Home / FOTO LAVHALAR / Imom Buxoriy fenomeni – xalqaro ilmiy muhokamalar markazida

Imom Buxoriy fenomeni – xalqaro ilmiy muhokamalar markazida

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida mahalliy va xorijiy buxoriyshunos olimlar, tadqiqotchilar va yetakchi ilmiy-taʼlim muassasalari vakillari ishtirokida “Imom Buxoriy – muhaddislar sultoni” mavzusida VIII anʼanaviy xalqaro anjuman oʻtkazildi.

Forum avvalida ishtirokchilar Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi. Tabarruk anʼanaga muvofiq, dastlab buyuk muhaddisning shoh asari — “Al-Jomiʼ as-sahih”dan birinchi va oxirgi hadislar oʻqildi. Soʻng Qurʼoni karimdan oyatlar tilovat qilinib, xalqimizga tinchlik-omonlik, yurtimizga qut-baraka va ilm ahliga kuch-gʻayrat tilab, duolar qilindi.

Tadbir Turkiyadagi Hadis tarixi jamiyati, Dijla universiteti, Iroqdagi Mavsul akademiyasi, Tataristondagi Bulgʻor islom akademiyasi (Rossiya), shuningdek, Toshkent islom instituti, Hadis ilmi maktabi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi hamkorligida gibrid (oflayn va onlayn) formatda tashkil etildi.

Anjuman ochilishida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov hamda Hadis ilmi maktabi rektori Barot Amonov buyuk muhaddis qoldirgan boy ilmiy va soʻnmas maʼnaviy merosni oʻrganish va xalqaro miqyosda keng ommalashtirishda muassasalararo hamkorlikning oʻrni va ahamiyati haqida soʻzladi.

Ilmiy muhokamalar asosan Imom Buxoriyning islom sivilizatsiyasida tutgan oʻrni, hadis ilmi anʼanalarining shakllanishi va taraqqiy topishidagi beqiyos xizmatlari hamda hadisshunoslikning “Al-Jomiʼ as-sahih” asaridagi metodologik asoslari atrofida kechdi. Muloqotlarda shoh asarning “Kitobul ilm” (Ilm kitobi) boʻlimi tahlili, xatm manbalari va u bilan bogʻliq anʼanalar, shuningdek, allomaning favqulodda fenomenal xotirasi va ilmiy salohiyatiga doir tadqiqot natijalari koʻrib chiqildi. Bundan tashqari, Yangi Oʻzbekistonda Imom Buxoriy merosini asrab-avaylash, tadqiq va targʻib etishga qaratilayotgan davlat eʼtibori eʼtirof etildi.

Muhokamalar jarayonida mutaxassis va tadqiqotchilar jamoatchilik eʼtiboriga molik bir qator muhim va teran mulohazalarni ilgari surdi. Xususan, hadislarni saralashda Imom Buxoriy qoʻllagan oʻta talabchan va aniq meʼyorlar shunchaki oʻtmishga oid akademik qoidalar boʻlmay, bugungi axborot xuruji va soxta daʼvolar koʻpaygan zamonda axborotni toʻgʻri saralash va manbaning ishonchliligini tekshirishda bebaho dasturulamal ekani taʼkidlandi.

Shuningdek, “Sahihul Buxoriy”ning aynan “Kitobul ilm” (Ilm kitobi) boʻlimiga alohida eʼtibor qaratilgani bejiz emasligi, alloma oʻz asarida hadislardan oldin ilm olish va uning jamiyat taraqqiyotidagi oʻrnini birinchi oʻringa qoʻygani manbashunoslik nuqtayi nazaridan yuksak ahamiyatga egaligi qayd etildi. Bunday yondashuv Imom Buxoriyning tengsiz xotirasi va manbalarni tekshirish masalasiga oʻta masʼuliyatli munosabati bilan chuqur uygʻunlashib, bugungi tadqiqotchilar uchun tizimli ilmiy intizomning yorqin namunasini namoyon etadi.

Alloma asarlarini, unga sharh yozish anʼanalarini akademik yondashuv asosida ommabop tarzda turli tillarga oʻgirib, jamiyatlarga taqdim etish orqali islom tafakkurining asl maʼrifiy va insonparvarlik mohiyatini butun dunyoga toʻgʻri yetkazish mumkinligi alohida eʼtirof etildi.

Tadbir yakunida bu mavzuga taalluqli yoʻnalishlarda xalqaro ilmiy aloqalarni yanada mustahkamlash, manbashunoslik sohasidagi qoʻshma tadqiqotlarni kengaytirish va buxoriyshunoslik boʻyicha yangi loyihalarni izchil davom ettirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Turkiyalik doktorant Imom Buxoriy hayotining eng soʻnggi davrini oʻrganmoqchi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga alloma nomidagi xalqaro stipendiya dasturi doirasida navbatdagi xorijlik tadqiqotchi – …