buxoriy”ning boshqa olimlar tomonidan tartiblangan baʼzi nusxalari va unga yozilgan ayrim sharhlarning muqaddimalarida ham keltirilganini koʻrish mumkin.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi manbalar xazinasida 428/IV raqam bilan saqlanayotgan nusxada ham keltirilgan.
بسم الله الرّحْمَنِ الرَّحِيمِ الْحَمْدُ لِلهِ رَبِّ الْعَالَمِينَ وَ الصَّلوةُ وَالسَّلامُ عَلَى خَيْرٍ خَلْفِهِ مُحَمَّدٍ وَ آلِهِ أَجْمَعِينَ وَ بَعْدُ فَهَذِهِ الْأَحَادِيثُ الثلاثِيَاتُ الَّتِي أَخْرَجَهَا الْإِمَامُ الْهُمَامُ أَحَدُ سَلَاطِينِ الإِسْلامِ أَبُو عَبْدِ اللهِ مُحَمَّدُ بْنُ إِسْمَاعِيلَ الْبُخَارِيُّ رَحِمَهُ اللهُ فِي جَامِعِهِ إِنْتَخَبْتُهَا مِنْهُ تَذْكِرَهُ لِبَعْضِ الْإِخْوَانِ وَ مِنَ اللهِ الْإِسْتِعَانَهُ وَ عَلَيْهِ التَّكَلانُ[3؛188а]
“Mehribon va Rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman). Olamlar Rabbi Allohga hamdlar boʻlsin. U yaratgan xalqning eng yaxshisi Muhammad alayhissalomga va ahli oilalariga salavot va salomlar boʻlsin. Amma baʼd, ushbu Al-Ahodisus sulosiyot – uch roviylik hadislarni buyuk imom, islom (ilmlari) sultonlarining biri Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy rahimahullohning oʻz toʻplamidan chiqargan (yozgan)lari boʻlib, men ularni ayrim doʻstlarga yodgorlik boʻlishi uchun ajratib oldim. Yordam Allohdandir! Zotan, U yordam soʻralguvchi Zotdir, suyanch Ungadir!”
Undan soʻng asar basmala, asar nomi va muallifning ismini qayd qilish bilan boshlangan:
بسم اللّهِ الرَّحمنِ الرَّحِيمِ
الْأَحَادِيثُ الثلاثِيَة للامام أَبي عَبْد الله مُحَمَّد بن إِسْمَاعِيل الْبُخَارِيُّ رَحِمَهُ اللهُ
(Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy rahimahullohning Al-Ahodisus sulosiyoti – uch roviylik hadislari).
Asarda quyidagi hadis birinchi keltirilgan:
الحديث الاوّلُ حدّثنا المَكيُّ بْن إبرَاهيم قال: حدَّثنَا يزيدُ بْن اَبي عُبَيْدٍ عَنْ سَلَمَةَ بن الاَكْوعَ رَضَىَأللَّه عنْهُ قال: سَمعتُ النَّبِي صَلى اللهُ عليْهِ وَ سَلم يَقُولُ: “مَنْ يَقُلْ عَليَّ ما لَمْ أَقُلْ فَلْيَتبوّءْ مَقْعَدَه مِنَ النَّارِ” اَخرجه فى كتاب العلم فىِ باب اِثم مَنْ كَذَبَ عَلَى النَّبِىَّ صَلى اللهُ عليْهِ وَ سَلم [3:188b ; 5;12].
“Bizga Makkiy ibn Ibrohim hadis aytdi. U: “Bizga Yazid ibn Abu Ubayd, Salama ibn Akvaʼ roziyallohu anhudan hadis aytdi”, dedi. Salama: “Nabiy sollallohu alayhi vasallamning: “Kimki men aytmagan narsani mening nomimdan aytsa, (oxiratda) oʻziga doʻzaxdan joy hozirlayversin”, deb aytayotganlarini eshitdim”, dedi”[1:28]. Imom Buxoriy ushbu hadisni “Jomiʼus sahih” hadis toʻplamida “Ilm kitobi”ning “Nabiy sollallohu alayhi vasallam nomidan yolgʻon aytgan kishining gunohi toʻgʻrisida”gi bobida keltirgan.
Shu oʻrinda mazkur hadisning roviylari haqida qisqacha toʻxtalib oʻtishni lozim topdik.
Makkiy ibn Ibrohim – taba tobein. Toʻliq ismi – Abu Sakan Makkiy ibn Ibrohim ibn Bashir ibn Firqad Tamimiy Hanzaliy Barjamiy (743-830-y.). U zot 17 yoshidan hadis ilmi bilan mashgʻul boʻlgan. Makkiy ibn Ibrohim Imom Buxoriyning ustozlari orasida eng yoshi ulugʻlaridan biri boʻlib, 17 tobeindan hadis tinglagan [2:22]. Imom Buxoriyning “Jomiʼus sahih” hadis toʻplamida kelgan Al-Ahodisus sulosiyot – uch roviylik hadislardan 11 tasi u zot tomonidan rivoyat qilingan [6:56].
Yazid ibn Abu Ubayd – tobein. Toʻliq ismi – Abu Xolid Yazid ibn Abu Ubayd Hijoziy Aslamiy (vaf. 147/764-y.). Salama roziyallohu anhuning qoʻlida tarbiya topib, u kishidan koʻplab hadislar rivoyat qilgan. Yazid ibn Abu Ubayd tobeinlarning oʻrta tabaqasidan boʻlgan. Imom Buxoriyning “Jomiʼus sahih” hadis toʻplamida kelgan Al-Ahodisus sulosiyot – uch roviylik hadislardan 17 tasi u zot tomonidan rivoyat qilingan.
Salama ibn Akvaʼ roziyallohu anhu – sahobiy. Toʻliq ismi – Salama ibn Akvaʼ Aslamiy (613-693). Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u zotni: “Mardlarimizning yaxshisi!” deb taʼriflaganlar. Salama ibn Akvaʼ roziyallohu anhu 77 ta hadis rivoyat qilgan. Imom Buxoriyning “Jomiʼus sahih” hadis toʻplamida kelgan Al-Ahodisus sulosiyot – uch roviylik hadislardan oʻntasi u zot tomonidan rivoyat qilingan [6:54].
Ibn Hajar Asqaloniy: “Imom Buxoriy rivoyat qilgan sulosiy hadislar orasida sahihlik darajasiga koʻra ushbu hadisga teng keladigani yoʻq”, deb keltirilgan hadis roviylari ishonchli va hadisning sahihlik darajasi yuqori ekanini eʼtirof etgan.
Xulosa. Imom Buxoriyning “Jomiʼus sahih” hadis toʻplamida kelgan “Al-Ahodisus sulosiyot” – “uch roviylik hadislar” sahihlik darajasiga koʻra eng oliy va ishonchli hadislar hisoblanadi. Buning asosiy sababi, ularning roviylar silsilasi (isnodi)ning qisqaligidadir. Roviylar soni qancha kam boʻlsa, hadisning oʻzgarishi yoki xato bilan yetkazilish ehtimoli kamayib, sahihlik darajasi yuqori boʻladi. “Sulosiyot” hadislarni oʻrganish Imom Buxoriyning hadislarni saralash va tanlash usullarini yanada yaxshiroq tushunishga yordam beradi. Shuning uchun uni oʻrganish, tadqiq etish va turli tillarga tarjima qilish tadqiqotchilar oldida turgan muhim vazifa hisoblanadi.
Takliflar. Asar tarjimalari (oʻzbek va boshqa tillar)dagi farqlar va ularning sabablarini tahlil qilish;
Asar sharhlaridagi izohlar, tahlillar va xulosalarni oʻrganish;
Asardagi hadislarning boshqa hadislar va Qurʼon oyatlari bilan bogʻliqligini oʻrganish.
-
Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy. Sahihul Buxoriy, – T.: Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” DIN. 2008. Ilm kitobi, 39-bob. 109-hadis.
-
Ali ibn Hijoziy ibn Muhammad Bayyumiy. “Sahihul Buxoriy”dagi uch roviyli oliy sanadli hadislar. Tarjima va izohlar mualliflari: Shukurillo Umarov, Nodir Qobilov. –T.: 2022.
-
Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy. Sulosiyotul Buxoriy. Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi qoʻlyozmalar fondi, (Qoʻlyozma) №428/IV.
-
Shamsiddin Muhammad Jazariy “Al-Hisnul hasin” Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi qoʻlyozmalar fondi, (Qoʻlyozma) №428/I.
-
Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy. Sahihul Buxoriy. – Ar-Riyod. 1429/2008. 3-Ilm kitobi, 38-bob. 109-hadis.
-
Muhammad ibn Ismoil Buxoriy. Sulosiyotul Buxoriy. (Tadqiqot, tarjima va sharh muallifi: Hamidulla Aminov) –T.: Irfonnashr, 2021.
-
Said Azim Muhammad Ali. Imom Buxoriy taʼrifi. –T.: Choʻlpon nashriyoti. 1996.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





