Home / FOTO LAVHALAR / Imom Saraxsiy merosiga bagʻishlandi

Imom Saraxsiy merosiga bagʻishlandi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida «Markaziy Osiyo hanafiylik maktabi shakllanishida Imom Saraxsiyning oʻrni» mavzusida xalqaro onlayn seminar boʻlib oʻtdi.

Unda Qirgʻiziston-Turkiya Manas universiteti Ilohiyot fakulteti Islomshunoslik kafedrasi mudiri, dotsent doktor Ayitmamat Kariyev Zoom platformasi orqali maʼruza qildi.

Olim islom huquqi tarixida hanafiylik mazhabining shakllanish bosqichlari, bu huquqiy maktabning Markaziy Osiyoda rivojlanish jarayonlari va Buxoroning hanafiylik ilm-fani markazi sifatidagi oʻrni haqida soʻzladi. Shuningdek, Imom Abu Hanifa ilmiy merosining mintaqadagi davomchilari, Buxoro, Samarqand, Xorazm, Oʻzgan kabi ilm markazlari namoyandalarining fiqh ilmi taraqqiyotiga qoʻshgan hissasi haqida maʼlumot berdi.

Maʼruzaning asosiy qismida buyuk faqih Imom Saraxsiy hayoti va ilmiy merosi tahlil qilinib, uning qalamiga mansub «Al-Mabsut», «Usulus Saraxsiy», «Sharhus Siyaril kabir» kabi asarlarning hanafiy huquqshunosligi rivojidagi ahamiyati ochib berildi. Shu bilan birga, olimning fiqhiy masalalar yechimida mahalliy urf-odatlarni inobatga olish tamoyili, Markaziy Osiyo xalqlarining diniy-huquqiy tafakkurini shakllantirishdagi oʻrni hamda turkiy islomiy ilmiy anʼanalarning rivojiga qoʻshgan hissasi haqida ilmiy mulohazalar bildirildi.

Seminar davomida Imom Saraxsiyning ilmiy merosini oʻrganish, uning fiqhiy qarashlarini zamonaviy tadqiqotlar nuqtayi nazaridan tahlil qilish va Markaziy Osiyo hanafiylik maktabining oʻziga xos xususiyatlarini chuqur tadqiq etish yuzasidan fikr almashildi.

Ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi va bu yoʻnalishda ilmiy hamkorlikni yanada kengaytirish boʻyicha takliflar bildirdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Raqamli makonda diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlik masalalari muhokama markazida boʻldi

Poytaxtimizda “Raqamli dunyoda diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlik barqarorligining dolzarb masalalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya …